Tojik-qirg‘iz mojarosi: mehribon Putin vaziyatni hal qilishda vositachi bo‘lishga tayyor
Olam
−
30 aprel 2021
14486Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi inqirozli vaziyatni hal qilishda vositachilik qilishga tayyor. Bu haqda bugun, 30 aprel kuni Rossiya davlat rahbari matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
“Albatta, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga bo‘ladimi yoki boshqa, turli xil formatdagi mavjud umumiyligimizni hisobga olgan holda, Prezident [Putin] har doim ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan o‘tkir muammolarni hal qilishda vositachi rolini bajarishga tayyor. U buni samarali bajara olishini avval ham bir necha bor namoyish etgan”, deydi u.
Peskovga ko‘ra, Rossiya tojik-qirg‘iz chegarasidagi vaziyatdan xavotirda.
“Ikkala tomon ham tashqi ishlar vazirlari orqali aloqa o‘rnatdi. Biz, albatta, ushbu [Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasidagi mojaro haqidagi] yangilikdan xavotirdamiz va vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqdamiz. O‘q uzishni to‘xtatish to‘g‘risidagi sulh tuzilganidan mamnunmiz. Umid qilamizki, bu – haddan oshishlarga yo‘l qo‘ymaydigan doimiy sulh bo‘ladi”, deydi davlat rahbarining matbuot kotibi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mojaro oqibatida Qirg‘iziston tarafidan 31 kishi halok bo‘lgan va 130 dan ortiq kishi yaralangan. Shuningdek, Qirg‘iziston chegaraga yaqin hududda yashovchi 20 mingdan ortiq aholisini evakuatsiya qilgan. Rasmiy Dushanbe esa sakkiz kishi halok bo‘lgani va 31 kishi yaralangani haqida xabar bermoqda.
Qirg‘iz-tojik chegarasidagi mojaro
Joriy yilning 17 aprel kuni Tojikiston va Qirg‘izistonning chegaradosh qishloqlari aholisi o‘rtasida janjal yuz berdi. Bunga Qirg‘iziston tomoni Tojikiston bilan kelishmasdan ikki davlat uchun umumiy bo‘lgan asosiy suv taqsimlash inshooti – “Golovnaya” oldida ko‘prik qurish harakatini boshlagani sabab bo‘ldi.
Shundan so‘ng, Tojikiston tomoni “Golovnaya” suv taqsimlash punkti yonidagi elektr ustuniga videokameralar o‘rnatishni boshlagan. Bundan norozi bo‘lgan qirg‘izlar kameralarni olib tashlashni so‘ragan. Shu bilan 28 aprel kuni ikki tomon o‘rtasida dastlab, og‘zaki haqorat va aytishuvlar so‘ngra, bir-biriga tosh otish boshlangan.
Keyinchalik mojaroga ikki tomon chegara qo‘shinlarining aralashuvi oqibatida toshbo‘ron otishmaga aylanib ketdi. Vaziyatning keskinlashishi ortidan ikki mamlakat chegara tomon qo‘shimcha harbiy bo‘linmalar yubordi.
Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov 29 aprel kuni Qirg‘iziston hukumati a’zolari bilan Botken viloyatidagi davlat chegarasining qirg‘iz-tojik qismidagi vaziyat bo‘yicha tezkor yig‘ilish o‘tkazdi. Bishkekda esa botkenliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun namoyish boshlandi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston ikki qo‘shni respublika chegarasidagi mojaroga munosabat bildirib, tomonlarni to‘qnashuvlarni darhol tugatish, vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha qo‘shma choralarni ko‘rish va ziddiyatlarning yanada oshishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga chaqirdi.
29 aprel kunining birinchi qismida boshlangan ikki o‘rtadagi otishma tomonlarning sa’y-harakatlari bilan kunning oxirida to‘xtatildi.
Biroq, 29 aprel kuni tuzilgan o‘q uzishni to‘xtatish to‘g‘risidagi sulh uzoqqa bormadi. Ertasi kuni, ya’ni 30 aprelda yana harbiy harakatlar boshlangani haqida xabarlar paydo bo‘la boshladi.
LiveBarchasi