Dog‘iston va Chechenistonda favqulodda holat e’lon qilindi
Olam
−
13:45 3990 2 daqiqa
Kecha, 9 aprel kuni Rossiyaning Checheniston va Dog‘iston Respublikalaridagi suv toshqinlari sababli federal miqyosdagi favqulodda holat rejimi joriy etildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vaziri Aleksandr Kurenkov e’lon qildi.
“Mavjud vaziyatni va eshitilgan ma’ruzalarni inobatga olib, Dog‘iston Respublikasi va Checheniston Respublikasi hududidagi holatni federal xususiyatga ega favqulodda vaziyat deb tasniflash va federal darajadagi chora ko‘rish tartibini belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilindi”, deydi vazir Maxachqal’adagi yig‘ilishda.
Eslatib o‘tamiz, Dog‘istondagi suv toshqini kuchli yomg‘irlar tufayli joriy yil 5 aprelga o‘tar kechasi boshlangan edi. Shahar va qishloqlarda uylarni suv bosdi, hududda suv va elektr ta’minotida uzilishlar yuzaga keldi. Tog‘larda ko‘chki va sel hodisalari kuzatildi.
Suv toshqini oqibatida olti kishi, jumladan, uch nafar bola halok bo‘ldi. Toshqindan 6 mingdan ortiq kishi jabr ko‘rdi. Favqulodda vaziyatlar vazirligining 9 apreldagi ma’lumotlariga ko‘ra, Dog‘istonning sakkizta aholi punktida 1091 ta turarjoy binosi, 1146 ta tomorqa yer uchastkasi va 70 ta yo‘l qismi suv ostida qolmoqda.
Bundan avval, mart oyi oxirida Shimoliy Kavkazdagi suv toshqini sodir bo‘lib, u Dog‘iston va Chechenistonga ham ta’sir qilgandi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Chechenistonda 3 mingdan ortiq uy shikastlangan, Gudermes va yana bir qancha aholi punktlari aholisi evakuatsiya qilingan. Jami 30 ta ko‘prik (15 ta avtomobil va 15 ta piyodalar ko‘prigi) talofat ko‘rgan.
Live
Barchasi