Mirziyoyev Putinga hamdardlik bildirdi
Jamiyat
−
10:43
23322Kecha, 19 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu haqda ikki davlat rahbarlarining matbuot xizmatlari xabar berdi.
Kreml matbuot xizmatining yozishicha, suhbat O‘zbekiston tomonining tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgan.
"Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari Kimyoviy, radiatsiyaviy va biologik mudofaa qo‘shinlari boshlig‘i general-leytenant Igor Kirillov va uning yordamchisi Ilya Polikarpovning vafoti munosabati bilan samimiy hamdardlik bildirdi. O‘zbekiston ushbu jirkanch terrorchilik harakatini keskin qoralashi ta’kidlandi. Ikki davlat maxsus xizmatlari o‘rtasida terrorizmga qarshi kurashish sohasida yaqin hamkorlikni davom ettirish niyati bildirildi", deyiladi Kreml xabarida.
O‘zbekiston Prezidentining matbuot xizmati esa suhbat davomida ikki tomonlama kun tartibidagi hamda mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilganini bildirdi.
"Xavfsizlikka tahdid va xatarlarga qarshi kurashni kuchaytirish maqsadida ikki mamlakat maxsus xizmatlari o‘rtasidagi yaqin va samarali hamkorlikni davom ettirish muhimligi qayd etildi", deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 17 dekabr kuni Rossiyaning Moskva shahridagi portlashda mamlakat Qurolli kuchlarining Radiatsiya, kimyoviy va biologik himoya qo‘shinlari boshlig‘i general-leytenant Igor Kirillov halok bo‘lgandi. Kirillovning o‘limida gumon qilinib, o‘zbekistonlik 29 yoshli erkak ushlandi. Shuningdek, TASS Rossiya xavfsizlik kuchlari o‘zbekistonlik hamkasblariga Igor Kirillovning o‘ldirilishida gumon qilinayotgan shaxs haqida ma’lumot olish uchun murojaat qilgani, O‘zbekiston tomoni tegishli so‘rovni olgach, Igor Kirillovni o‘ldirishda gumon qilinib, Rossiyada qo‘lga olingan fuqaro haqidagi ma’lumotlarni darhol Moskvaga yuborgani haqida xabar berdi. Generalni o‘ldirishda gumonlanayotgan O‘zbekiston fuqarosi Ahmad Qurbonov Moskva shahridagi Basmanniy tuman sudining qarori bilan 2025 yil 17 fevralga qadar hibsga olindi. Unga nisbatan “portlovchi moddalarni noqonuniy ishlab chiqarish” ayblovi qo‘yilgan.