Tojik-qirg‘iz chegarasida vaziyat qanday? Mirziyoyev yana Japarov bilan qo‘ng‘iroqlashdi
Jamiyat
−
01 may 2021
6826Bugun, 1 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov telefon orqali muloqot qildilar.
Suhbatda kuni kecha o‘tgan muloqotlar davomi sifatida ikki davlat rahbarlari Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasidagi vaziyatning rivojlanishini muhokama qildilar.
O‘z vaqtida ko‘rilgan va o‘zaro muvofiqlashgan sa’y-harakatlar tufayli davlat chegarasi qismidagi vaziyatni barqarorlashtirishga erishilgani va uning keskinlashishiga yo‘l qo‘yilmagani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston yetakchilari Markaziy Osiyo mintaqasidagi barcha masalalarni birodar mamlakatlar va xalqlar o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash maqsadida konstruktiv va ishonchga asoslangan muloqot orqali birgalikda hal qilish borasida qat’iy ekanliklarini yana bir bor ta’kidladilar.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev kecha, 30 aprel kuni ham Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qilgandi. Prezidentlar Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasidagi vaziyatni muhokama qilgandi.
Qirg‘iz-tojik chegarasidagi mojaro
Joriy yilning 17 aprel kuni Tojikiston va Qirg‘izistonning chegaradosh qishloqlari aholisi o‘rtasida janjal yuz berdi. Bunga Qirg‘iziston tomoni Tojikiston bilan kelishmasdan ikki davlat uchun umumiy bo‘lgan asosiy suv taqsimlash inshooti – “Golovnaya” oldida ko‘prik qurish harakatini boshlagani sabab bo‘ldi.
Shundan so‘ng, Tojikiston tomoni “Golovnaya” suv taqsimlash punkti yonidagi elektr ustuniga videokameralar o‘rnatishni boshlagan. Bundan norozi bo‘lgan qirg‘izlar kameralarni olib tashlashni so‘ragan. Shu bilan 28 aprel kuni ikki tomon o‘rtasida dastlab, og‘zaki haqorat va aytishuvlar so‘ngra, bir-biriga tosh otish boshlangan.
Keyinchalik mojaroga ikki tomon chegara qo‘shinlarining aralashuvi oqibatida toshbo‘ron otishmaga aylanib ketdi. Vaziyatning keskinlashishi ortidan ikki mamlakat chegara tomon qo‘shimcha harbiy bo‘linmalar yubordi.
Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov 29 aprel kuni Qirg‘iziston hukumati a’zolari bilan Botken viloyatidagi davlat chegarasining qirg‘iz-tojik qismidagi vaziyat bo‘yicha tezkor yig‘ilish o‘tkazdi. Bishkekda esa botkenliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun namoyish boshlandi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston ikki qo‘shni respublika chegarasidagi mojaroga munosabat bildirib, tomonlarni to‘qnashuvlarni darhol tugatish, vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha qo‘shma choralarni ko‘rish va ziddiyatlarning yanada oshishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga chaqirdi.
29 aprel kunining birinchi qismida boshlangan ikki o‘rtadagi otishma tomonlarning sa’y-harakatlari bilan kunning oxirida to‘xtatildi.
Biroq, 29 aprel kuni tuzilgan o‘q uzishni to‘xtatish to‘g‘risidagi sulh uzoqqa bormadi. Ertasi kuni, ya’ni 30 aprelda yana harbiy harakatlar boshlangani haqida xabarlar paydo bo‘la boshladi.
Shundan so‘ng, Qirg‘iziston va Tojikiston rahbarlari o‘rtasi bo‘lib o‘tgan telefon muloqotida Japarov va Rahmon may oyining ikkinchi yarmida Dushanbeda yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazishga kelishib oldi.
O‘z navbatida, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi inqirozli vaziyatni hal qilishda vositachilik qilishga tayyor ekanini ma’lum qilgan.
Tomonlar qurolli to‘qnashuvlardan muzokaralar stoliga o‘tishi bilan harbiylarni avvalgi joyiga qaytarish boshlandi. Qirg‘izistonda esa ikki kunlik milliy motam e’lon qilindi.
LiveBarchasi