Tojik-qirg‘iz mojarosi: Dushanbe va Bishkek o‘t ochishni to‘liq to‘xtatishga kelishdi
Olam
−
01 may 2021
7157Bugun, 1 may kuni Qirg‘izistonning Botken viloyatida ikki davlat delegatsiya rahbarlari o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish va qo‘shinlarni chegaradan uzoqlashtirishga kelishib oldi.
Ma’lum bo‘lishicha, Qirg‘iziston delegatsiyasiga Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Toshiyev, Tojikiston delegatsiyasiga Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Saymo‘min Yatimov rahbarlik qilgan.
Muzokaralar davomida tomonlar mavjud vaziyatni va qirg‘iz-tojik davlat chegarasidagi ziddiyatni hal qilish bo‘yicha keyingi harakatlarni muhokama qilgan.
Toshiyev va Yatimov o‘zaro kelishib olgani va barcha masalalar bo‘yicha bir to‘xtamga kelganini ma’lum qilgan. Endi chegarada tinchlik o‘rnatilishi kerak. Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tegishli bayonnoma imzolangan.
Bugun, 1 may kuni Qirg‘iziston va Tojikiston Prezidentlari Sadir Japarov hamda Imomali Rahmon o‘rtasida bir sutka ichidagi ikkinchi telefon orqali suhbat bo‘lib o‘tdi.
Unda ikki davlat rahbarlari o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvlarga rioya qilish va harbiylarni doimiy joylashish zonalariga qaytarish masalalariga e’tibor qaratgan.
Avvalroq, 30 aprel kuni Japarov va Rahmon telefon orqali suhbatda may oyining ikkinchi yarmida Dushanbeda yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazishga kelishib olgan edi.
Qirg‘iz-tojik chegarasidagi mojaro
Joriy yilning 17 aprel kuni Tojikiston va Qirg‘izistonning chegaradosh qishloqlari aholisi o‘rtasida janjal yuz berdi. Bunga Qirg‘iziston tomoni Tojikiston bilan kelishmasdan ikki davlat uchun umumiy bo‘lgan asosiy suv taqsimlash inshooti – “Golovnaya” oldida ko‘prik qurish harakatini boshlagani sabab bo‘ldi.
Shundan so‘ng, Tojikiston tomoni “Golovnaya” suv taqsimlash punkti yonidagi elektr ustuniga videokameralar o‘rnatishni boshlagan. Bundan norozi bo‘lgan qirg‘izlar kameralarni olib tashlashni so‘ragan. Shu bilan 28 aprel kuni ikki tomon o‘rtasida dastlab, og‘zaki haqorat va aytishuvlar so‘ngra, bir-biriga tosh otish boshlangan.
Keyinchalik mojaroga ikki tomon chegara qo‘shinlarining aralashuvi oqibatida toshbo‘ron otishmaga aylanib ketdi. Vaziyatning keskinlashishi ortidan ikki mamlakat chegara tomon qo‘shimcha harbiy bo‘linmalar yubordi.
Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov 29 aprel kuni Qirg‘iziston hukumati a’zolari bilan Botken viloyatidagi davlat chegarasining qirg‘iz-tojik qismidagi vaziyat bo‘yicha tezkor yig‘ilish o‘tkazdi. Bishkekda esa botkenliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun namoyish boshlandi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston ikki qo‘shni respublika chegarasidagi mojaroga munosabat bildirib, tomonlarni to‘qnashuvlarni darhol tugatish, vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha qo‘shma choralarni ko‘rish va ziddiyatlarning yanada oshishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga chaqirdi.
29 aprel kunining birinchi qismida boshlangan ikki o‘rtadagi otishma tomonlarning sa’y-harakatlari bilan kunning oxirida to‘xtatildi.
Biroq, 29 aprel kuni tuzilgan o‘q uzishni to‘xtatish to‘g‘risidagi sulh uzoqqa bormadi. Ertasi kuni, ya’ni 30 aprelda yana harbiy harakatlar boshlangani haqida xabarlar paydo bo‘la boshladi.
LiveBarchasi