Qirg‘iz-tojik mojarosi Putin emas, Mirziyoyevning aralashuvi bilan barham topgani aytildi
Jamiyat
−
01 may 2021
42992Qirg‘iz-tojik chegarasida sodir bo‘lgan qurolli to‘qnashuv Rossiya Federatsiyasi Prezident Vladimir Putinning emas, balki O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy aralashuvi bilan barham topgan. Bu haqda Prezidentning sobiq Matbuot kotibi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida yozib qoldirdi.
Siyosatdon o‘z mulohazalarini yozish avvalida ikki qo‘shni mamlakat o‘rtasida kelib chiqqan ushbu mojaro urushga aylanib ketishidan xavotirlanganini aytadi.
“Kuni kecha butun matbuot qirg‘iz va tojik chegarasidagi otishmalardan larzaga keldi. Ochig‘i, shaxsan men bu hodisa katta urushga aylanib ketishidan qattiq xavotirga tushib qoldim. Tanklar va harbiy samolyotlarning otishmalarini ko‘rib, vaziyat osonlikcha o‘nglanmaydigandek tuyuldi. Qanchadan qancha odam vafot etdi. Juda ko‘plar yaralandi”.
Allamjonovga ko‘ra, Mirziyoyev Sadir Japarov va Imomali Rahmon bilan telefon orqali muloqotda ularni murosaga keltirgan.
“O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning sa’y-harakatlari va shaxsiy aralashuvi natijasida bugun bu muammo barham topdi. Tojikiston hamda Qirg‘iziston Prezidentlarining har biri bilan alohida suhbatlashib, o‘zaro murosaga erishildi.
Ertaga yana bahsli fikrlar bo‘lar, balki. Kim birinchi urush boshladi, kim haqu kim nohaq degan ayblovlar ham o‘rtaga chiqishi mumkin. Lekin nima bo‘lganda ham, qo‘shnilarimiz bir-birlari bilan kelishib olishdi. O‘zbekiston rahbari dunyo hamjamiyati ko‘z o‘ngida Markaziy Osiyo mintaqasidagi o‘z ovoziga ega, eng avtoritet shaxs, vaziyatni barqarorlashtira oladigan lider sifatida namoyon bo‘ldi.Shubhasiz, bunda keyingi yillarda davlatimiz va qo‘shni mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarning yaxshi tomonga o‘zgargani, do‘stona aloqalar o‘rnatilgani samara berdi.
Urush to‘xtadi. Allohga ming shukur”, deb yozadi Allamjonov.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 30 aprel kuni Qirg‘iziston va Tojikiston rahbarlari o‘rtasi bo‘lib o‘tgan telefon muloqotida Japarov va Rahmon may oyining ikkinchi yarmida Dushanbeda yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazishga kelishib olgan.
O‘z navbatida, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi inqirozli vaziyatni hal qilishda vositachilik qilishga tayyor ekanini ma’lum qilgan.
Qirg‘iz-tojik chegarasidagi mojaro
Joriy yilning 17 aprel kuni Tojikiston va Qirg‘izistonning chegaradosh qishloqlari aholisi o‘rtasida janjal yuz berdi. Bunga Qirg‘iziston tomoni Tojikiston bilan kelishmasdan ikki davlat uchun umumiy bo‘lgan asosiy suv taqsimlash inshooti – “Golovnaya” oldida ko‘prik qurish harakatini boshlagani sabab bo‘ldi.
Shundan so‘ng, Tojikiston tomoni “Golovnaya” suv taqsimlash punkti yonidagi elektr ustuniga videokameralar o‘rnatishni boshlagan. Bundan norozi bo‘lgan qirg‘izlar kameralarni olib tashlashni so‘ragan. Shu bilan 28 aprel kuni ikki tomon o‘rtasida dastlab, og‘zaki haqorat va aytishuvlar so‘ngra, bir-biriga tosh otish boshlangan.
Keyinchalik mojaroga ikki tomon chegara qo‘shinlarining aralashuvi oqibatida toshbo‘ron otishmaga aylanib ketdi. Vaziyatning keskinlashishi ortidan ikki mamlakat chegara tomon qo‘shimcha harbiy bo‘linmalar yubordi.
Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov 29 aprel kuni Qirg‘iziston hukumati a’zolari bilan Botken viloyatidagi davlat chegarasining qirg‘iz-tojik qismidagi vaziyat bo‘yicha tezkor yig‘ilish o‘tkazdi. Bishkekda esa botkenliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun namoyish boshlandi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston ikki qo‘shni respublika chegarasidagi mojaroga munosabat bildirib, tomonlarni to‘qnashuvlarni darhol tugatish, vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha qo‘shma choralarni ko‘rish va ziddiyatlarning yanada oshishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga chaqirdi.
29 aprel kunining birinchi qismida boshlangan ikki o‘rtadagi otishma tomonlarning sa’y-harakatlari bilan kunning oxirida to‘xtatildi.
Biroq, 29 aprel kuni tuzilgan o‘q uzishni to‘xtatish to‘g‘risidagi sulh uzoqqa bormadi. Ertasi kuni, ya’ni 30 aprelda yana harbiy harakatlar boshlangani haqida xabarlar paydo bo‘la boshladi.
LiveBarchasi