Talato‘p ichida qolgan dunyo. 2021 yil jahon sahnasida nimalar bo‘ldi?
Bu qiziq
−
30 dekabr 2021
7024Vaqt qum zarrasiga o‘xshaydi. Uni qancha qo‘lda tutishga harakat qilsangiz, barmoqlarning orasidan tushib ketaveradi. “Vaqt oqar daryo” deyishadi. Mana hash-pash deguncha, 2021 yil ham o‘z nihoyasiga yetmoqda. O‘tib borayotgan yilda dunyo sahnasida ko‘plab voqealar yuz berdi. Xususan, Polsha-Belarus chegarasidagi muhojirlar muammosi, Isroil va Falastin mojarosi, Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasidagi otishmalar, Prezidenti Ashraf G‘anining qochishi fonida Tolibonning hokimiyat tepasiga kelishi va shunga o‘xshash hodisalar. Bu voqealar dunyo afkor axborot ommasining e’tiborini o‘ziga qaratdi. Bugungi maqolamizda, 2021 yilda bo‘lgan eng muhim voqea va hodisalarni sanab o‘tamiz.
Demokratiyaga hujum
2021 yil 6 yanvar kuni AQSHning amaldagi Prezidenti Donald Tramp tarafdorlari Kapitoliy binosiga bostirib kirdi. Bu voqea nafaqat 2021 yil, balki dunyo tarixida muhim hodisa sifatida o‘rin oldi.
Kongressda Senat va Vakillar palatasining qo‘shma majlisi o‘tayotgan bo‘lib, unda 2020 yilgi prezidentlik saylovning natijalari rasman tasdiqlanayotgan edi. Tramp tarafdorlari xavfsizlik xizmatchilarini yorib o‘tib, Kongress binosini bir necha soat davomida egallab turishdi.
Ommaviy axborot vositalari va siyosatchilarning bayonotlariga ko‘ra, tartibsizliklar Trampning voqea oldidan mitingda aytgan izohlari bilan boshlangan. Hujum oqibatida, saylangan Prezident Jozef Baydenning saylovdagi g‘alabasini rasmiylashtirish uchun yig‘ilgan Kongressning qo‘shma majlisi to‘xtatildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, tartibsizliklarni bostirish jarayonida to‘rt nafar inson halok bo‘lgan. 60 dan oshiq politsiya xodimi jarohat olgan. 68 nafar namoyishchi qamoqqa olingan.
Navalniy va Putin mojarosi
Navalniyning YouTube platformasida “Putin uchun saroy” nomli surishtiruv filmi e’lon qilindi. Filmda Gelenjik yaqinida, Qora dengiz sohilida joylashgan, umumiy 17 691 metr kvadrat maydonni egallagan saroy Putin nomi bilan bog‘langan.
Shundan so‘ng, film muallifi va rossiyalik muxolif siyosatchi Aleksey Navalniy 17 yanvar kuni Germaniyadan Vataniga qaytdi. Ammo Moskvaga kelishi bilan hibsga olindi.
Ahamiyatli tomoni shuki, Navalniy chiqqan "Pobeda" reysi Moskvaning Vnukovo aeportiga qo‘nishi kerak edi. Bu yerda uni tarafdorlari va jurnalistlar kutib turgandi. Biroq samolyot yo‘nalishi o‘zgartirib yuborildi va uchoq Sheremetevoga qo‘ndi.
Muxolifatchi “Iv Roshe” jinoyat ishi doirasida hibsga olingan. Ammo qo‘lga olish vaqtida unga buning sababi tushuntirilmagan hamda turmush o‘rtog‘i va advokatiga birga borishga ruxsat berilmagan.
FSIN matbuot xizmatida Navalniy sinov muddatini ko‘p marta buzgani uchun 2020 yil 29 dekabrdan beri qidiruvda bo‘lgani aytilgan.
Aleksey Navalniy 2020 yilning avgust oyida zaharlanganidan so‘ng Germaniyaga olib ketilgan va “Sharite” klinikasida davolangan edi.
18 yanvar kuni Aleksey Navalniyni 30 sutkaga 15 fevralgacha qamoqqa olish haqida qaror chiqardi.
23 yanvar kuni Rossiya Federatsiyasining bir qancha hududlarida muxolifat Aleksey Navalniyning tarafdorlari norozilik namoyishlarini boshladi. Oqibatda, ayrim hududlarda huquni muhofaza qiluvchi organ va miting ishtirokchilari o‘rtasida to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari Moskvada muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniyning rafiqasi Yuliani hibsga olgan.
2 fevral kuni Moskva shahar sudi Federal jazoni ijro etish xizmatining iltimosiga binoan, Aleksey Navalniyni “Iv Roshe” ishi bo‘yicha 3,5 yillik shartli jazoni haqiqiy jazo bilan almashtirdi.Unga ko‘ra, Navalniy 3,5 yillik muddatning 2,5 yilini koloniyada o‘tkazadi.
24 mart kuni Navalniyning rafiqasi Yuliya Navalnaya yana Rossiyani tark etdi va Germaniyaga ketdi.
Qirolicha Yelizaveta II beva qoldi
9 aprel kuni Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Qirolichasi Yelizaveta II ning eri, Edinburg gersogi Filipp 99 yoshida vafot etdi.
Filipp 99 yoshda edi, uning yuz yoshga to‘lishiga taxminan ikki oy qolgandi.
Joriy yilning fevral oyida gersog Filipp tobi qochgani tufayli shifoxonaga yotqizilgandi. Shundan so‘ng u mart oyida yurak xuruji bilan bog‘liq operatsiyani boshdan o‘tkazib, qo‘shimcha davolanish uchun bir muddat shifoxonada qoldi.
Qirollik oilasi shifokori hujjatlarda 99 yoshli shahzoda Filipp keksayib vafot etganini ko‘rsatgan.
Shahzoda Filipp Vindzor qal’asidagi Avliyo Georgiy ibodatxonasida dafn etildi.Edinburg gersogi uning dafn marosimi atrofida “shov-shuv” bo‘lishini istamagandi va koronavirus pandemiyasi uning xohishini to‘liq bajarishga imkon berdi.Dafn marosimida antiqa qoidalarga binoan marhumning atigi 30 nafar yaqin qarindoshi qatnashgan.
Ma’lum qilinishicha, gersog Avliyo Georgiy ibodatxonasiga vaqtinchalik dafn etilgan. Qayd etilishicha, Qirolicha Yelizaveta II vafot etganidan so‘ng, shahzoda Filippning qabri qirolichaning ota-onasi – Qirol Jorj VI va Qirolicha Yelizaveta hamda uning kichik singlisi malika Margaret qabrlari yoniga ko‘chiriladi.
Qirg‘iz-tojik urushi
2021 yil 28 aprel kuni Qirg‘izistonning Botken viloyatidagi Tojikiston bilan chegara hududida qirg‘iz va tojik fuqarolari o‘rtasida ziddiyat kelib chiqdi. Mojaro Tojikistonning Xo‘ja A’lo qishlog‘i va Qirg‘izistonning Ko‘k-Tosh qishlog‘i yaqinidagi Isfara daryosining yuqori oqimida joylashgan “Golovnoy” suv taqsimlash punkti atrofida boshlandi.
2021 yil 28 aprel kuni Tojikiston tomoni vakillari suv olish joyidagi elektr uzatish ustuniga suv taqsimotini kuzatish imkonini beruvchi videokuzatuv kameralarini o‘rnatishga harakat qilgan. Ikki tomondan odamlar to‘planishi natijasida o‘rtada janjal yuzaga keldi. Tojik va Qirg‘iz aholisi bir-birlariga tosh otishni boshladi. Fuqarolar o‘rtasida kelib chiqqan mojaro tez fursatda ikki davlat o‘rtasida qisqa to‘qnashuvni keltirib chiqardi.
29 aprel kuni soat 17:00 atrofida tojik harbiylari Qirg‘izistonning Qapchig‘ay, Min-Buloq, Do‘stuk, Qo‘jo‘gar va Buloq-Bashi chegara postlariga qarata o‘t ochgan. Hujum natijasida Qirg‘iziston chegarasining “Do‘stuk” posti binosi yonib ketgan. Bunga javoban Qirg‘iziston chegara xizmatining “Boru” maxsus tezkor guruhi Tojikistonning “Xo‘ja A’lo” chegara postini qo‘lga olgan. Shundan so‘ng, ikki davlat chegarasida qizg‘in otishmalar boshlanib ketgan.
1 may kuni ikki davlat delegatsiya rahbarlari o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish va qo‘shinlarni chegaradan uzoqlashtirishga kelishib oldi.
Qirg‘iz-tojik urushi uch kun davom etdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, otishmalar natijasida jami 36 kishi halok bo‘lgan, 190 nafar inson jarohatlangan. Halok bo‘lgan va yaralanganlarning katta qismi tinch aholi vakillari edi.
2021 yilning sentyabr oyida tojik-qirg‘iz chegarasida maktab o‘quvchilari o‘rtasida ommaviy mushtlashuv sodir bo‘ldi. Bundan tashqari, 25 dekabr kuni Qirg‘izistonning Damba va Maqsat qishloqlari qarshisidagi chegara yaqinida tojik harbiylarining tirbandligi qayd etilgan va ular chegara postlaridan biriga minomyot o‘rnatgan.
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, Tojikiston bilan umumiy chegara 972 km, shundan 519 km kelishilgan, 375 km esa bahsli hisoblanadi.
Falastin-Isroil mojarosi
2021 yil 7 may – Ramazon oyining oxirgi juma kuni. Quddusdagi Al-Aqso masjidi atrofida tartibsizliklar boshlandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil sudining Shayx Jarroh mahallasida yashovchi arab oilalarini ko‘chirish to‘g‘risidagi qarori odamlarni g‘azablantirgan. Chunki bu yerlarga yahudiylar da’vo qilib keladi. Shundan so‘ng, Al-Aqso masjidi oldida norozilik boshlanib ketgan. Politsiya namoyishchilarni tarqatib yuborishga harakat qilganida, olomon Isroil politsiya xodimlariga qarata tosh va shisha idishlarni uloqtira boshladi. Politsiya bu holatda namoyishchilarni rezina o‘qlar va karaxt qiluvchi granatalar bilan to‘xtatishga harakat qilgan. To‘qnashuv oqibatida, 163 nafar falastinlik musulmon va 6 nafar isroillik politsiya xodimi jarohat olgan.
Shundan so‘ng, Falastinning HAMAS harakati Isroilni ogohlantirib, Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidi va Shayx Jarroh mahallasidan askarlarni olib chiqib ketish uchun 8 may kuni soat 18:00 gacha muddat qo‘ygan.
Shart bajarilmagach, 10 may kuni HAMAS harakati Isroilning bir qator shaharlarini 45 ta raketa bilan o‘qqa tutdi. Biroq Isroilning havo hujumiga qarshi “Temir gumbaz” mudofaa tizimi ushbu 45 raketaning katta qismini osmonning o‘zida zararsizlantirdi. Ba’zilari esa aholi yashash punktiga tushgan. Shundan so‘ng, Isroil-Falastin mojarosi qayta alanga oldi.
Isroil bunga javoban HAMAS harakati joylashgan G‘azo sektoriga raketa hujumi uyushtirdi. Oqibatda esa 22 falastinlik musulmon, shu jumladan 9 bola halok bo‘ldi. G‘azablangan HAMAS Isroilga 350 ta raketa bilan javob qaytardi.
Isroil politsiyasining qarshiligiga qaramasdan 13 may kuni 100 mingdan ziyod musulmon Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidida Hayit namozini o‘qidi.
Xalqaro hamjamiyat Quddusdagi voqealarga tezda munosabat bildirdi. BMT Xavfsizlik Kengashi 10 may kuni Falastindagi mojarolarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi, ammo yakunda hech qanday bayonot qabul qilinmadi. Lekin bir qator musulmon davlatlar umumiy ravishda Isroil xalqaro huquq normalarini buzayotganini aytib, norozilik bildirdi. Ularning orasida Turkiya, Eron, Iordaniya, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Misr, Qatar, Bahrayn va BAA bor edi.
11 may kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an qator musulmon davlatlar rahbarlari bilan Isroilning zo‘ravonliklarini muhokama qildi.
20 may kuni Isroil xavfsizlik kabineti a’zolari G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish uchun ovoz berdi. Ma’lumotlar ko‘ra, raketa hujumlari natijasida halok bo‘lganlar soni 261 kishi, jarohat olganlar esa 1000 nafarni tashkil etadi.
