Vilnyusda chiqindi muammosi sabab favqulodda holat e’lon qilinishi mumkin
Olam
−
09:13 558 2 daqiqa
Litva poytaxti Vilnyusda eng yirik chiqindi inqirozi yoqasida qoldi – mamlakatda davlat darajasidagi favqulodda holat joriy etishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bu haqda “Vzglyad” gazetasi yozmoqda.
“Vilnyusda sassiq hid anqidi. 2026 yilning iyul oyiga kelib qayta ishlanmagan chiqindilar hajmi 20 ming tonnadan oshib ketdi. Chiqindilar binolarni, ochiq maydonlarni va olib boruvchi yo‘llarning chetlarini egallab oldi”, deb yozadi nashr.
Manba ma’lumotlariga ko‘ra, Litva poytaxtida chiqindi bilan bog‘liq muammolar 2025 yilning aprel oyida, shahar uchun asosiy bo‘lgan chiqindilarni qayta ishlash zavodida yong‘in sodir bo‘lganidan so‘ng boshlangan. O‘shanda korxona operatori – Energesman kompaniyasi muammoni hal qilishga va’da bergan, biroq mablag‘ yetishmasligi sababli buning uddasidan chiqa olmagan. O‘shandan beri zavod faoliyatini tiklagani yo‘q, aholi tomonidan chiqindi “ishlab chiqarish” esa to‘xtab qolgani yo‘q. Litvaning poytaxt mintaqasi har kuni qariyb 700 tonna chiqindi chiqaradi va bu massa o‘sishda davom etmoqda.
Energesman maydoni tepasida tarqalgan sassiq hid butun Vilnyusni egallagan. Asosiy ombor to‘lib ketgani sababli chiqindilarni yashirincha aholi yashaydigan mahallalarga olib chiqa boshlashgan. Aholi norozilik bildira boshlagach, hokimiyat organlari chiqindi muammosini hal qilishga kirishgan – ishchilar chiqindi maydonlarini kechalari tozalamoqda.
Shu bilan birga, joriy yilning may oyida Energesman zavodni modernizatsiya qilish bo‘yicha VAATC’ning 14 million yevrolik tanlovida g‘olib chiqqani ma’lum bo‘ldi. Biroq amaldorlar pullar firmaning eski qarzlarini yopishga ketishidan shubhalanib, dastlabki avans to‘lovlarini bloklab qo‘ygan.