Qodirov Isroildan falastinliklar uchun uzr so‘rashni talab qildi
Olam
−
10 may 2021
13177Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Isroil rasmiylarining Sharqiy Quddusdagi harbiy amaliyotini «qonunbuzarlik» deb atadi. Bu haqda u o‘zining Telegram kanalida yozgan.
“Dunyo bo‘ylab musulmonlar uchun eng aziz bo‘lgan ikkita bayram bor va Ramazon ulardan biridir. Isroil rasmiylari jazolash amaliyotiga dindorlar uchun eng muqaddas kunlarni tanladi. Bu eng murakkab shakldagi provokatsiyadan boshqa narsa emas”, deb yozadi Qodirov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro hamjamiyat sodir bo‘layotgan voqealar fonida jim turmasligi kerak.
“Sharqiy Quddusdagi qonunbuzarlik zudlik bilan to‘xtatilishi kerak”, deydi Qodirov.
Uning fikriga ko‘ra, Isroil rasmiylari sodir bo‘lgan voqea uchun falastinliklardan kechirim so‘rashi kerak.
Eslatib o‘tamiz, 7 may – Ramazon oyining oxirgi juma kuni, Quddusdagi Al-Aqso masjidi atrofida tartibsizliklar boshlandi. Bunga Isroil politsiyasi tomonidan odamlar taroveh namozini o‘qiyotgan ushbu masjidga hujum qilgani sabab bo‘lgan. Bundan tashqari Isroil sudi Shayx Jarroh mahallasida yashovchi arab oilalarini ko‘chirish to‘g‘risida qaror chiqargan.
Falastin qizil yarim oy jamiyatining xabariga ko‘ra, Isroil politsiyasi 205 nafar falastinlik musulmonni jarohatlagan. Shuningdek, masjidga qilingan hujum paytida 13 falastinlik Isroil politsiyasi tomonidan hibsga olingan.
O‘z navbatida, xalqaro hamjamiyat Sharqiy Quddusdagi falastinlik oilalarni ko‘chirish bo‘yicha sud qarorini ma’qullamagan.
BMT Isroilni har qanday hujumlarni bekor qilish va namoyishchilarga qarshi kuch ishlatmaslikka chaqirgan bo‘lsa, AQSH vaziyatning keskinlashganidan qattiq xavotirda ekanini ma’lum qilgan.
Shundan so‘ng, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an islomiy mamlakatlar va butun dunyo jamoatchiligini okkupatsiya qilingan Sharqiy Quddusdagi falastinliklarni o‘z uylaridan zo‘rlik bilan chiqarib yuborayotgan Isroilning agressiv harakatlariga nisbatan samarali qarshilik ko‘rsatishga chaqirdi.