Japarov YeI deputatlarini Qirg‘iziston ichki ishlariga aralashmaslikka chaqirdi

Olam

image

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Yevropa parlamenti deputatlarini respublika ishlariga aralashmaslikka va mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealarni haqqoniy baholashga chaqirdi. U bu haqda bugun, 21 dekabr kuni Bishkekda o‘tkazilgan mamlakatning barcha hududlari vakillarining 3-qurultoyida so‘z ochdi.

“Biz mustaqil davlatmiz, shuning uchun bizning jarayonlarimizga aralashmaslik kerak", dedi u.

Gap shundaki, bir necha kun avval Yevropa parlamenti mahalliy hokimiyat organlariga bo‘ladigan saylovlar oldidan saylovchilarni sotib olishda gumon qilinib hibsga olingan Qirg‘iziston sotsial-demokratik partiyasi (QSDP) yetakchisi Temirlan Sultonbekov himoyasiga rezolyutsiya qabul qilgan edi. Sultonbekov qo‘lga olingach, QSDP saylovlarda ishtirok etishdan chetlashtirilgan.

Prezidentning fikricha, QSDP a’zolarining xatti-harakatlari jinoyat va bunday holatga ko‘z yumish mumkin emas. Ammo Yevropa rezolyutsiya qabul qilib, ob’ektiv omillarga e’tibor qaratmayapti. Shu bilan birga, Qirg‘iziston rahbari mamlakat Yevropa davlatlari tajribasini o‘rganishga va ular bilan hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini qayd etgan.

“Biz bunday hamkorlikka tayyormiz”, dedi u.

Prezident, shuningdek, respublika hozir o‘z rivojlanishining navbatdagi bosqichidan o‘tayotganini eslatib o‘tgan.

“Biz hozir siz 100 yil avval bosib o‘tgan yo‘ldan o‘tyapmiz, buni unutmang va biz sizni quvib yetishga harakat qilyapmiz”, deya ta’kidlagan Qirg‘iziston rahbari Yevropa parlamentiga murojaat qilib.

Ma’lumot uchun, Qirg‘iziston poytaxtida 20 dekabrdan boshlab o‘tkazilayotgan maslahat organi maqomiga ega bo‘lgan qurultoyda deyarli 700 nafar delegat ishtirok etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonning Sotsial-demokratik partiyasi yetakchisi Temirlan Sultonbekov saylovchilarni sotib olishga urinish aybi bilan hibsga olingani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Sadir Japarov Evropa parlamenti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing