Taxtdan o‘z oyog‘i bilan ketayotgan “Arqadag‘”, “minalangan” O‘zbekiston elchixonasi, yana tilga tushgan Qodirov… 12 fevral dayjesti

Tahlil

image
Yakuniga yetayotgan 12 fevral kuni O‘zbekiston va xalqaro maydonda qator muhim voqealar yuz bergani bilan yodda qolmoqda. QALAMPIR.UZ dayjestida kunning eng muhim voqealari qisqacha tafsiloti bilan tanishing.

Jamiyat 

Avtomobillarni ijaraga berish soddalashtirildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti joriy yilning 9 fevral kuni “Fuqarolarning va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Endilikda, avtomototransport vositalari elektron savdo platformasi vositasida elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berilganda ijaraga berish shartnomalarini notarial tartibda tasdiqlash talab etilmaydi. Bunda, elektron onlayn-auksion natijalariga ko‘ra rasmiylashtirilgan bayonnoma ijara shartnomasi kuchiga ega buladi. Qo‘shimcha FKning 565-moddasiga kiritildi.

Zoyir Mirzayevning tayinlanganiga bir hafta ham bo‘lmagan o‘rinbosari “qovun tushirdi”

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati hokimining tayinlanganiga hali bir hafta ham bo‘lmagan birinchi o‘rinbosari Xolmirza Niyozov tonggi soat 07:00 ga yig‘ilish chaqirgani aytilgan xabar tarqaldi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Matbuot xizmati bugun, 12 fevral kuni soat 07:00 da haqiqatan ham majlis o‘tkazilganini tasdiqladi.

Bugun ertalab ushbu vaziyatga aniqlik kiritish uchun Davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i Qudratullo Odinayev Toshkent viloyati hokimligiga borgan. 

Inspeksiya xodimlari soat 07:10 atrofida hokimiyat binosiga kirib borganda, majlis o‘tkazilayotganini aniqlagan. Biroq, yig‘ilganlar vazirlik vakillarini ko‘rishi bilan majlisdan chiqib ketgan. 

Qodirov tirbandlikni yo‘qotish uchun tramvayni qaytarishdan ko‘ra tejamkor taklif berdi

O‘zbekistonda yo‘llardagi tirbandlik asosan talabalar hisobiga yuzaga kelmoqda. Yo‘llarda avtobuslar uchun alohida yo‘laklar ajratilsa, harakat tartibga kelib, tirbandlik bartaraf etilishi mumkin. “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov shunday fikr bildirdi.

Qodirov avtobus harakati uchun alohida, ajratib qo‘yilgan yo‘l bo‘lishi avtobusni aniq grafik asosida harakatini ta’minlashini qayd etib, bu tramvay uchun qayta tizim yaratishdan arzonroqqa tushishini aytib o‘tgan. So‘zi isboti sifatida Turkiyaning Istanbul shahrini ko‘rsatgan.

Shuningdek, deputat qonunlar borasida ham fikr bildirib, ular faqat insonparvar bo‘lishi emas, insonlarni himoya ham qilishi kerakligini ta’kidlagan.

Toshkentda Mehribonlik uyi tarbiyachisi bolalardan birini kaltakladi

Toshkentning Yunusobod tumanida joylashgan 21-sonli Mehribonlik uyida tarbiyalanayotgan bolaga erkak tarbiyachi kuch ishlatib, jismoniy tazyiq o‘tkazgani aniqlandi. Bu haqda O‘zA ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, joriy yilning yanvar oyida Bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga Toshkent shahrida joylashgan 21-sonli Mehribonlik uyida tarbiyalanayotgan A. ismli bolaga B. ismli (erkak) tarbiyachi kuch ishlatib, jismoniy tazyiq o‘tkazayotgani haqida ma’lumot kelib tushgan. Bola huquqlari bo‘yicha vakil ushbu holat yuzasidan o‘rganish o‘tkazgan.

Qodirov OTMlarda darsni soat 10:00 dan boshlashni taklif qildi

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov mamlakatda talabalar darsining boshlanish vaqtini surish taklifi bilan chiqdi.

Deputatga ko‘ra, Tirbandlikni keltirib chiqarayotgan oqimning katta qismi talabalar. Tirbandlik ertalab o‘qishga kelish va qaytish vaqtiga to‘g‘ri kelyapti.

“Nima uchun davlat xizmatida ish boshlash vaqtini 8:30, oliygohlarda o‘qish boshlash vaqtini 10:00 ga belgilash mumkin emas? Osmon uzilib yerga tushmaydi, lekin jamoat transportiga ham, avtoyo‘llarga ham bosim jiddiy kamayadi”, deydi deputat.

Muborak IIB boshlig‘i ushlandi. U pora bilan ushlangan “zamhokim”ga aloqador

Xabaringiz bor, Qashqadaryo viloyat prokuraturasi tomonidan joriy yilning 6 fevralida Mirishkor tumani hokimi o‘rinbosari U.Yaxshiyev tadbirkordan yer ajratib berish evaziga 80 ming AQSH dollari pora talab qilib, shundan 50 ming AQSH dollarini olgan vaqtida jinoyat ustida ushlangan edi. Holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayblanuvchi qamoqqa olingan.

Qashqadaryo vilyaoti prokuraturasi mazkur holat bo‘yicha o‘tkazilgan surishtiruv yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, Jinoyat ishi yuzasidan o‘tkazilgan dastlabki tergovda ichki ishlar organlari kadrlar zahirasidagi xodim – Umid Yaxshiyev pora olish jinoyatini tanishi Muborak tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i X.Bahriyev bilan oldindan jinoiy til biriktirgan holda sodir etganligi aniqlangan.

Toshkentda bedarak yo‘qolgan ikki qiz qidirilmoqda

Toshkent shahrida 20 va 22 yoshli ikki nafar qiz qidirilmoqda. Ular uyidan chiqib ketgach, bedarak yo‘qolgan. Bu haqda Toshkent shahar bosh boshqarmasi xabar bermoqda. 

Qayd etilishicha, 2002 yilda tug‘ilgan Dilnoza Bahodir qizi Yunusova 2022 yil 7 fevral kuni Sergeli tumani, Sergeli-7 massivida joylashgan uyidan chiqib ketib, bedarak yo‘qolgan. 

Belgilari: bo‘yi 160-165 sm, tana tuzilishi o‘rtacha, sochlari uzun, qora,  ko‘zlari jigar. 

Kiyimlari: qora kurtka, pushti rang, qora krossovka. 

Shuningdek, 2000-yilda tug‘ilgan Kamola Abdukarim qizi Nazarqulova  2021 yil 12 oktyabr kuni “Qo‘yliq” bozoridan chiqib, bedarak yo‘qolgan. 

Zoyir Mirzayev 30 yildan buyon hokimlar qadami yetmagan qishloqqa bordi

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan, 30 yildan buyon hokimlar qadam bosmagan Piskom qishlog‘iga bordi. Bu haqda QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova voqea joyidan xabar bermoqda.

Jurnalist Zoyir Mirzayevga odatda hokimlar biror bir hududga borishidan oldin sahnalashtirish jarayonlari bo‘lishi, reja asosida hokim kelishiga o‘zgacha tayyorgarlik ko‘rilib, dasturxonlar tuzatilishi mumkinligini aytib, “Mana shunday soxtaliklar bo‘lishidan qo‘rqmaysizmi?”, deb so‘radi.

“Shunday holat ko‘rdingizmi? Shunaqa narsa bormi? Men kelishimga ko‘zbo‘yamachilik bo‘lsa, men davraga kirmasdan ham qaytib ketaveraman”, deydi hokim.

Olam

JSST olimi pandemiya yakuni bo‘yicha xavotirli bayonot berdi

COVID-19 pandemiyasi dunyoda tugashiga hali ancha vaqt bor, chunki koronavirusning yangi variantlari paydo bo‘ladi. Bu haqda kecha, 11 fevral kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh olimi Soumya Svaminatan Janubiy Afrika Respublikasiga tashrifi chog‘ida ma’lum qildi.

“Biz koronavirus qanday rivojlanishini va qanday mutatsiyaga uchraganini ko‘rdik. Biz bilamizki, COVID-19 ning yangi, ko‘plab variantlari xavotirga sabab bo‘ladigan yangi turlari paydo bo‘ladi. Biz haliga pandemiyaning oxiriga yetganimiz yo‘q”, deydi JSST vakili.

Bayden Rossiyaning Ukrainaga “bostirib kirish” sanasini aniq aytdi

AQSH Prezidenti Jo Bayden G‘arb davlatlari, Yevropa Ittifoqi va NATO yetakchilari bilan o‘tkazilgan videokonferensiyada Rossiya Ukrainaga joriy yilning 16 fevral kuni “bostirib kirishini” aytdi, biroq yevropaliklar uning fikriga qo‘shilmadi. Bu haqda “Politico” gazetasi xabardor manbalarga tayanib yozgan.  

“Prezident Jo Bayden bir soatlik suhbat chog‘ida G‘arb yetakchilariga 16 fevral sanasini aytdi”, deyilgan xabarda. 

“Arqadag‘” Prezidentlikdan ketishga qaror qildi

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov o‘z lavozimini tark etishi mumkin. U kecha, 11 fevral kuni Ashxobodda Turkmaniston parlamentining yuqori palatasining navbatdan tashqari yig‘ilishida endilikda Xalq maslahati raisi sifatida siyosiy tajribasini mamlakat taraqqiyotiga sarflash niyatida ekanini aytdi. Bu haqda Turkmaniston davlat axborot agentligi xabar berdi.

“Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida davlat boshqaruvi sari yo‘lni ma’naviy muhitda va zamonning yuksak talablari asosida tarbiyalangan yosh yetakchilarga berish kerak, degan fikrni qo‘llab-quvvatlayman. Men Xalq maslahati raisi sifatida katta hayotiy va siyosiy tajribamni bundan buyon ham shu sohaga yo‘naltirish niyatidaman”, dedi Gurbanguli Berdimuhammedov.

AQSH Xitoy va Rossiya hamkorligidan xavotirda

Vashington Moskva va Pekin eng yuqori darajada hamkorlik qilayotganidan xavotir bildirdi. Bu haqda “Reuters” agentligi xabar berdi.  

“[Ular] bizga zarar yetkazish uchun harakat qilmoqda”, degan AQSH ma’muriyati rasmiysi jurnalistlarga. 

Amerika rasmiysiga ko‘ra, gap Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi yaqinlashish kuchayib borayotgani haqida ketmoqda hamda ikki davlat rahbarlari Vladimir Putin va Si Szinpinning yaqinda bo‘lib o‘tgan uchrashuvi Pekin Moskvaning Kiyevga qarshi harakatlarini qonuniy deb bilishidan dalolat beradi. 

“Qonli yanvar” fojiasida jamoasini tashlab qochgan “Turk havo yo‘llari” raisi lavozimidan “uchdi”

“Turk havo yo‘llari” aviakompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Ilkar Aychi “qonli yanvar” voqealari sodir bo‘layotgan vaqtda ekapaj a’zolarini Olmaotada qoldirib, o‘zi turmush o‘rtog‘i bilan Qozog‘istonni yuk samolyotida tark etgani uchun lavozimidan ozod etildi. Bu haqda mahalliy nashrlar xabar bermoqda. 

Bir vaqtlar Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anning maslahatchisi lavozimida ishlagan Ilkar Aychi yanvar oyi boshida ta’tilni o‘tkazish uchun Qozog‘istonga borgan. Mamlakatda namoyishlar avj olib, qaltis vaziyat yuzaga kelgach, u rafiqasi Tugche Saatman-Aychi bilan yuk tashuvchi samolyotda Turkiyaga qaytib kelgan. 

AQSH ortidan yana 5 davlat o‘z fuqarolarini Ukrainadan ketishga chaqirdi 

Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Chernogoriya, Yaponiya va Janubiy Koreya o‘z fuqarolariga Ukrainaga sayohat qilmaslik yoki uning hududini tark etishni tavsiya qildi. Bu haqda RBK xabar bergan. 

Ta’kidlanishicha, Chernogoriya Tashqi ishlar vazirligi “kuchlanishning ortishi va oldindan aytib bo‘lmaydigan xavfsizlik vaziyati munosabati bilan” fuqarolarga Ukrainani vaqtincha tark etishni tavsiya qilgan. Janubiy Koreya Ukrainaga qizil ogohlantirish darajasini belgilagan va bu davlatga sayohat qilishni taqiqlagan. 

Peskov Putin NATO bobida 15 yil oldin to‘g‘ri bashorat qilganini eslatdi

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 15 yil avval Myunxen xavfsizlik konferensiyasida NATOni Rossiya chegaralariga yaqinlashishi masalasini ko‘targan va hozirgacha unga javob berilmagan. Bu haqda Kreml rasmiy vakili Dmitriy Peskov ma’lum qildi.

“Putin nima uchun NATO o‘zining harbiy infratuzilmasi bilan chegaramizga yaqinlashayotganini so‘ragan. Bu masala, ko‘rib turganingizdek, bugungi kunda tashqi siyosat kun tartibining birinchi o‘rnida turibdi. Va hozircha bu savolga hech kim javob bermadi ”, dedi u.

Poyezd tagida qolib ketgan 6 yashar bola vafot etdi

Kecha, 11 fevral kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri shimolida olti yoshli bola elektr poyezdi ostida qolib ketdi. Bola olgan jarohatlari tufayli vafot etdi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligining Shimoliy-G‘arbiy federal okrug bo‘yicha transport bo‘limi ma’lum qilgan.

“Fojia soat 18:00 atrofida Laxta-Novaya qishlog‘ida sodir bo‘lgan. Voqea joyiga yetib kelgan shifokorlar bolaga yordam berishga ulgurmagan, u vafot etgan”, deyiladi xabarda.

O‘zbekistondan Rossiyaga ketayotgan yuk mashina Qozog‘istonda yonib ketdi

Qozog‘istonda Nur-Sulton - Pavlodar yo‘lida Rossiyaga o‘zbek trikotaj buyumlarini olib ketayotgan yuk mashinasi yonib ketdi. Bu haqda KazTAG ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, bugun, 12 fevral kuni soat 01:38 da O‘zbekistondan Rossiyaga trikotaj maxsulotlari olib ketayotgan Renault Premium 2010 yuk mashinasi Nursulton-Pavlodar trassasasida yonib ketgan.

Yuk mashinasi O‘zbekistondan Rossiyaga ketayotgan bo‘lgan. Ikki haydovchi Qalqaman qishlog‘idagi issiqlik punktiga evakuatsiya qilingan. Qurbonlar va jarohatlanganlar yo‘q.

“Arqadag‘”ning davri mutlaq tugaydimi? Turkmanistonda saylov bo‘lishi kutilyapti

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Markaziy saylov komissiyasiga navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rishni boshlashni buyurdi.

“Muddatidan tashqari prezidentlik saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ishlarni olib boring”, degan respublika MSK vakili Prezident Berdimuhamedov Turkmaniston MSK raisi Gulmurod Murodovga qanday topshiriq bergani haqidagi savolga javob berar ekan.

Moskvada O‘zbekiston elchixona va konsulligi “minalangani” tekshirilmoqda

Moskva politsiyasi Tojikiston, O‘zbekiston va AQSH elchixonalari va konsulliklarini “minalash” haqidagi faktlarni tekshirmoqda. Bu haqda huquq-tartibot idoralarida ma’lum qilgan.

“Federal xavfsizlik xizmatiga kecha, 11 fevral kuni elektron pochta orqali bir erkakdan uning 44 yoshli sherigi Tojikiston, O‘zbekiston va AQSH  elchixonasi va bosh konsulligi bo‘limiga portlovchi moddalar solingan ryukzaklarni qo‘yib ketgani haqida ikkita xat jo‘natgan”, deydi manba.

Rossiya Ukrainaga qachon hujum qilishini aytgan Bayden Putin bilan gaplashib olmoqchi

Rossiyaning Ukrainaga hujum qilish sanasini aniq aytgan AQSH Prezidenti Jozef Bayden bugun, 12 fevral kuni Prezdiyent Putin bilan telefon orqali muloqot qilishni rejalashtirgan. Bu haqda Oq uyga yaqin manbaga tayanib, CNN axborot agentligi xabar bermoqda.

Bildirilishicha, muloqot Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi ziddiyat ortib borayotgani sababli o‘tkazilmoqda. Bundan biroz avval AQSH Prezidenti Jo Bayden G‘arb davlatlari, Yevropa Ittifoqi va NATO yetakchilari bilan o‘tkazilgan videokonferensiya chog‘ida Rossiya Ukrainaga joriy yilning 16 fevral kuni “bostirib kirishini” aygan edi. 

Rossiyada o‘zbekistonlik ishchining boshiga 15-qavatdan g‘isht tushib, vafot etdi

Rossiyaning Sankt-Peterburg viloyati Pushkin tumanida o‘zbekistonlik ishchining boshiga 15-qavatdan g‘isht tushib ketdi. Oqibatda erkak voqea joyida xalok bulgan. Bu haqda “78.ru” xabar berdi.

Qayd etilishicha, voqea kecha, 11 fevral kuni soat taxminan 11:00 da Shkolnaya ko‘chasidagi qurilish ob’ektida sodir bo‘lgan. Qurilish materiallarini ko‘tarib ketayotgan 44 yoshli O‘zbekiston fuqarosining boshiga 15 qavatdan g‘isht tushib ketgan. Erkak olgan tan jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etgan. 

Istanbulda yirik yong‘in. Qurbonlar orasida O‘zbekiston fuqarosi bormi?

Turkiyaning Istanbul shahrida o‘zbekistonlik migrantlar istiqomat qiladigan hududlaridan biri Gungo‘ran tumanidagi Sinanpasha ko‘chasida 5 qavatli bino yonib ketdi. Yong‘in oqibatida qurbon bo‘lganlar soni ortib bormoqda. 

Yong‘in kecha, 11 fevral kuni soat 14:00 atrofida sodir bo‘lgan. Unda 4 nafar chet el fuqarosi halok bo‘lgan, 6 kishi tutundan zaharlanib, shifoxonaga yetkazilgan. 

Qayd etilishicha, qurbonlar yong‘indan qochib o‘zini hojatxonaga qulflagan va o‘sha yerda tutundan zaharlanib, vafot etgan.

Sobiq Prezidentning qudasi poraxo‘rlikda ayblanib, qamaldi

Qirg‘izistonning sobiq Prezidenti Sooronbay Jeenbekovning qudasi, parlamentning sobiq deputati Aliyarbek Abjaliyev hibsga olindi. Bu haqda 24.kg nashri xabar berdi. 

Qayd etilishicha, sobiq xalq deputati firibgarlikda gumonlanib, qo‘lga olingan.

Ma’lum qilinishicha, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi sobiq deputatning hibsga olingani haqidagi ma’lumotni tasdiqlagan. Biroq tergov sirlari yashirilib, gumonlanuvchining ismi ko‘rsatilmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

169

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing