“Svet” va gazsiz qolayotgan hududlar, Mirziyoyevning blekautga munosabati, Putinga “tish qayragan” Bayden... 26 yanvar voqealari
Tahlil
−
26 yanvar 2022
16437Jamiyat
O‘zbekistonning korrupsiya bo‘yicha reytingdagi o‘rni ma’lum bo‘ldi
“Transparency International” xalqaro tashkiloti 2021 yil uchun “Korrupsiyani qabul qilish indeksi”ning yangilangan reytingini e’lon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston 2020 yilga nisbatan 6 pog‘onaga ko‘tarilib, 180 mamlakat orasida 140-o‘rinni egalladi.
O‘zbekiston mazkur indeksda so‘nggi to‘qqiz yil davomida o‘sish (2013 yilda 17 balldan 2020 yilda 28 ballgacha) qayd etib, mintaqadagi tez sur’atlarda yaxshilanib borayotgan davlatlar qatorida e’tirof etilgan.
Reytingda Daniya, Finlyandiya va Yangi Zelandiya yuqori uchlikni egallagan. Kuchli o‘nlikka Norvegiya, Singapur, Shvetsiya, Shveysariya, Niderlandiya, Lyuksemburg va Germaniya egallagan.
Toshkentda atmosfera anomaliyasi kuzatildi
Kecha, 25 yanvar kuni Toshkentga qalin tuman tushdi. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati markazi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Atmosferada havoning kuchli sovishini keltirib chiqardi va namlikning kichik zarralarida qattiq mayda suspenziyalar mavjud bo‘lib, ular suv tomchilari bilan birga yerga to‘planadi.
“O‘zgidromet”ning havo ifloslanishini avtomatik monitoring olib borish stansiyalari ma’lumotlariga ko‘ra, RM 10’ning miqdori 111,2 mkg/m3 ni tashkil etadi, bu O‘zbekistonda belgilangan maksimal ruxsat etilgan konsentratsiyalarning (ruxsat etilgan konsentratsiyasi 500 mkg/m3) qiymatlaridan oshmaydi.
Energetika vazirligi elektrda uzilishlar bo‘lishidan ogohlantirdi
Elektr ta’minotida yuzaga kelgan nosozliklar sababli O‘zbekistondagi mavjud gaz qazib olish konlari va uni qayta ishlash zavodlarida texnologik jarayonlarning buzilish holatlari kuzatilmoqda. Bu o‘z navbatida gaz ishlab chiqarish hajmining kamayishiga olib kelmoqda, deb xabar bermoqda Energetika vazirligi.
Qayd etilishicha, umumtizimda kuzatilgan yirik nosozliklar bosqichma-bosqich bartaraf etilib, O‘zbekistonning yagona elektr tarmog‘iga quvvat uzatish boshlandi. Biroq uzilish gaz ishlab chiqarish hajmining kamayishiga olib kelgan.
Gaz o‘chgan yoki keskin pasayib ketgan. “Hududgazta’minot” uzilishlar bo‘yicha izoh berdi
Kecha, 25 yanvar kuni elektr ta’minotida uzoq davom etgan uzilish munosabati bilan “O‘zbekneftgaz” AJga qarashli “Gazli”, “Sho‘rtan” va “Muborak” neft-gaz qazib olish boshqarmasiga qarashli 64 ta konning ishi vaqtincha to‘xtatilgan edi.
“Hududgazta’minot” AJning ma’lum qilishicha, Bu, o‘z navbatida, “O‘ztransgaz” AJ magistral gaz quvurlari va gaz operatorining mahalliy tarmoqlarida bosimning pasayishiga ta’sir ko‘rsatgan.
Bugundan “gaz zapravka”lar faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar kiritiladi
Bugun, 26 yanvardan boshlab avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar kiritiladi. Bu haqda Energetika vaziri Matbuot kotibi Elmira Bekmurodova ma’lum qildi.
Elmira Bekmurodovaga ko‘ra, iste’molchilarni elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash maqsadida, ishlab chiqarilayotgan tabiiy gaz to‘liq hajmda issiqlik elektr stansiyalari, ijtimoiy soha ob’ektlari va aholi iste’molchilariga yo‘naltiriladi.
Shu munosabat bilan, bugundan boshlab avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar kiritiladi.
Energetika vazirligi tabiiy gaz birinchi bo‘lib kimlarga berilishini ma’lum qildi
Xabaringiz bor, kecha, 25 yanvar kuni soat 10:57 da Markaziy Osiyo yagona elektr tarmog‘ida katta avariya bo‘lishi oqibatida O‘zbekiston elektr energiya ta’minotida uzilish bo‘ldi. Ayni vaqtda umumtizimda kuzatilgan yirik nosozliklar mutaxassislar tomonidan bartaraf etilib, respublikaning yagona elektr tarmog‘iga quvvat uzatilish boshlangan. Bu haqda Energetika vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, bugun, 26 yanvar kuni soat 09:30 holatiga ko‘ra respublikada elektr energiyasi ta’minoti 70 foizga tiklangan. Bunda, birinchi navbatda aholi iste’molchilari va ijtimoiy soha ob’ektlari elektr energiyasi bilan ta’minlangan.
1992 yilda Surxondaryoda 13 tonna “gashish” qanday aniqlangandi?
Bundan qariyb 30 yil muqaddam O‘zbekiston chegarasidan 13 tonna “gashish” olib o‘tishga urinish bo‘lgan. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi idoraning 30 yilligi munosabati bilan e’lon qilgan arxiv ma’lumotda keltirib o‘tilgan.
Qayd etilishicha, 1992-1994 yillarda Davlat bojxona qo‘mitasining Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasiga rahbarlik qilgan Xoldor Sherov rahbarligida viloyat bojxonachilari 15 tonna 447 kgdan ziyod giyohvandlik vositalarini to‘xtatib qolishgan.
Xususan, 1992 yil 8 oktyabrda mayiz ortilgan konteyner ichida 13 tonnadan ziyod “gashish” yashirilganligi aniqlangan. Ushbu narkotik vositalarning qora bozordagi narxi o‘sha vaqtlarda 1,3 mlrd. AQSH dollarini tashkil qilar edi.
Koronavirusdan emas, yo‘llardagi avariyalardan odamlar ko‘p o‘lib ketyapti – Shavkat Mirziyoyev
O‘zbekistonda odamlar koronavirusdan ko‘ra yo‘llardagi transport hodisalaridan ko‘proq halok bo‘lmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tdi.
“Har oy menga har ko‘cha va har mahallada nega YTH bo‘layotgani sabablari haqida hisobot berasizlar. Yo‘llarda xavfsiz harakatlanishga sharoit yaratish, avariya va o‘lim holatlarini keskin qisqartirish, buning uchun, harakatlarni boshqarishni to‘liq raqamlashtirishi zarur”, degan davlat rahbari.
Prezident Mirziyoyev O‘zbekistondagi blekautga munosabat bildirdi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo yagona elektr tarmog‘ida sodir bo‘lgan avariyadan o‘sha zahotiyoq xabar topib, darhol Hukumat komissiyasini tuzishga topshiriq bergan. Bu haqda uning o‘zi bugun, 26 yanvar kuni videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tdi.
“Biz bugungi kunda global dunyoda yashamoqdamiz. Global olamda hamma narsa bir-biriga bog‘liq. Har bir odamning hayoti butun insoniyat hayoti bilan yanada ko‘proq bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Olis-yaqin hududlarda yuz berayotgan turli ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar, texnogen ofatlar bizga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmaydi.
Man, kuni kecha elektr ta’minoti bo‘yicha sodir bo‘lgan texnik uzilish bir zumda butun mintaqa hayotida kuchli aks-sado berganiga barchamiz guvoh bo‘ldik.
Bu avariyadan o‘sha zahotiyoq xabar topib, darhol Hukumat komissiyasini tuzishga topshiriq berdim. Komissiya, tarmoq va hudud rahbarlari bilan doimiy muloqotda bo‘lib, avariya hamda uning iqtisodiyot va aholi hayotiga salbiy ta’sirini bartaraf etish bo‘yicha ishlarni, shaxsan nazoratimga oldim”, deydi Prezident.
Bobojonov, Davletov va Yo‘ldoshevga alohida topshiriq berildi
O‘zbekistonda o‘qitmasdan va o‘rgatmasdan guvohnoma berish “jinoyati”ga qarshi jazo kuchaytirilishi mumkin. Bugun, 26 yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti videoselektor yig‘ilishida shu masalada taklif kiritish bo‘yicha topshiriq berdi.
Haydovchilik guvohnomasini o‘qimasdan olish muammosini bartaraf qilish uchun mutasaddilarga, avvalo, o‘qitish tizimini tubdan takomillashtirish, ikkinchidan, o‘qitmasdan va o‘rgatmasdan guvohnoma berish “jinoyati”ga qarshi jazoni kuchaytirish bo‘yicha qonunchilikka qo‘shimcha kiritish yuzasidan taklif kiritish topshirig‘i berildi.
2021 yilda O‘zbekistonda qaysi soha xodimlari eng ko‘p maosh olgan?
2021 yilda O‘zbekistonda eng yuqori ish haqi moliya sohasidagilarga, eng kami esa tibbiyot xodimlariga to‘langan. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, o‘tgan yilda korxona xodimlarining o‘rtacha oylik nominal ish haqi 3,2 million so‘mni tashkil etgan.
Qo‘mita hisobotiga ko‘ra, 2021 yilda 2020 yil dekabr oyiga nisbatan ish haqi o‘rtacha 16,2 foizga oshgan.
Hududlar orasida 2021 yilda o‘rtacha yillik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahrida (4,94 million so‘m), Navoiy viloyatida (4,05 million so‘m) va Toshkent viloyatida (3,42 million so‘m) kuzatilgan.
Olam
O‘lganning ustiga tepgan. Navalniy va uning guruhini terrorchiga chiqarish talab qilinmoqda
Rossiya rasmiylari hozirda qamoqda saqlanayotgan Kreml tanqidchisi Aleksey Navalniy va uning tarafdorlarini mamlakatning terrorist va ekstrimistlar rasmiy ro‘yxatiga kiritishni so‘ramoqda.
Bundan tashqari, mamlakat Federal qamoq xizmati Alekseyning ukasi Olegga tayinlangan shartli qamoq jazosini bir yillik qamoq jazosiga almashtirishni talab qilgan.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning ashaddiy tanqidchisi Aleksey Navalniy mamlakatda poraxo‘rlik bilan kurashish uchun Korrupsiyaga qarshi kurash fondini tuzgan.
Rossiya Ukrainaning “peshonasiga to‘pponcha tiradi” – Boris Jonson
Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson Rossiya tez orada Ukrainaga hujum qilishini ma’lum qildi. U Moskvani chegara hududida qo‘shin to‘plagani uchun o‘z qo‘shnisining peshonasiga “to‘pponcha tirashda” ayblagan.
Bundan tashqari, Britaniya o‘zining G‘arbdagi ittifoqchilarini Kremlga qarshi sanksiyalarni tezlashtirishga chaqirgan.
Unga ko‘ra, agar Rossiya Ukrainaga hujum qiladigan bo‘lsa G‘arb Moskvani yangi, misli ko‘rilmagan sanksiyalar paketi bilan “siylaydi”. Aynan shu yo‘l bilan Rossiyaning jilovini tiyib turish mumkinligi aytilmoqda.
Qozog‘iston Markaziy Osiyoda ommaviy elektr uzilishi sababini ma’lum qildi
Qozog‘iston milliy elektr ta’minoti markazi (KEGOS) kecha, 25 yanvar kuni Markaziy Osiyoning O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Respublikalarida sodir bo‘lgan elektr energiyasi uzilishi bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan “Tengrinews” axborot agentligiga rasmiy ma’lumot berdi.
“2022 yil 25 yanvar kuni soat 11:59 da (Nur-Sulton vaqti bilan) Markaziy Osiyo (O‘zbekiston, Qirg‘iziston) energetika tizimida yuzaga kelgan nomutanosiblik sababli kuzatilgan jiddiy avariya tufayli 500 kV elektr energiyasini Qozog‘istonning Shimoliy-Sharqiy-Janubiy liniyasi bo‘ylab tranzit qilishda quvvat uzilishi sodir bo‘lgan”, deyiladi markaz ma’lumotida.
NATO vaziyat keskinlashsa, Ukrainaga qo‘shin kiritadimi?
NATO davlatlari Ukrainaga qo‘shin kiritmaydi. Bu haqda NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg ma’lum qildi.
“NATO Ukrainada jangovar qismlarni joylashtirmaydi”, degan u CNN telekanaliga bergan intervyusida.
Xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha muzokaralar haqida gapirar ekan, Stoltenberg blok Rossiya bilan “qurol nazorati, qurolsizlanish, harbiy faoliyatning shaffofligi, xavflarni kamaytirish mexanizmlari va Yevropa xavfsizligi bilan bog‘liq boshqa masalalarni” muhokama qilishga tayyorligini ta’kidlagan.
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi dunyoni o‘zgartiradi – Bayden
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi dunyoni o‘zgartirishi mumkin. Bu Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yirik bosqinchilik bo‘ladi. Bu haqda kecha, 25 yanvar kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Jo Bayden Vashingtonda jurnalistlar bilan bo‘lgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Agar Rossiya-Ukraina chegarasida to‘plangan o‘n minglab rus qo‘shinlari Ukrainaga bostirib kirishni boshlasa, dunyo o‘zgaradi. Ukraina atrofidagi keskinlashuv oqibatlari dunyo bo‘ylab kuzatiladi”, deydi Bayden.
Sobiq Prezidentning qizi bilan aloqador kompaniya direktori o‘z joniga qasd qildi
Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning qizi Aliya bilan bog‘liq bo‘lgan “Operator ROP” kompaniyasining boshqaruvchi direktori Ruslan Shamshiyev o‘z joniga qasd qildi. Bu haqda “kznews” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, politsiya o‘z joniga qasd qilishga undash moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan.
Ma’lum qilinishicha, bugun, 26 yanvar kuni Qozog‘istonning ekologiya, geologiya va tabiiy resurslar vaziri o‘rinbosari Axmetjan Primqulov va “Operator ROP” kompaniyasi rahbari Medet Qumargaliyev korrupsiyada gumonlanib, qo‘lga olingan. Ikkisi ham Nur-Sultondagi vaqtinchalik hibsxonada.
Rus siyosatdoni Bayden nega Putinga qarshi “tish qayraganini” aytdi
Avvalroq, AQSH Prezidenti Jo Bayden agar Rossiya Federatsiyasi Ukrainaga bostirib kirsa, Vashington Rossiya yetakchisi Vladimir Putinga qarshi sanksiyalar joriy etishini istisno qilmasligini aytgandi.
Rossiya Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodin rossiyalik yirik siyosatchilar orasida birinchi bo‘lib AQSH Prezidenti Jo Baydenning so‘zlariga izoh berdi.
“Hammasi o‘rniga tushdi. Nihoyat, AQSH rahbariyati o‘zi xohlagan narsani ochiqchasiga aytdi: Putin davrida Rossiya kuchli va mustaqil bo‘lib qolgani AQSHga yoqmaydi. AQSH o‘ziga sodiq va o‘z nazorati ostidagi Prezidentni ko‘rishni xohlaydi”, degan u.
Urganchdan Moskvaga uchgan reys yo‘lovchilaridan biri vafot etdi
Kecha, 25 yanvar kuni Urganchdan Moskvaga yo‘l olgan samolyot yo‘lovchilardan birining tobi qochgani sabab Orenburgga favqulodda qo‘nishga majbur bo‘ldi. Bu haqda Rossiya Tergov qo‘mitasining Transport bo‘yicha Markaziy mintaqalararo tergov boshqarmasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Urganch—Moskva yo‘nalishi bo‘yicha uchayotgan samolyotdagi 63 yoshli yo‘lovchining sog‘lig‘i yomonlashgani sabab, Orenburg aeroportiga favqulodda qo‘nishga majbur bo‘lgan.
Sport
Shifoxonada yotgan Mane sog‘ligi haqida ma’lumot berdi
Angliyaning “Liverpul” klubi va Senegal terma jamoasi hujumchisi Sadio Mane Afrika Millatlar kubogining 1/8 finalida Kabo-Verde darvozaboni bilan boshi bilan to‘qnashib ketdi va bir necha daqiqa o‘tib, shifoxonaga yotqizildi.
O‘yindn so‘ng, Kabo-Verde terma jamoasi darvozaboni Josimar Vozinya uning holatidan xabar olish uchun borgan. Mane Instagram sahifasida bu haqda ma’lumot berdi.
“Bavariya” futbolchisi jamoani tark etishi aniq bo‘ldi
“Bavariya” klubining 26 yoshli himoyachisi Niklas Zyule yillik maoshi oshirilgan shartnomani imzolashdan bosh tordi. Bu haqda “Bild” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Zyulening “Bavariya”ni tark etishi allaqachon hal qilingan. Futbolchiga 10 million yevro miqdoridagi yillik maosh va yangi shartnoma taklif qilingan. Himoyachi esa bir necha hafta mobaynida joriy yil yozda o‘z yakuniga yetadigan amaldagi shartnomasini uzaytirmoqchi emasligini ta’kidlab kelmoqda.
Shu tariqa Zyule so‘nggi mavsumlarda klubni erkin agent sifatida tark etgan David Alaba, Jerom Boateng va Xavi Martines kabi futbolchilar qatoriga qo‘shiladi.
Bloger-bokschi o‘z maqsadi yo‘lida UFC’ga sarmoya kiritdi
YouTube blogeri Jeyk Pol o‘zining Twitter sahifasida Amerika promouterligiga o‘zgartirish kiritish niyatida UFC’ning bosh kompaniyasi – Endeavour’ga sarmoya kiritgani haqida yozib qoldirdi.
Pol haligacha, UFC jangchilarining maoshini oshirish va ularga munosib tibbiy yordam ko‘rsatish sharoitlarini yaxshilashga intilmoqda.
LiveBarchasi