Qirg‘izistonda militsionerlarni videoga olishni taqiqlovchi qonun loyihasi rad etildi

Olam

image

Qirg‘izistonda Jogorku Kenesh militsionerlarni obro‘sizlantirish maqsadida videoga olishni taqiqlovchi qonun loyihasini rad etdi. Bu haqda “Akipress” xabar berdi.

Qayd etilishicha, kecha, 19 dekabr kuni Jogorku Keneshda “Ba’zi qonun hujjatlariga (Jinoyat kodeksi va Ma’muriy huquqbuzarliklar kodeksiga) o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan. Loyiha mualliflari – Jogorku Kenesh deputatlari Suyunbek O‘murzoqov, Vinera Raimbacheva, Alisher Erboyev, Qunduzbek Sulaymonov va Irisbek Otajanov bo‘lgan.

O‘murzoqovning bildirishicha, qonun loyihasi jamoat tartibini saqlash yoki buzilishining oldini olish bo‘yicha vazifalarni bajaruvchi hokimiyat vakiliga yoki boshqa shaxslarga qarshilik ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lgan bezorilik uchun huquqiy himoyani kuchaytirish va sanksiyalarni oshirishga qaratilgan.

“Huquqni muhofaza qilish organi xodimining qonuniy talabiga bo‘ysunmaslik, shuningdek, jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha vazifalarni bajaruvchi boshqa shaxsning faoliyatiga noqonuniy aralashish, xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishi jarayonida foto yoki video suratga olish va ushbu materiallarni internet saytlariga joylashtirish orqali huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatini obro‘sizlantirish maqsadida tarqatish, jismoniy shaxslarga 50 hisoblangan ko‘rsatkich miqdorida jarima yoki 5 dan 7 kungacha hibsga olish jazosi qo‘llanilishiga olib keladi”, deya qonundagi taklif etilgan o‘zgartishlarni sharhlagan O‘murzoqov.

Muhokamada deputatlar ushbu qonun loyihasiga qarshi chiqib, uni qo‘llab-quvvatlamaslikka chaqirgan. Muhokamadan so‘ng qonun loyihasi bo‘yicha ovoz berish bo‘lib o‘tgan: 44 ta deputat – “ha”, 6 ta deputat — “yo‘q” deb ovoz bergan. Jami ovoz berganlar – 50 nafar, ro‘yxatdan o‘tganlar – 83 nafar.

Yakunda Jogorku Kenesh spikeri Nurlanbek Shakiyev qonun loyihasi qabul qilinmaganini e’lon qilgan. Qonun loyihasiga qarshi ovoz bergan deputatlar Chingiz Aydarbekov, Janar Aqayev, Sayidbek Atambayev, Doston Bekeshev, Baxtiyor Kalpoyev va Aysuluu Mamashova bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ham ichki ishlar organi xodimlarini tasvirga olib, tarqatishni taqiqlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilgan va Senat uni qayta ko‘rib chiqish uchun Qonunchilik palatasiga yuborgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston militsioner

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing