Rossiya Ukrainaga qachon hujum qilishini aytgan Bayden Putin bilan gaplashib olmoqchi

Olam

image

Rossiyaning Ukrainaga hujum qilish sanasini aniq aytgan AQSH Prezidenti Jozef Bayden bugun, 12 fevral kuni Prezdiyent Putin bilan telefon orqali muloqot qilishni rejalashtirgan. Bu haqda Oq uyga yaqin manbaga tayanib, CNN axborot agentligi xabar bermoqda.

Bildirilishicha, muloqot Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi ziddiyat ortib borayotgani sababli o‘tkazilmoqda. Bundan biroz avval AQSH Prezidenti Jo Bayden G‘arb davlatlari, Yevropa Ittifoqi va NATO yetakchilari bilan o‘tkazilgan videokonferensiya chog‘ida Rossiya Ukrainaga joriy yilning 16 fevral kuni “bostirib kirishini” aygan edi. 

Oq uyning taxmin qilishicha, Ukraina chegaralarini harbiy texnika va askarlar bilan qurshab olgan Rossiya mamlakatga bomba va raketalardan hujum qiladi. 

Qayd etilishicha, Bayden va Putin o‘rtasidagi telefon muloqoti bugun, AQSH vaqti bilan soat 11:00 (Toshkent vaqti 21:00) da bo‘lib o‘tadi. Ushbu muloqot bu yil hisobidan ikki davlat rahbarlari o‘rtasida o‘tkazilayotgan ilk so‘zlashuv bo‘ladi. 

Kremlga ko‘ra, Vladimir Putin Baydendan tashqari yana bir nechta G‘arb davlatlarining rahbarlari bilan ham muloqot o‘tkazishni rejalashtirgan. 

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov kecha, 11 fevral kuni Rossiyaning hujumni boshlashi haqida bong urayotgan G‘arb rasmiylariga javob qaytarib, ularni “katta miqyosdagi yolg‘on axborotlar targ‘iboti”da ayblagan.

Rossiya TIV ham so‘nggi paytlarda xalqaro mediada keng tarqalgan xabarlarga qarshi bayonot bilan chiqqan. 

“2021 yil oxiri va 2022 yil boshida jahon axborot makonida o‘zining miqyosi va murakkabligi bo‘yicha misli ko‘rilmagan media-kampaniya (targ‘ibot) yuzaga keldi. Uning maqsadi jahon hamjamiyatini Rossiya Federatsiyasi Ukraina hududiga bostirib kirishga tayyorlanayotgani haqida ishontirishdan iborat", deyiladi vazirlik bayonotida.  

Eslatib o‘tamiz, Rossiya-Ukraina atrofidagi vaziyatni muhokama qilish uchun Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron 7-8 fevral kunlari rasmiy tashrif bilan Moskva va Kiyevda bo‘lib, ikki davlat rahbarlari bilan muzokaralar olib borgan edi. 

Muzokaralar davomi sifatida Germaniya kansleri Olaf Shols ham 14 fevral kuni Rossiya va 15 fevral kuni Ukraina rahbarlari bilan uchrashishi reja qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

969

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing