Qirg‘iz-tojik chegarasida mojaro: odamlar bir-birini toshbo‘ron qildi
Olam
−
28 aprel 2021
16487Qirg‘izistonning Botken viloyatidagi Tojikiston bilan chegara hududida qirg‘iz va tojik fuqarolari o‘rtasida ziddiyat kelib chiqdi. Bu haqda Qirg‘iziston Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara xizmati xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, mojaro tojik tomonining Oqsoy ovuli Ko‘k-Tosh qishlog‘idagi ustunlarga videokuzatuv kameralarini o‘rnatishga qaror qilganidan keyin boshlangan.
Xabarga ko‘ra, elektr ustunlari tuman suv xo‘jaligi boshqarmasiga tegishli bo‘lib, “Golovnoy” suv taqsimlash punkti yaqinidagi hududni yoritish uchun o‘rnatilgan. Ikki tomondan odamlar to‘planishi natijasida Qirg‘iziston harbiylari voqea joyiga yetib kelgan. Hozir chegaradagi vaziyat nisbatan barqaror.
“Hodisa kunning ikkinchi yarmida boshlangandi. Hozir odamlar bir-biriga tosh otishni to‘xtatdi. Qirg‘iziston Respublikasining Botken viloyati va Tojikiston Respublikasining Isfara viloyati hokimlari o‘rtasida muzokaralar olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.
Avvalroq, aprel oyi o‘rtalarida tojik-qirg‘iz chegara hududida ikki davlat aholisi o‘rtasida janjal kelib chiqqani xabar qilingandi. Mojaroga Qirg‘izistonning ikki davlat uchun ham muhim bo‘lgan suv taqsimlash inshooti oldida ko‘prik qurish harakatini boshlagani sabab bo‘lgandi.
LiveBarchasi