Prezidenti Ashraf G‘anining qochishi
2021 yil may oyidan boshlab AQSH va NATO o‘z kuchlarini Afg‘onistondan olib chiqishni boshladi. Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” faollashib, o‘zining siyosiy ambitsiyalarini amalga oshirish yo‘lidan bordi va birin-ketin mamlakat tumanlarini o‘z nazoratiga ola boshladi.
Iyul oyining o‘rtalariga kelganda, “Tolibon” Afg‘onistonning 50 dan ortiq tumanini egalladi. “Tolibon” 14 avgust kuni poytaxt Qobulni o‘rab oldi. 15 avgust kuni Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani rasman iste’foga chiqib, mamlakatdan qochib ketdi. Shu kuni Qobul toliblar tomonidan egallandi.
Shu tariqa, Afg‘oniston Islom Respublikasi ag‘darildi. Shundan so‘ng, mamlakatda tartibsizliklar boshlandi. Minglab afg‘on fuqarolari samolyotga osilib, mamlakatni tark etishga harakat qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 15 avgust kuni 158 nafar afg‘on fuqarolari va qurollangan harbiy xizmatchilar Amudaryo orqali O‘zbekiston chegarasidan qonunga xilof ravishda Termiz tumani hududiga o‘tgan.
Polsha-Belarus chegarasidagi mojaro
2020 yil 9 avgust kuni Belarusda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi. Belarus Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, Aleksandr Lukashenko 80,08 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi. Uning asosiy raqobatchisi bo‘lgan Svetlana Tixanovskaya 10,12 foiz ovoz to‘pladi. Muxolifat natijalarni soxtalashtirilgan deb e’lon qildi va Minsk va mamlakatning boshqa shaharlarida ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi. Yevropa Ittifoqi mamlakatlari muxolifatini qo‘llab-quvvatladi. Natijada Yevropa Ittifoqi va Belarus hukumati o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashdi. Yevropa Ittifoqi va AQSH Belarusga qarshi sanksiyalar joriy qildi. Bunga javoban 2021 yil kuz oylarida Aleksandr Lukashenko mingratlarga Yevropa Ittifoqiga o‘tish uchun ruxsat berdi.
2021 yilning noyabr oyida Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika davlatlaridan kelib, Belarusda bo‘lib turgan bir necha ming noqonuniy muhojirlar, jumladan ayollar va bolalar Polsha chegarasi yaqinida to‘plandi. Internetda migrantlar chegaraga o‘rnatilgan to‘siqni buzib, tikanli simni kesishga urinayotgani aks etgan videolar tarqaldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 30 mingdan ortiq odam noqonuniy ravishda Belarus orqali Polshaga kirishga uringan. Bunga javoban Polsha xavfsizlik kuchlari ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz sepgan. Polsha Prezidenti chegaradagi vaziyatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri Belarusni aybladi.
2 dekabr kuni Yevropa Ittifoqi kengashi chegaradagi migratsiya inqirozi munosabati bilan Belarusga qarshi sanksiyalarning beshinchi paketini tasdiqladi.
Yevrokomissiya ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan beri deyarli sakkiz ming muhojir Belarus orqali Yevropa Ittifoqiga ko‘chib o‘tgan. Ulardan 4300 tasi Litvaga, 3200 tasi Polshaga va 400 dan ortig‘i Latviyaga kirgan.
Xayr, Germaniya onasi!
2021 yilda Germaniya siyosiy doirasida katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Yevropaning eng boy davlatini 16 yil davomida boshqarib kelgan Germaniyaning birinchi ayol kansleri Angela Merkel o‘z xohishiga ko‘ra iste’foga chiqdi. Bu o‘zgarish nafaqat nemis xalqini, balki butun dunyoda adolat, korrupsiyaga qarshi kurash, so‘z va matbuot erkinligi, inson huquqlari, qonuniylikni ta’minlash xayrixohlarini hayratga soldi.
Oktyabr oyida o‘tkazilgan saylov natijalariga ko‘ra, bir vaqtlar vitse-kansler va Moliya vaziri bo‘lgan Olaf Shols Germaniyaning yangi kansleri bo‘ldi.
3 dekabr kuni Angela Merkelni hukumat rahbarligidan kuzatishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Shu tariqa Germaniyani 2005 yildan beri boshqarib kelgan ilk ayol kansler iste’foga chiqdi.
O‘tgan 12 oy davomida jahonda shunday muhim voqea va hodisalar yuz berdi.
LiveBarchasi