Mirziyoyev tojik-qirg‘iz chegarasidagi vaziyat bo‘yicha Japarov bilan ham gaplashib oldi
Jamiyat
−
30 aprel 2021
5838Bugun, 30 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, suhbatda mintaqaviy hamkorlik va ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalar ko‘rib chiqilgan.
“Prezidentlar Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasida yuzaga kelgan vaziyatni va uni tez fursatda hal qilishni muhokama qildilar. Qirg‘iziston va Tojikiston tomonlari vaziyatni barqarorlashtirish va uning yanada keskinlashishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan kelishuvlarga erishgani mamnuniyat bilan qayd etildi”, deyiladi xabarda.
Yuzaga kelayotgan barcha bahsli masalalar ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va sheriklik ruhidagi muloqot asosida hal qilinishi zarur ekani ta’kidlangan.
Shuningdek, davlat rahbarlari joriy yil mart oyida Toshkent shahrida o‘tgan sammit yakunida qabul qilingan qo‘shma qaror va kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga alohida to‘xtalgan.
Qabul qilingan majburiyatlarni so‘zsiz bajarish va ustuvor loyihalarni ilgari surish maqsadida faol almashinuvlarni davom ettirish va hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etilgan.
Qirg‘iz-tojik chegarasidagi mojaro
Joriy yilning 17 aprel kuni Tojikiston va Qirg‘izistonning chegaradosh qishloqlari aholisi o‘rtasida janjal yuz berdi. Bunga Qirg‘iziston tomoni Tojikiston bilan kelishmasdan ikki davlat uchun umumiy bo‘lgan asosiy suv taqsimlash inshooti oldida ko‘prik qurish harkatini boshlagani sabab bo‘ldi.
Joriy yilning 28 aprel kuni Qirg‘izistonning Botken viloyatidagi Tojikiston bilan chegara hududida qirg‘iz va tojik fuqarolari o‘rtasida yana ziddiyat kelib chiqdi.
Ma’lum qilinishicha, mojaro tojik tomonining Oqsoy ovuli Ko‘k-Tosh qishlog‘idagi ustunlarga videokuzatuv kameralarini o‘rnatishga qaror qilganidan keyin boshlangan.
Keyinchalik, Qirg‘iziston Tojikistonni chegaradagi vaziyatni keskinlashtirayotganlikda aybladi.
Tojikiston Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Muzaffar Husaynzoda qirg‘izistonlik diplomatga Qirg‘iziston Chegara xizmati vakillarining mamlakatning voyaga etmagan ikki fuqarosiga nisbatan qo‘llagan noqonuniy xatti-harakatlari munosabati bilan nota topshirdi.
29 aprel kuni Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida, Botken viloyati Ko‘k-tosh qishlog‘idagi “Golovnoy” suv taqsimlash punkti atrofida mahalliy vaqt bilan taxminan soat 14:00 da otishma boshlandi.
Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov 29 aprel kuni Qirg‘iziston hukumati a’zolari bilan Botken viloyatidagi davlat chegarasining qirg‘iz-tojik qismidagi vaziyat bo‘yicha tezkor yig‘ilish o‘tkazdi.
O‘zbekiston chegaradagi mojaroga munosabat bildirib, tomonlarni to‘qnashuvlarni darhol tugatish, vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha qo‘shma choralarni ko‘rish va ziddiyatlarning yanada oshishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga chaqirdi.
Qirg‘iziston esa Tojikiston bilan qurolli to‘qnashuvlar boshlangan chegara hududiga qo‘shimcha harbiy bo‘linmalarni yuborishni boshladi.
Ro‘y bergan hodisalar munosabati bilan Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri Ruslan Qozoqboyev va Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin hamda boshqa vakillar ishtirokida muzokara o‘tkazildi. Unda tomonlar mahalliy vaqt bilan soat 20:00dan (Toshkent vaqti bilan soat 21:00) o‘t ochishni to‘xtatish va harbiy kuchlarni avvalgi joylariga qaytarish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Keyinchalik, tomonlar shoshilinch choralar ko‘rish uchun ishchi guruh tuzishi haqida xabar berildi.
30 aprel kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qilib, tojik-qirg‘iz chegarasidagi vaziyatni muhokama qildi.
LiveBarchasi