Toşkentda çiqindi olib çiqiş xizmati narxi oşirilişi mumkin

O‘zbekiston

−

visibility2080 timer3 daqiqa

image

Toşkentda maişiy çiqindilar bilan boğliq xizmatlar tariflarini 33,3 foizga oşiriş taklif etilmoqda. Aholi uçun çiqindi olib çiqiş böyiça oylik tölov kişi boşiga 8 400 sömdan 11 200 sömgaça kötarilişi mumkin. Bu haqda Xalq deputatlari Toşkent şahar Kengaşi komissiyasi ma’qullagan “2027 yil uçun maişiy çiqindilar bilan boğliq xizmatlar tariflarini belgilaş töğrisida”gi qaror loyihasida söz boradi. 

Qarorga köra, aholi uçun qattiq maişiy çiqindilarni olib çiqiş tarifi QQSsiz kişi boşiga oyiga 10 ming söm etib belgilanişi taklif qilingan. QQS bilan hisoblaganda, oylik tölov 8 400 sömdan 11 200 sömgaça, ya’ni 33,3 foizga oşişi mumkin. Xalq deputatlari Toşkent şahar Kengaşi komissiyasi 25 noyabr kuni 2027 yil uçun maişiy çiqindilar bilan boğliq xizmatlar tariflari loyihasini maqullagan.

Şuningdek, byudjet taşkilotlari, yuridik şaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uçun quyidagi tariflar (QQSsiz) taklif etilmoqda:

  • Qattiq maişiy çiqindilarni olib çiqiş – 1 kub metr uçun 119 969,79 söm;
  • Suyuq maişiy çiqindilarni olib çiqiş – 1 tonna uçun 251 744,65 söm;
  • Qattiq maişiy çiqindilarni Bektemir, Yakkasaroy va Yunusobod tumanlaridagi çiqindini qayta yuklaş stansiyalaridan “Ohangaron” poligoniga taşiş – 1 tonna uçun 104 676,50 söm;
  • Çiqindilarni qayta yuklaş stansiyalarida qabul qiliş, presslaş va poligonda utilizatsiya qiliş xarajatlari bilan birga – 1 tonna uçun 155 281,27 söm;
  • “Ohangaron” poligonida qattiq maişiy çiqindilarni qabul qiliş va utilizatsiya qiliş – 1 tonna uçun 79 199,28 söm;
  • “Ohangaron” poligonida qattiq maişiy çiqindilarni qabul qiliş va kömiş – 1 tonna uçun 1 148 146,48 söm.

Yangi tariflar tasdiqlangan taqdirda, tört kişilik oilaning çiqindi olib çiqiş uçun oylik xarajati 33 600 sömdan 44 800 sömgaça oşadi. Yillik xarajat esa 403 200 sömdan 537 600 sömgaça kötariladi.

Bundan taşqari, byudjet taşkilotlari, yuridik şaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uçun qattiq maişiy çiqindilarni olib çiqiş tarifi QQSsiz 1 kub metr uçun 89 977,57 sömdan 119 969,79 sömgaça oşirilişi taklif qilinmoqda. QQS bilan hisoblaganda, bu summa 100,8 ming sömdan 134,4 ming sömgaça yetadi.

Qaror loyihasida “Maxsustrans” korxonasiga tariflar oşirilişi munosabati bilan matbuot anjumanlari ötkaziş hamda aholi örtasida tuşuntiriş işlarini olib boriş vazifasi yuklatilgan.

Mazkur taklif 15 kun davomida jamoatçilik muhokamasida böladi. Şundan söng masalani şahar Kengaşi sessiyasi kun tartibiga kiritiş rejalaştirilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing