Markaziy Osiyo Prezidentlari o‘rtasida qo‘ng‘iroqlar tinmayapti. Muhokama markazida tojik-qirg‘iz mojarosi
Olam
−
01 may 2021
10316Xabaringiz bor, so‘nggi kunlarda paydo bo‘lgan Qirg‘iziston va Tojikiston chegara hududidagi keskinlik muzokaralar hamda o‘q uzishni to‘xtatish to‘g‘risidagi sulhga qaramay saqlanib qolmoqda.
Bugun, 1 may kuni Markaziy Osiyo davlat rahbarlari tojik-qirg‘iz chegarasidagi mojaroni tez fursatlarda konstruktiv hal qilish maqsadida o‘zaro telefon orqali suhbatlashdi.
Rahmon va Japarov
Bugun Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bilan telefon orqali suhbat qilgan. Suhbatda ikki davlat rahbarlari chegaraoldi hududlaridagi vaziyatni normallashtirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish to‘g‘risida gaplashgan.
“Suhbatda o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvlarga rioya qilish va harbiylarni doimiy joylashish zonalariga qaytarish masalalariga e’tibor qaratildi”, deyiladi Tojikiston Prezidenti Matbuot xizmati bergan xabarda.
Ma’lum qilinishicha, ular ikki tomon ishchi guruhlarining birgalikdagi faoliyati hamda delimitatsiya va demarkatsiya bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishini o‘tkazish haqida ham gaplashgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 30 aprel kuni Qirg‘iziston va Tojikiston rahbarlari o‘rtasi bo‘lib o‘tgan telefon muloqotida Japarov va Rahmon may oyining ikkinchi yarmida Dushanbeda yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazishga kelishib olgan.
To‘qayev va Japarov
Bugun Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov o‘rtasida ham telefon orqali suhbat bo‘lgan. Unda asosiy e’tibor Qirg‘iziston va Tojikiston chegaralaridagi vaziyatga qaratilgan. Suhbatda To‘qayev agar ehtiyoj paydo bo‘lsa, Bishkekka gumanitar yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirgan.
“Qosim-Jomart To‘qayev Sadir Japarov va qirg‘iz xalqiga birodar davlat fuqarolarining vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi. Qozog‘iston Prezidenti ta’kidlaganidek, bunday chegara muammolari faqat tinchlik yo‘li bilan, o‘zaro tushunish va yaxshi qo‘shnichilik ruhida hal qilinishi kerak”, deyiladi Qozog‘iston Prezidenti Matbuot xizmati bergan xabarda.
To‘qayev va Rahmon
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bugunning o‘zida Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bilan ham telefon orqali suhbat qildi.
U tojik-qirg‘iz chegarasidagi vaziyat yuzasidan Tojikiston Prezidentiga o‘z xavotirini bildirgan.
“Qosim-Jomart To‘qayev chegaradagi keskin vaziyat ham qo‘shni davlatlar, ham ularning fuqarolari xavfsizligiga tahdid solayotgani to‘g‘risida xavotir bildirdi. Qozog‘iston Prezidenti chegaraga oid murakkab masalalarni konstruktiv muzokaralar jarayonida, ishonch va do‘stlik ruhida hal qilish kerak degan fikrni ilgari surdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda o‘zaro tiyilish, harbiy harakatlarning avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik nihoyatda muhimdir”, deyiladi Qozog‘iston Prezidenti Matbuot xizmati bergan xabarda.
Qayd etilishicha, Qosim-Jomart To‘qayev kelajakda shunga o‘xshash hodisalarning oldini olish uchun kelishuvlarga erishish maqsadida Dushanbeda sammit o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifni mamnuniyat bilan qabul qilgan.
Mirziyoyev va Japarov
Bugun Qirg‘iziston Prezidenti tojik-qirg‘iz chegarasidagi vaziyat yuzasidan birinchi bo‘lib O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan suhbatlashdi. Bu – chegarada mojaro chiqqanidan beri Japarov va Mirziyoyev o‘rtasidagi ikkinchi telefon orqali suhbat.
Kecha, 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan birinchi suhbatda Prezidentlar Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasida yuzaga kelgan vaziyatni va uni tez fursatda hal qilishni muhokama qilgan bo‘lsa, bugun ham ushbu mavzu muhokama markazida bo‘ldi.
Qirg‘iz-tojik chegarasidagi mojaro
Joriy yilning 17 aprel kuni Tojikiston va Qirg‘izistonning chegaradosh qishloqlari aholisi o‘rtasida janjal yuz berdi. Bunga Qirg‘iziston tomoni Tojikiston bilan kelishmasdan ikki davlat uchun umumiy bo‘lgan asosiy suv taqsimlash inshooti – “Golovnaya” oldida ko‘prik qurish harakatini boshlagani sabab bo‘ldi.
Shundan so‘ng, Tojikiston tomoni “Golovnaya” suv taqsimlash punkti yonidagi elektr ustuniga videokameralar o‘rnatishni boshlagan. Bundan norozi bo‘lgan qirg‘izlar kameralarni olib tashlashni so‘ragan. Shu bilan 28 aprel kuni ikki tomon o‘rtasida dastlab, og‘zaki haqorat va aytishuvlar so‘ngra, bir-biriga tosh otish boshlangan.
Keyinchalik mojaroga ikki tomon chegara qo‘shinlarining aralashuvi oqibatida toshbo‘ron otishmaga aylanib ketdi. Vaziyatning keskinlashishi ortidan ikki mamlakat chegara tomon qo‘shimcha harbiy bo‘linmalar yubordi.
Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov 29 aprel kuni Qirg‘iziston hukumati a’zolari bilan Botken viloyatidagi davlat chegarasining qirg‘iz-tojik qismidagi vaziyat bo‘yicha tezkor yig‘ilish o‘tkazdi. Bishkekda esa botkenliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun namoyish boshlandi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston ikki qo‘shni respublika chegarasidagi mojaroga munosabat bildirib, tomonlarni to‘qnashuvlarni darhol tugatish, vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha qo‘shma choralarni ko‘rish va ziddiyatlarning yanada oshishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga chaqirdi.
29 aprel kunining birinchi qismida boshlangan ikki o‘rtadagi otishma tomonlarning sa’y-harakatlari bilan kunning oxirida to‘xtatildi.
Biroq, 29 aprel kuni tuzilgan o‘q uzishni to‘xtatish to‘g‘risidagi sulh uzoqqa bormadi. Ertasi kuni, ya’ni 30 aprelda yana harbiy harakatlar boshlangani haqida xabarlar paydo bo‘la boshladi.
LiveBarchasi