Qirg‘izlar va tojiklar nimani bo‘lisholmayapti? Bishkekda namoyish boshlandi
Tahlil
−
29 aprel 2021
27804Xabaringiz bor, so‘nggi kunlarda Qirg‘iziston va Tojikiston chegara hududida keskinlik saqlanib turibdi. Bugun, 29 aprel kuni Qirg‘izistonning Botken va Tojikistonning Isfara viloyatlari chegarasida harbiylar o‘rtasida otishma ham boshlandi.
Qirg‘iziston hukumatiga Tojikiston bilan ziddiyat yetmaganidek, ayni vaqtda mamlakat poytaxti Bishkekda namoyish boshlangan. Hukumat uyi yonida yig‘ilgan 200 dan ortiq namoyishchilar botkenliklarni qo‘llab-quvvatlovchi miting o‘tkazmoqda.
Namoyishchilar mamlakat Bosh vaziri Ulug‘bek Maripov va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Toshiyevdan tashqariga chiqishni talab qilmoqda.
Qizig‘i shundaki, namoyishchilar ko‘rishni talab qilayotgan ikkala rasmiy ham Qirg‘izistonda emas. Bosh vazir Ulug‘bek Maripov amaliy tashrif bilan ayni vaqtda Rossiyaning Qozon shahrida bo‘lib turibdi.
Qirg‘izistonda mamlakat hududiy daxlsizligiga mas’ul bo‘lgan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Toshiyev esa 28 aprel kuni Germaniyaga davolanish uchun uchib ketgan edi.
“Kecha [28 aprel] ertalab davolanish uchun Germaniyaga uchdim. Ammo bugun [29 aprel] Botkendagi voqealar sababli shifoxonaga yetib bormay, Qirg‘izistonga qaytib uchib ketyapman. Kechgacha yetib boraman. Barchani sabr-toqatli bo‘lishga chaqiraman”, deb yozgan Qamchibek Toshiyev.
Xabarlarga ko‘ra, namoyishchilar Bosh vazir yoki hukumat a’zolari ularning oldiga chiqishi uchun 15 daqiqa vaqt bergan. Aks holda, ularning o‘zi Hukumat uyiga bostirib kirish bilan tahdid qilgan.
Mamlakat politsiya xodimlari esa namoyishchilarni provokatsiyalarga berilmaslikka chaqirmoqda.
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, namoyishchilar Botken viloyatiga ketish va chegara qo‘shinlariga yordam berish uchun ko‘ngillilardan iborat otryad tashkil qilmoqda.
Qirg‘iz-tojik chegarasidagi mojaroning boshlanishi
Joriy yilning 17 aprel kuni Tojikiston va Qirg‘izistonning chegaradosh qishloqlari aholisi o‘rtasida janjal yuz berdi. Bunga Qirg‘iziston tomoni Tojikiston bilan kelishmasdan ikki davlat uchun umumiy bo‘lgan asosiy suv taqsimlash inshooti – “Golovnaya” oldida ko‘prik qurish harakatini boshlagani sabab bo‘ldi.
Shundan so‘ng, Tojikiston tomoni “Golovnaya” suv taqsimlash punkti yonidagi elektr ustuniga videokameralar o‘rnatishni boshlagan. Bundan norozi bo‘lgan qirg‘izlar kameralarni olib tashlashni so‘ragan. Shu bilan 28 aprel kuni ikki tomon o‘rtasida dastlab og‘zaki haqorat va aytishuvlar so‘ngra, bir-biriga tosh otish boshlangan.
Vaziyatga harbiylarning aralashuvi
Keyinchalik vaziyatga ikki mamlakat chegara qo‘shinlarining aralashuvi ortidan toshbo‘ron otishmaga aylanib ketdi.
Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga ko‘ra, Qirg‘iziston tomoni bugun, 29 aprel kuni mahalliy vaqt bilan soat 10:45 da Tojikiston Respublikasi fuqarolariga qarata o‘t ochgan.
“Ikki erkak jarohat oldi. Ular Isfara shifoxonasiga yotqizildi. Biri qo‘l va oyog‘idan yaralangan. Ikkinchisi esa boshidan: uning ahvoli og‘ir”, deyiladi qo‘mita xabarida.
Qirg‘iziston tomoni esa boshqacha axborot bermoqda
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga ko‘ra, Tojikiston Ichki ishlar vazirligining chegara qo‘shinlari va maxsus kuchlari 29 aprel kuni mahalliy vaqt bilan soat 14: 00 da minomyotlar, pulemyotlar va avtomat qurollaridan o‘q otishni boshlagan.
Ikki o‘rtadagi tarixiy chegara muammosi
Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara uzunligi 980 km atrofida. Sovet Ittifoqi qulaganidan keyin, ikki o‘rtadagi chegara chizig‘ida 10 dan ortiq bahsli uchastkalar paydo bo‘ldi.
Bugungi kunga qadar chegarani delimitatsiya va demarkatsiya qilish natijasida ikki tomon 580 kmlik chegara masalasida o‘zaro kelishuvga erishib ulgurgan. Demarkatsiya komissiyasining so‘nggi yig‘ilishi 2021 yil mart oyida bo‘lib o‘tdi. Ushbu jarayonlarda delegatsiyalarga Tojikiston va Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitalarining raislari boshchilik qildi. Yuqorida qayd etilgan urinishlarga qaramay, haligacha ikki o‘rtadagi chegara masalasi to‘liq hal qilinganicha yo‘q va ba’zi hududlarda vaqti-vaqti bilan chegaraoldi mahalliy aholisi o‘rtasida tortishuvlar va mojarolar bo‘lib turibdi.
LiveBarchasi