Fotoreportaj: Navalniy Putinning “sirli saroy”ini fosh qildi
Olam
−
20 yanvar 2021
32546Rossiyada Korrupsiyaga qarshi kurash fondi asoschisi hamda muxolifat yetakchisi hisoblangan Aleksey Navalniy zaharlanish tashxisi bilan Germaniyada uzoq muddat davolanib, joriy yilning 17 yanvar kuni Rossiyaga qaytdi va o‘sha vaqtning o‘zidayok aeroportda hibsga olindi. U ayni vaqtda panjara ortida. Qizig‘i shundaki, o‘zi hibsda bo‘lgan siyosatchining “Putin uchun saroy” nomli yirik surishtiruv filmi e’lon qilindi.
Navalniyga ko‘ra, ikki soatli ushbu film Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinga tegishli bo‘lgan saroy haqida. Avval ham ko‘plab ommaviy axborot vositalarida ushbu yirik majmua “Putin saroyi” ekanligi to‘g‘risida xabarlar tarqalgan edi.
Filmning kirish qismida Navalniy hali Berlin shifoxonisida davolanayotgan paytidayoq ushbu surishtiruv haqida o‘ylab yurgani to‘g‘risida so‘zlab beradi. Shuningdek, siyosatchi filmni aynan vataniga qaytganidan so‘ng, ommaga e’lon qilganiga quyidagicha izoh bergan:
“Ushbu filmning bosh qahramoni (Putin – tahr.) bizdan qo‘rqdi. Shu sababli chet eldan turib sirlar haqida aytib beryapti, deb o‘ylamasligi uchun shu qarorga keldik”, deydi muxolifat yetakchisi.
Filmning kirish qismi Germaniyada suratga olingan bo‘lib, unda Putinning korrupsion sxemaga asoslangan hayoti va tanish-bilishlar orttirishi aynan Germaniyadan, aniqrog‘i Drezdendan boshlangani haqida so‘z boradi.
Navalniyga ko‘ra, surishtiruv markaziga Gelenjik yaqinida, Qora dengiz sohilida joylashgan, umumiy 17 691 metr kvadrat maydonni egallagan, naqd 39 ta Monako knyazligiga teng bo‘lgan “butun boshli qirollik” qo‘yilgan.
Ta’kidlanishicha, majmua xodimlariga o‘zlari bilan hatto kamerali, oddiy telefon apparatini olib kelish man qilingan. Shuningdek, majmua hududiga kiruvchi barcha avtomobillar bir nechta nazorat punktlarida ko‘zdan kechiriladi.
Dengiz tomon yo‘nalgan tunnel
Filmga ko‘ra, ushbu majmuada saroydan tashqari yopiq muz maydoni, cherkov, 2500 metr kvadrat hajmdagi issiqxona, 80 metr uzunlikdagi ko‘prik va hatto amfiteatr ham mavjud. Majmuaning o‘ziga hos jihatlari ko‘p. Ulardan biri esa, maxsus tunnel hisoblanadi. Bu nimaga kerak bo‘ladi, deysizmi? Gap shundaki, majmua tik qirg‘oq ustiga bunyod qilingan va sohilga tushish dengiz tomonga qaratilgan xonasi ham bo‘lgan ushbu tunnel qurilgan.
Saroyning o‘zi 68 gektar maydonni egallaydi. Undan tashqari, uni Federal xavfsizlik xizmatining nazoratida bo‘lgan yana 7000 gektarga teng yopiq hudud o‘rab turadi.
BBC’ning rus xizmatiga ko‘ra, ushbu maydon saroyga egalik qilayotgan “Komplek” MCHJ tomonidan ijaraga olingan. Undan tashqari, ushbu MCHJ saroy oldidagi qirg‘oqni ham ijaraga olgan.
Navalniyga ko‘ra, Federal xavfsizlik xizmati ushbu qirg‘oqqa yaqin hududda baliq ovlashni hamda majmua ustidan samolyot uchishini taqiqlab qo‘ygan.
Saroyning ichiga sayohat
Filmda shuningdek, saroy binosining bosh rejasi ham namoyish qilingan. Unga ko‘ra, saroyda bir necha sauna, hammom, basseyn, sartaroshxona va akvadiskoteka mavjud. Undan tashqari, qishki bog‘, musiqali mehmonxona, kazino va sport zali ham joylashgan.
Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi, yuqori darajada qo‘riqlanadigan ushbu saroy haqida shuncha ma’lumotni Navalniy qanday qo‘lga kiritgan?
Filmda siyosatchi ushbu savolga ham javob berib o‘tgan. Unga ko‘ra, suratga olish jarayonlarida uning jamoasi dronlardan foydalangan. Majmua yaqiniga kelish uchun esa, naqd uch marotaba uringan va har safar rejalar chippakka chiqqan. Biroq to‘rtinchi urinish muvaffaqiyatli amalga oshgan. Bundan tashqari, majmuada uzoq muddatdan beri davom etayotgan qurilish ishlari avjiga chiqqani sababli ushbu hududga kelib ketuvchi ishchi-xodim va kuruvchilar ko‘p bo‘lgan va aynan ular Navalniy jamoasiga qimmatli ma’lumotlarni ulashgan.
Filmda saroyda mavjud bo‘lgan har bir mebelning surati va taxminiy narxi to‘g‘risida ham batafsil ma’lumot berilgan. Unga ko‘ra, saroyda bir dona stolning bahosi 4 million rubl va majmuada 2 million rubllik divan ham mavjud.
Bunday katta hashamatga mablag‘ qayerdan keladi?
Surishtiruv materialida ushbu savolga ham batafsil javob berilgan. Qayd etilishicha, 2010 yilda peterburglik Sergey Kolesnikov ismli ishbilarmon Putinning korrupsion tizimiga nuqta qo‘yishga chaqirib, Rossiyaning o‘sha paytdagi Prezidenti Dmitriy Medvedevga yozgan xati ommaga oshkor qilingan. Ushbu xatda saroy qurilishiga jalb qilingan tadbirkor Kolesnikov barcha kirdikorlar: qalbaki shartnomalar, offshor tashkilotlar, pulning qanday yuvilishi haqida yozgan. 10 yil avval ommaga ma’lum bo‘lgan ushbu dalil Navalniy filmiga ham asqotgan.
Shu bilan birgalikda, ushbu surishtiruv ishida Putinning o‘nlab eski tanish-bilishlari korrupsion sxemaning ajralmas bo‘lagi sifatida ko‘rasatilgan. Qurilish harajatlari Putinga yaqin odamlarga tegishli bo‘lgan firmalar hisobidan to‘langan, o‘tkazdirib berilgan.
LiveBarchasi