Kelasi yil 43 mlrd dollarlik investitsiya o‘zlashtiriladi

Jamiyat

image

2025 yilda 43 milliard dollarlik investitsiyalarni o‘zlashtirish ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda bugun, 19 dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan investitsiya bo‘yicha 2024 yildagi natijalar sarhisobi va kelgusi yilgi vazifalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, 2017 yildan buyon mamlakat iqtisodiyotiga barcha manbalar hisobidan 188 milliard dollar investitsiya kiritilgan. Shundan 87 milliard dollari chetdan jalb qilingan. Natijada investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 30 foizdan oshib, barqaror iqtisodiy o‘sishga olib kelgan.

Bu yil iqtisodiyotga kiritilgan investitsiyalar hajmi 1,3 baravar ko‘payib, 36 milliard dollardan oshgan. Bularning hisobiga yil boshidan buyon qo‘shimcha 70 trillion so‘mlik qiymat beradigan 560 ta yirik va o‘rta loyihalar ishga tushirilgan. Kelasi yildan eksportni yana 1 milliard dollarga oshirish imkoniyati paydo bo‘lgan.

Shuningdek, yig‘ilishda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri 2025 yilgi rejalar to‘g‘risida axborot bergan. 

“Kelgusi yil 43 milliard dollarlik investitsiyalarni o‘zlashtirish ko‘zda tutilmoqda. Bu orqali 300 dan ortiq yirik loyiha bajarilishi, import o‘rnini bosuvchi 662 ta yangi mahsulot ishlab chiqarilishi kutilmoqda", degan u.

Shuningdek, bugungi kunda 1 ming 890 ta loyiha bo‘yicha ish ketayotgani ta’kidlangan. Ularning ijrosini jadallashtirish uchun mas’ullar belgilangan.

Yig‘ilishda tashqi savdo masalalariga ham e’tibor qaratilgan.

2030 yilgacha mamlakatning yillik eksport hajmini 2 barobar oshirib,  45 milliard dollarga olib chiqish maqsadi belgilangan. Bu rejadagi investitsiyaviy loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirib, yuqori qiymatli mahsulot va xizmatlarni ko‘paytirishni, eksport geografiyasini kengaytirishni talab etadi.

Mutasaddilarga rejalar ijrosini doimiy tahlil qilib, ishni joylarda sifatli tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev yig'ilish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing