Qirg‘izistonda “Hizb ut-Tahrir” ekstremistik guruhi a’zolari ushlandi (video)
Olam
−
19 dekabr
4340Qirg‘izistonning Jalolobod shahrida “Hizb ut-Tahrir” ekstremistik tashkilotining yirik bo‘linmasi, jumladan, uning rahbarlari hamda 22 a’zosi qo‘lga olindi. Bu haqda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga tayanib, “Vesti.kg” xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu shaxslar bir necha yil davomida Jalolobod aholisi orasida ekstremistik g‘oyalarni targ‘ib qilish, yangi tarafdorlarni yollash, internetda soxta akkauntlar yaratish va maxfiy bosmaxonada ekstremistik materiallarni ko‘paytirish hamda tarqatish bilan shug‘ullangan. Qo‘lga olinganlar orasida bo‘linma rahbari, besh nafar murabbiy va sakkiz nafar ustoz bor. Har bir ustozning uch-besh nafardan o‘quvchilari bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tashkilot a’zolari “E’tiqod erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida” yangi qonun loyihasiga qarshi chiqib, diniy tashkilotlar orasida varaqalar tarqatgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ko‘p miqdorda ekstremistik adabiyotlar, kompyuter va nusxa ko‘chirish texnikasi musodara qilingan. Qo‘lga olinganlarning barchasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining tergov izolyatoriga joylashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning 5 viloyatida terror tashkilotiga qarshi olib borilgan “GÜRZ-29” operatsiyalarida ISHIDga aloqadorlikda gumon qilingan 47 nafar shaxs qo‘lga olingandi.
LiveBarchasi