Halokat “yoqasidagi” afg‘onlar, raqobatchilari haqida so‘z ochgan Mirziyoyev va “qo‘li kaltalashgan” QQS – Kun dayjesti

Jamiyat

image

Bugun, 26 oktyabr kuni O‘zbekiston va halqaro maydonda ko‘plab muhim voqealiklar sodir bo‘ldi. Yana besh yil muddatga O‘zbekiston Prezidenti etib saylangan Shavkat Mirziyoyev saylovda nomzodi qo‘yilgan, biroq mag‘lub bo‘lganlar haqida o‘z fikrini bildirgan bo‘lsa, Germaniya Prezidenti Angela Markeldan lavozimida qolishni so‘radi. Shu kabi xabarlarning qisqacha tafsiloti bilan quyida tanishing:

Jamiyat 

Mirziyoyev raqobatchilari haqida: “Ularning ham niyati – O‘zbekistonni rivojlantirish”

O‘zbekiston Prezidenti saylovida ishtirok etib, mag‘lub bo‘lgan nomzodlarning dasturlaridagi xalqqa ma’qul takliflar inobatga olinadi. Bu haqda saylovda g‘alaba qozongan O‘zLiDep nomzodi Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.

“Ularning ham niyati – O‘zbekistonni rivojlantirish. Shuning uchun ularning dasturidagi xalqimizga ma’qul takliflarni albatta inobatga olamiz. Biz kecha raqobat qilgan bo‘lsak, endi bir musht bo‘lib, harakat qilishimiz kerak. Men xalqimizning yuksak ishonchini oqlash, orzu-umidlarini ushaltirish, farovon hayotini ta’minlash uchun bor kuch-g‘ayratim va salohiyatimni sarflashga va’da beraman. Yangi O‘zbekistonni hammamiz birgalikda quramiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident o‘z belgisi va bayrog‘iga ega bo‘ldi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining belgisi va shtandartiga (bayrog‘iga) ega bo‘ldi. “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuniga tegishli qo‘shimcha kiritildi.

Qonunda Prezident belgisi va shtandarti (bayrog‘i) tavsifi, ulardan rasmiy foydalanish tartibi Prezident tomonidan belgilanadi.

Ayrim muzey xodimlarining maoshi oshirildi

Madaniyat vazirining buyrug‘i bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan davlat madaniyat muassasalari xodimlari mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha bazaviy lavozim maoshlari miqdorlariga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritildi.

O‘zgartirishlarga muvofiq davlat muzeylari, muzey-qo‘riqxonalari, uy muzeylari va boshqa muzey turidagi tashkilotlarning quyidagilarga ega ma’muriy-boshqaruv xodimlari, ijodiy xodimlari va mutaxassislarining bazaviy lavozim maoshlari miqdorlari ko‘tariladi.

O‘zbekistonda qaysi hudud ekologiyaga eng ko‘p zarar berishi ma’lum bo‘ldi

2020 yil yakunlariga ko‘ra respublika bo‘yicha toksik va notoksik chiqindilar hosil qiladigan tashkilotlarda hosil bo‘lgan jami chiqindilar miqdori 125,6 mln tonnani tashkil etgan. 

Hududlar kesimida tahlil qilinganda, eng yuqori ulush Navoiy viloyatida ekani ma’lum bo‘lgan – 48,2 foiz. Keyingi o‘rinlardan Toshkent viloyati (34,6 foiz) va Jizzax viloyati (9,1 foiz) joy oldi.

Go‘sht, baliq va kartoshka QQSdan ozod qilindi

O‘zbekiston Prezidenti "O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi.

Kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, 2021 yil 10 oktyabrdan 31 dekabrgacha bo‘lgan davrda go‘sht (mol, qo‘y, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni so‘yishdan olinadigan mahsulotlarni, kartoshkani hamda muzlatilgan baliqni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma, shuningdek ularni O‘zbekistonga olib kirish qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi.

Talabalarni ijaraga qo‘yganlar daromad solig‘idan ozod qilinishi mumkin

Talabalarni o‘z uylariga ijaraga joylashtiruvchi shaxslarning ijara to‘lovlaridan olgan daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etilishi mumkin.

“Bundan buyon bo‘hton xabarlarga toqat qilolmaymiz”. QALAMPIR.UZ rahbari Xalqaro forumda nutq so‘zladi

Xalqaro OAVda e’lon qilinayotgan yirik jinoyatlar bilan bog‘liq xabarlarda aybdorlar aniqlanmay turib, “jinoyatni sodir etgan shaxs markaziy osiyolik yoki falonchi davlat fuqarosi bo‘lishi mumkin”, degan taxminlarning ilgari surilishi o‘quvchilar ongida o‘sha mamlakat va uning ko‘p millatli xalqining obro‘-e’tiborini tushirmoqda.

Umra ziyoratiga borishni xohlovchilar endi 14 kun kutishmaydi

Endilikda Umra ziyoratiga borishni xohlovchi musulmonlar avvalgidek ro‘yxatga yozilish uchun 14 kun kutishlari shart emas. 

Vazirlikning rejalashtirish va strategiya bo‘limi boshlig‘i Amir Maddaning aytishicha, koronavirus tufayli joriy etilgan profilaktik tadbirlarning yumshatilishi natijasida umra ziyoritiga keluvchilar uchun keng imkoniyatlar eshigi ochilmoqda.

Davlat xizmatchilarining mehnat ta’tili uzaytirilishi mumkin

Davlat xizmatchilarining eng kam yillik mehnat ta’tili 27 kunga uzaytirilishi mumkin.

Qayd etilishicha, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan uch o‘qishda qabul qilinib, ayni damda Senatga jo‘natilgan kodeks matnida yillik mehnat ta’tili bo‘yicha qator yangiliklar mavjud.

O‘zbekistonliklarning Rossiyada ishlashiga doir bitim tasdiqlanadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi.

Hujjat bilan joriy yilning 17 iyun kuni Toshkent va Moskva shaharlarida diplomatik kanal orqali imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining Rossiya Federatsiyasi hududida va Rossiya Federatsiyasi fuqarolarining O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lishlari tartibi to‘g‘risida”gi Bitim tasdiqlanadi.

Eski avtomobilni rasmiylashtirish uchun yig‘imlar bekor qilinadi – G‘aniyev

2022 yil byudjet parametrlarini shakllantirishda avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun undiriladigan yig‘imlarni bekor qilish ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev ma’lum qildi.

“Bundan bir necha hafta avval, ikkilamchi bozordan avtomobil xarid qilinganda uni boshqa shaxs nomiga oldi-sotdi shartnomasi orqali notarial rasmiylashtirish hamda DYHXX (GAI)da ro‘yxatdan o‘tkazishda to‘lanadigan davlat boji va yig‘imlar miqdorining yuqoriligi haqida yozgandim. Shuningdek, ushbu davlat boji va yig‘imlar stavkalarini 2022 yil uchun davlat byudjetining parametrlarini shakllantirishda qayta ko‘rib chiqishni so‘rab, Moliya vazirligiga deputatlik so‘rovi yuborgandim. Bugun o‘sha so‘rovimga Moliya vazirligidan javob oldim”, deydi deputat.

Saylovlar tinch, lekin cheklangan siyosiy muhitda o‘tdi – AQSH O‘zbekistondagi saylov bo‘yicha bayonot berdi

O‘zbekistonda Prezident saylovi siyosiy jihatdan cheklangan muhitda o‘tkazildi. Bu haqda AQSH Davlat deparatmentining O‘zbekistondagi saylovlar bo‘yicha xulosasida aytilgan.

“Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekiston xalqining 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tagan prezidentlik saylovlarida o‘z ovoz berish huquqidan foydalanishini qo‘llab-quvvatlaydi. Biz saylovlar tinch va saylovchilarning faol ishtiroki bilan xarakterlangani borasida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (YeXHB DIIHB) kuzatuvchilar missiyasi bilan hamfikrmiz. Ammo YeXHTning saylovlar haddan tashqari cheklangan siyosiy muhitda o‘tgani bo‘yicha tashvishiga sherikmiz. Shu bilan birga saylov o‘tkazishda muhim kafolatlarga e’tibor qaratilmagan”, deyiladi Davlat departamenti xulosasida.

Olam

 

Misrda 4,5 yillik favqulodda holat bekor qilindi 

Misr Prezidenti Abdul Fattoh as-Sisi 2017 yilda mamlakatda joriy etilgan favqulodda holatni bekor qildi. U tegishli bayonotni Facebook’dagi rasmiy sahifasida e’lon qilgan.  

“Doimo kurash va mashaqqatli mehnat orqali intilib kelgan lahzani birga baham ko‘rayotganimizdan xursandman. Misr o‘zining buyuk xalqi va sodiq odamlari tufayli mintaqada xavfsizlik va barqarorlik vohasiga aylandi. Shu sababli, men yillar davomida birinchi marta favqulodda holat muddatini uzaytirishni bekor qilishga qaror qildim”, degan u.

Yaponiya malikasi sevgisi tufayli unvonidan mahrum bo‘ldi

Yaponiya malikasi Mako oddiy yigitga turmushga chiqdi va qirollik xonadoni a’zosi maqomini yo‘qotdi. 

Qayd etilishicha, Mako kollejda tanishgan oshig‘i Key Komuroga turmushga chiqqan. Ular aslida 2018 yilda turmush qurishi rejalashtirilgan, biroq ba’zi bir sabablarga ko‘ra nikoh kechiktirilgan.

AQSHning Rossiya bilan munosabatlardagi asosiy xatosi aytildi

AQSH rahbariyati xalqaro maydonda Pekinga e’tibor qaratish va Moskvaning tanazzuliga umid qilish kerak, deb yanglishmoqda. 

“Vashington Rossiya burchak ostida qolgan degan ishonchdan voz kechishi kerak. Uning rahbariyati o‘zini bunday obrazda tutmaydi, aksincha, Kreml o‘zini o‘z mintaqasidagi kuch markazi va global miqyosdagi faol o‘yinchi sifatida ko‘radi”, deb yozgan mualliflar Maykl Kofman va Andrea Kendall-Teylor. 

“Afg‘onistonni falokat kutmoqda”. BMT 23 mln afg‘on qirilib ketishidan ogohlantirdi 

Afg‘onistonning 23 million aholisi ochlik oqibatida halok bo‘lishi mumkin. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamda Butunjahon oziq-ovqat dasturi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot shunday natija ko‘rsatgan.

“Agar shoshilinch choralar ko‘rilmasa, noyabr oyida Afg‘onistonga keng ko‘lamli ochlik xavf soladi, mamlakat aholisining yarmi, deyarli 23 mln kishi o‘tkir oziq-ovqat yetishmovchiligiga duch keladi. Bu dunyodagi eng yomon gumanitar inqirozni boshdan o‘tkazayotgan ushbu mamlakat uchun navbatdagi qayg‘uli rekord”, deyiladi BMT xabarida.

Germaniya Prezidenti Merkeldan lavozimida qolishni so‘radi

Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer Angela Merkeldan uning o‘rniga boshqa odam tayinlangunga qadar kansler vazifasini bajarishni davom ettirishni so‘radi. 

“So‘rov Asosiy qonunning 69-moddasi 3-bandiga muvofiq bugun 20-chaqiriq Bundestagning ta’sis majlisining ochilishi bilan bog‘liq”, deyilgan xabarda. 

Qozog‘iston milliy ma’naviyatni shakllantirish uchun 280 mln dollar sarflamoqchi

Qozog‘iston Axborot va ijtimoiy rivojlanish vazirligi mamlakatda milliy ruhni shakllantirishga yordam berishi kerak bo‘lgan “Ұlttiq ruxani jaңg‘iru” (Milliy ma’naviy tiklanish – tahr.) loyihasini taqdim etdi.

Qayd etilishicha, loyihaning vazifalari quyidagilardan iborat: qozoq tilini kundalik muhitdan olib chiqish hamda uni fan va biznes tiliga aylantirish, shuningdek, Qozog‘iston milliy madaniyatini chet davlatlarda targ‘ib qilish. 

BMT ogohlantirdi: insoniyat xavf ostida!

2020 yilda karbonat angidrid (CO2) konsentratsiyasi millionning 413,2 qismga yoki sanoat paydo bo‘lishidan oldingi holatdan 149 foizga ko‘p bo‘ldi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lum qilgan.

Metan konsentratsiyasi 1750 yilga qaraganda ko‘p, ya’ni 262 foizni, azot oksidi (N2O) esa 123 foizni tashkil qilgan. Bu degani 1750 yildan boshlab insoniyat Yerdagi tabiiy muvozanatni buzishni boshlagan.

Sport

Boks bo‘yicha JCH: bugun Hasanboy va yana 2 bokschi jang qiladi

Xabaringiz bor, ayni damda Serbiyaning Belgrad shahrida boks bo‘yicha Jahon chempionati bahslari bo‘lib o‘tmoqda.

Bugun, 26 oktyabr kuni esa Jahon chempionatida 3 nafar o‘zbekistonlik bokschilar ringga ko‘tariladi.

“The Ring” eng kuchli bokschilar reytingini yangiladi. Fyuri o‘ntalikda yo‘q

Nufuzli “The Ring” nashri vazn toifasidan qat’i nazar, dunyoning eng yaxshi bokschilarining yangilangan reytingini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, super o‘rta vaznda WBA, WBC, WBO va The Ring chempionlik kamari sohibi Saul Alvares birinchi pog‘onada qayd etilgan, ikkinchi o‘rinda versiyalari bo‘yicha super og‘ir toifada WBA, IBF, WBO va IBO yo‘nalishlari bo‘yicha Jahon chempioni Aleksandr Usik joylashgan. Yaponiyalik Naoya Inoue esa uchinchi o‘rinda qayd etilgan.

“Oltin to‘p”ni Messi yutishidan qo‘rqaman – PFF prezidenti

Polsha futbol federatsiyasi prezidenti va “Yuventus” sobiq futbolchisi Bonek Zbignev bu yilgi “Oltin to‘p”ning Messiga topshirilishi adolatsizlik bo‘lishini aytdi.

“Qo‘rqamanki, sovrinni Messi qo‘lga kiritadi. Sababi, bu mukofot uchun Afrika, Amerika va Osiyo qit’alarida ham ovoz berish jarayonlari bo‘lib o‘tadi, ular esa Messi va Ronaldudan boshqasini bilishmaydi”, degan Zbignev.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

89

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing