Tojik-qirg‘iz mojarosi: chegaraga harbiy texnikalar yuborildi (video)
Olam
−
29 aprel 2021
18737Qirg‘iziston Tojikiston bilan qurolli to‘qnashuvlar boshlangan chegara hududiga qo‘shimcha harbiy bo‘linmalarni yuboryapti. Ijtimoiy tarmoqlarda chegaraga yaqin yo‘llarda BTR va tanklar harakatlanayotgani aks etgan videolar tarqalmoqda.
Har ikki tomon hujumni qarshi tomon boshlaganini iddao qilmoqda.
Qirg‘iziston tomoni to‘qnashuvlarda hozirgacha 17 kishi jarohatlanib, bir kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Tojikiston tomoni 7 kishi yaralanganini ma’lum qildi.
Qirg‘iz-tojik chegarasidagi mojaro
Joriy yilning 17 aprel kuni Tojikiston va Qirg‘izistonning chegaradosh qishloqlari aholisi o‘rtasida janjal yuz berdi. Bunga Qirg‘iziston tomoni Tojikiston bilan kelishmasdan ikki davlat uchun umumiy bo‘lgan asosiy suv taqsimlash inshooti oldida ko‘prik qurish harkatini boshlagani sabab bo‘ldi.
Joriy yilning 28 aprel kuni Qirg‘izistonning Botken viloyatidagi Tojikiston bilan chegara hududida qirg‘iz va tojik fuqarolari o‘rtasida yana ziddiyat kelib chiqdi.
Ma’lum qilinishicha, mojaro tojik tomonining Oqsoy ovuli Ko‘k-Tosh qishlog‘idagi ustunlarga videokuzatuv kameralarini o‘rnatishga qaror qilganidan keyin boshlangan.
Keyinchalik, Qirg‘iziston Tojikistonni chegaradagi vaziyatni keskinlashtirayotganlikda aybladi.
Tojikiston Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Muzaffar Husaynzoda qirg‘izistonlik diplomatga Qirg‘iziston Chegara xizmati vakillarining mamlakatning voyaga etmagan ikki fuqarosiga nisbatan qo‘llagan noqonuniy xatti-harakatlari munosabati bilan nota topshirdi.
29 aprel kuni Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida, Botken viloyati Ko‘k-tosh qishlog‘idagi “Golovnoy” suv taqsimlash punkti atrofida mahalliy vaqt bilan taxminan soat 14:00 da otishma boshlandi.
Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov 29 aprel kuni Qirg‘iziston hukumati a’zolari bilan Botken viloyatidagi davlat chegarasining qirg‘iz-tojik qismidagi vaziyat bo‘yicha tezkor yig‘ilish o‘tkazdi. Bishkekda esa botkenliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun namoyish boshlandi.
O‘zbekiston chegaradagi mojaroga munosabat bildirib, tomonlarni to‘qnashuvlarni darhol tugatish, vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha qo‘shma choralarni ko‘rish va ziddiyatlarning yanada oshishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga chaqirdi.
LiveBarchasi