HAMAS Isroilga raketa hujumi uyushtirdi
Olam
−
10 may 2021
6406Bugun, 10 may kuni G‘azo sektoridan 45 ta raketaning uchirilishi Isroil bosib olgan Quddus hamda Beyt-Shemesh va mamlakatning yana bir necha shaharlarida sirenalarni ishga tushirdi. Bu haqda “RIA Novosti” yozmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Isroilga qarata uchirilgan raketalarning ko‘pchiligi “Temir gumbaz” nomli raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi tomonidan bartaraf qilingan. Shunday bo‘lsa-da, ulardan biri aholi turar joyiga kelib tushgan. Mamlakat parlamenti esa evakuatsiya qilingan.
Rossiyaning “Perviy kanal” jurnalisti Vladimir Poznerning ta’kidlashicha, Isroildagi har bir ko‘p qavatli uyning pastki qismida shunday hujumlar paytida aholining yashirinishi uchun mo‘ljallangan “bunker” yerosti qavatlari bor.
Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, G‘azo sektorini nazorat qiluvchi Falastinning HAMAS harakati Isroilga uchirilgan raketa hujumlari uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan.
Xabarga ko‘ra, HAMAS harakati raketa bilan o‘qqa tutishdan oldin Isroilni ogohlantirgan: Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidi va Shayx Jarroh mahallasidan askarlarni olib chiqib ketish uchun mahalliy vaqt bilan soat 18:00 gacha vaqt bergan.
Eslatib o‘tamiz, 7 may – Ramazon oyining oxirgi Juma kuni, Quddusdagi Al-Aqso masjidi atrofida tartibsizliklar boshlandi. Bunga Isroil politsiyasi tomonidan odamlar taroveh namozini o‘qiyotgan ushbu masjidga hujum qilgani sabab bo‘lgan. Bundan tashqari, Isroil sudi Shayx Jarroh mahallasida yashovchi arab oilalarini ko‘chirish to‘g‘risida qaror chiqargan. Chunki bu yerlarga yahudiylar da’vo qilib keladi. Oqibatda 300 dan ortiq falastinlik jarohatlangan.
Ushbu voqea yuzasida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an islomiy mamlakatlar va butun dunyo jamoatchiligini okkupatsiya qilingan Sharqiy Quddusdagi falastinliklarni o‘z uylaridan zo‘rlik bilan chiqarib yuborayotgan Isroilning agressiv harakatlariga nisbatan samarali qarshilik ko‘rsatishga chaqirdi. Keyinroq Erdo‘g‘an Isroilning harakatlarini “terror“, deb baholadi.
Turkiya Prezidentidan so‘ng, Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Isroil rasmiylarining Sharqiy Quddusdagi harbiy amaliyotini “qonunbuzarlik” deb atab, ular sodir bo‘lgan voqea uchun falastinliklardan kechirim so‘rashi kerakligini ta’kidladi.
Bungacha BMT Isroilni har qanday hujumlarni bekor qilish va namoyishchilarga qarshi kuch ishlatmaslikka chaqirgan bo‘lsa, AQSH vaziyatning keskinlashganidan qattiq xavotirda ekanini ma’lum qilgan.
O‘z navbatida, Isroil Bosh vaziri dunyo OAVni voqealar rivojini noto‘g‘ri talqin qilganlikda ayblab, mamlakat politsiyasining zo‘ravonliklarini qo‘llab-quvvatlagan edi.
LiveBarchasi