Qirg‘izistonda tejalgan har bir litr suv qo‘shnilarimizga yordamdir – Sadir Japarov

Olam

image

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Bishkekdagi III Xalq Qurultoyida so‘zlagan nutqi chog‘ida aholini suv resurslaridan oqilona foydalanishga chaqirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shuningdek, Sadir Japarov dunyoda ekologik vaziyatning yomonlashuvi tufayli suv tanqisligi yil sayin ortib borayotganini eslagan.

“Biz tog‘li mamlakatmiz, daryolar manbalarida joylashganmiz. Suv resurslarimiz nafaqat bizni, balki qo‘shni davlatlarni ham ta’minlaydi. Shu bilan birga, tejalgan har bir litr suv qo‘shnilarimizga madaddir. Suvdan oqilona foydalanish nafaqat o‘zimiz, balki qo‘shni davlatlarda yashovchi xalqlar oldidagi mas’uliyatimizdir”, degan Qirg‘iziston Prezidenti.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aholini sug‘orish suvi bilan birga ichimlik suvi bilan ta’minlash doimiy e’tibor va qat’iy harakatni talab etadi.

“Biz bu muammoning jiddiyligini tushunamiz. So‘nggi yillarda 400 mingdan ortiq aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minladik, 2025 yilda esa qo‘shimcha ravishda 150 ming kishini suv bilan ta’minlashni rejalashtirganmiz. Yurtimizdagi har bir oila toza suv bilan ta’minlanmaguncha, biz to‘xtab qolmaymiz”, degan u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonning sobiq bosh vaziri Oqilbek Japarov Issiqko‘lni saqlab qolish uchun Qirg‘iziston qo‘shni davlatlarga kamroq suv berishi mumkinligini aytgandi. Shuningdek, u Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan bu borada tushuntirish ishlari olib borilayotganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

suv Qirg'iziston Sadir Japarov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing