Bishkekdagi “podium”: birinchi xonimlar qanday liboslarda ko‘rinish berdi?

Olam

image

Qirg‘izistonning Bishkek shahri so‘nggi kunlarda nafaqat siyosiy muzokaralar, balki nafis obrazlar bilan ham e’tibor markazida bo‘ldi. SHHT sammiti doirasidagi tadbirlarda ishtirok etgan birinchi xonmlarning liboslari turli mamlakatlarning milliy uslubi, zamonaviy moda va rasmiy uslub uyg‘unligini namoyish etdi.

Joriy yilning 31 avgust kuni Bishkekda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va birinchi xonim Oygul Japarova dastlab Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin va uning rafiqasi, Xitoyning birinchi xonimi Pen Liyuanni kutib olgan.

Xitoycha klassika

Xitoyning birinchi xonimi Pen Liyuan tashrif uchun yergacha tushadigan ko‘k rangli ko‘ylakni tanlagan. Libos dizaynida an’anaviy xitoy qipao kiyimining elementlari yaqqol ko‘zga tashlanadi. To‘g‘ri bichim unga nafis va vazmin ko‘rinish bergan.

Pen Liyuan mashhur xalq qo‘shiqchisi bo‘lgan va Xitoy televideniyesining asosiy Yangi yil konsertlarida muntazam ishtirok etgan. U ko‘p yillar davomida harbiy ansambl tarkibida ham faoliyat yuritgan. Xalq qo‘shiqlari yo‘nalishida magistr darajasini olgan Xitoydagi ilk ijrochilardan biri sifatida Pen Liyuan ko‘plab qo‘shiq tanlovlarida mukofotlarga sazovor bo‘lgan.

U, ayniqsa, qizlar va ayollar ta’limi masalalariga katta e’tibor qaratadi. 2014 yilda UNESCO uni qizlar va ayollar ta’limini rivojlantirish bo‘yicha maxsus elchi etib tayinlagan.

Xorijiy safarlari davomida Pen Liyuan ko‘plab ta’lim muassasalari va bolalar shifoxonalariga tashrif buyurgan. U, shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining sil kasalligi va OIV/OITSga qarshi kurash bo‘yicha ezgu niyat elchisi hisoblanadi.

Pen Liyuanning o‘ziga xos uslubi bor. U an’anaviy xitoy silueti, zamonaviy moda va puxta o‘ylangan diplomatik garderobni uyg‘unlashtiradi. U ko‘pincha an’anaviy xitoy kiyimlarining zamonaviy va vazmin talqinlarini tanlaydi. Bular orasida tik yoqali ko‘ylaklar, xitoycha tugmachali jaketlar, an’anaviy naqshlar, kashtalar, simmetrik detallar hamda xitoycha bezaklardan foydalanilgan matolar bor.

Sharqona nafislik

31 avgust kuni Bishkekka tashrif buyurgan O‘zbekistonning Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva naqshli ko‘ylak va kamarli to‘q rangli pidjakda ko‘rinish bergan. Past poshnali tufli uning klassik obrazini yanada to‘ldirgan.

Prezidentlarning turmush o‘rtoqlari qirg‘iz xalq amaliy bezak san’ati ustalarining asarlari ko‘rgazmasi bilan tanishgan “Ala-Archa“ davlat qarorgohida Mirziyoyeva nafis och pushti rangdagi yubka va jaketdan iborat to‘plamda ko‘rinish bergan.

Ziroat Mirziyoyeva mutaxassisligi bo‘yicha muhandis-iqtisodchi. U 2020 yildan buyon xalqaro jamoat fondi – “Zamin“ vasiylik kengashiga rahbarlik qiladi. Fond faoliyati uch yo‘nalish – atrof-muhitni muhofaza qilish, ijtimoiy soha va xayriya ishlarini qamrab oladi.

2025 yilda Ziroat Mirziyoyeva onkologiya sohasidagi eng nufuzli 100 nafar ayol ro‘yxatiga kiritilgan.

Mutaxassislar uning bolalarda onkologik kasalliklarni erta aniqlash va davolash bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surish, bolalar onkologiyasi sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda og‘ir kasalliklarga chalingan bolalarning yashab qolish ko‘rsatkichlarini oshirishga qaratilgan global harakatni qo‘llab-quvvatlashdagi hissasini qayd etgan.

Rasmiy va xalqaro tadbirlarda Ziroat Mirziyoyevaning uslubi vazmin va nafisligi bilan ajralib turadi. U an’anaviy o‘zbekona unsurlarni zamonaviy klassika bilan uyg‘unlashtiradi.

Yevropa klassikasi

Ozarbayjonning birinchi xonimi Mehribon Aliyeva postsovet hududidagi eng ko‘zga ko‘ringan birinchi xonmlardan biri hisoblanadi. U “Manas” aeroportiga yengil yaltiroq matodan tikilgan, yenglari kengayib boruvchi qora bluzka va oq shimda yetib kelgan. Bu parvoz uchun zamonaviy “smart-casual” uslubidagi obraz bo‘lgan. To‘q rangli ko‘zoynak va silliq turmak uning qiyofasiga jiddiylik bag‘ishlagan.

Ko‘chmanchilar o‘yinlarining ochilish marosimida Mehribon Aliyeva och rangli, to‘g‘ri bichimli, uzun yengli va baland yoqali maksi-ko‘ylakda ko‘rinish bergan. Kumushrang sumka esa obrazga yorqin aksent bo‘lgan.

Mutaxassisligi bo‘yicha Mehribon Aliyeva oftalmolog-shifokor. U 2004 yildan buyon ijtimoiy, ta’lim, madaniy va gumanitar loyihalar bilan shug‘ullanuvchi Haydar Aliyev jamg‘armasiga rahbarlik qiladi. U o‘n yil davomida Milliy Majlis deputati bo‘lgan. 2017 yil fevralida Ozarbayjonning birinchi vitse-prezidenti etib tayinlangan va hozir ham ushbu lavozimni egallab turibdi. 2022 yilgacha UNESCO’ning ezgu niyat elchisi sifatida faoliyat yuritgan.

Kiyim borasida u nafis vazminlik, sokin ranglar va aniq chiziqlarni afzal ko‘radi.

Qirg‘izcha etno-uslub

Oygul Japarovaning ommaviy qiyofasi Mehribon Aliyeva va Ziroat Mirziyoyevanikidan sezilarli darajada farq qiladi. U qirg‘iz milliy madaniyatiga ko‘proq urg‘u beradi, biroq uni zamonaviy diplomatik garderob bilan uyg‘unlashtirishga harakat qiladi. Milliy unsurlar uning ommaviy obrazining o‘ziga xos qismiga aylangan.



Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining ochilish marosimida Qirg‘izistonning birinchi xonimi uzun yengli, och rangli bluzka va naqshli, teksturali matodan tikilgan uzun yubkada bo‘lgan.

“Ala-Archa“ davlat qarorgohida esa Oygul Japarova mayda naqshli matodan tikilgan, uzun yengli va bo‘yin qismida yumshoq bantli midi-ko‘ylakda mehmonlarni kutib olgan.

Oygul Japarova I.Arabayev nomidagi Qirg‘iz davlat universitetining pedagogika fakultetini tamomlagan. U “Umut bulagi“ jamoat fondiga asos solgan. Fondning asosiy maqsadi onalar va bolalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘lgan. 2022 yilda ushbu fond yopilgach, u shu yo‘nalishdagi yangi “Ene-balaga tirek“ fondiga rahbarlik qilishda davom etgan.

Qirg‘izistonning birinchi xonimi jamoatchilik faoliyatida asosan ijtimoiy va gumanitar masalalar bilan shug‘ullanadi, prezidentning xorijiy safarlarida unga hamrohlik qiladi hamda ayollar, bolalar, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar vakillari bilan mustaqil uchrashuvlar o‘tkazadi.

Vazmin nafislik

Turkiyaning birinchi xonimi Emina Erdo‘g‘anning uslubi vazmin va konservativ. Uning garderobida yopiq bichimdagi kiyimlar – uzun ko‘ylaklar, yubkalar va paltolar, shuningdek, ro‘mol o‘rash uslubi ustunlik qiladi. Liboslari ko‘p qatlamli va keng bichimli bo‘lishi bilan ajralib turadi. Shu bilan birga, u kashta, brosh va taqinchoqlarni ham yaxshi ko‘radi.

“Ala-Archa“ davlat qarorgohiga tashrifi vaqtida Emina Erdo‘g‘an klassik obrazda bo‘lgan. Uning osmonrang choponidagi yoqa va kengayib boruvchi yenglarda an’anaviy uslubdagi kashtali naqshlar asosiy bezak vazifasini bajargan.

Turkiyaning birinchi xonimi Emina Erdo‘g‘an “Aksham” san’at maktabida tahsil olgan, biroq ochiq manbalarga ko‘ra, o‘qishini yakunlamagan. U asosan ijtimoiy, gumanitar, ekologik va madaniy loyihalar bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, turk madaniyati, an’anaviy hunarmandchilik va barqaror iste’mol g‘oyalarini faol targ‘ib qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston, Turkiya, Xitoy va Ozarbayjon birinchi xonimlari Qirg‘izistonning birinchi xonimi Oygul Japarova hamrohligida Bishkek shahrida tashkil etilgan noyob qo‘l mehnati mahsulotlari ko‘rgazmasiga tashrif buyurib, bolalar jamoalari ijrosidagi konsert dasturini tomosha qilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing