Al-Aqsoga hujum har birimizga tajovuzdir – Erdo‘g‘an musulmon olamiga chaqiriq bilan chiqdi
Olam
−
09 may 2021
30704Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an islomiy mamlakatlar va butun dunyo jamoatchiligini okkupatsiya qilingan Sharqiy Quddusdagi falastinliklarni o‘z uylaridan zo‘rlik bilan chiqarib yuborayotgan Isroilning agressiv harakatlariga nisbatan samarali qarshilik ko‘rsatishga chaqirdi. Bu haqda Turkiya Prezidenti o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Isroil Islomning muqaddas ziyoratgohi bo‘lmish Al-Aqso masjidida ibodat qilayotganlarga ham bosim o‘tkazmoqda.
“Men butun dunyo jamoatchiligini, xususan islomiy mamlakatlarni Isroilning Quddusdagi Al-Aqso masjidi hududidagi harakatlariga, shu jumladan falastinliklarni o‘z uylaridan majburan chiqarib yuborishga urinishlariga faol qarshi chiqishga chaqiraman”, deyiladi “Quddus butun dunyodir, undagi musulmonlar esa butun insoniyat” nomli sarlavha ostida.
Erdo‘g‘anning qayd etishicha, Isroilning jinoyatlarini e’tiborsiz qoldirgan har bir kishi uning qonunbuzarliklariga sherik bo‘ladi.
“Muqaddas Quddusni muhofaza qilish har bir musulmonning burchidir. Quddusdagi muqaddas qadamjolarga, shu jumladan Al-Aqso masjidiga hujum va musulmonlarga qarshi kuch ishlatishlar har birimizga qarshi tajovuzdir. Quddus – bu uchta din shahri, barcha qonun me’yorlarini e’tiborsiz qoldiradigan holda shafqatsiz va hurmatsizlik qilib, bu shaharga dog‘ tushirishga urinayotganlar to‘xtatilishi kerak. Bu o‘zini inson, deb bilgan har bir kishining burchidir. Isroilning jinoyatlarini e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi. Loqaydlik qilgan har bir kishi sodir etilgan qonunbuzarlikka sherik bo‘ladi”, deya yozadi Turkiya Prezidenti.
Eslatib o‘tamiz, 7 may – Ramazon oyining oxirgi Juma kuni, Quddusdagi Al-Aqso masjidi atrofida tartibsizliklar boshlandi. Bunga Isroil politsiyasi tomonidan odamlar taroveh namozini o‘qiyotgan ushbu masjidga hujum qilgani sabab bo‘lgan. Bundan tashqari Isroil sudi Shayx Jarroh mahallasida yashovchi arab oilalarini ko‘chirish to‘g‘risida qaror chiqargan.
Falastin qizil yarim oy jamiyatining xabariga ko‘ra, Isroil politsiyasi 205 nafar falastinlik musulmonni jarohatlagan. Shuningdek, masjidga qilingan hujum paytida 13 falastinlik Isroil politsiyasi tomonidan hibsga olingani.
O‘z navbatida, xalqaro hamjamiyat Sharqiy Quddusdagi falastinlik oilalarni ko‘chirish bo‘yicha sud qarorini ma’qullamagan.
BMT Isroilni har qanday hujumlarni bekor qilish va namoyishchilarga qarshi kuch ishlatmaslikka chaqirgan bo‘lsa, AQSH vaziyatning keskinlashganidan qattiq xavotirda ekanini ma’lum qilgan.