Rus siyosatdoni Bayden nega Putinga qarshi “tish qayraganini” aytdi
Olam
−
26 yanvar 2022
16623Avvalroq, AQSH Prezidenti Jo Bayden agar Rossiya Federatsiyasi Ukrainaga bostirib kirsa, Vashington Rossiya yetakchisi Vladimir Putinga qarshi sanksiyalar joriy etishini istisno qilmasligini aytgandi.
Rossiya Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodin rossiyalik yirik siyosatchilar orasida birinchi bo‘lib AQSH Prezidenti Jo Baydenning so‘zlariga izoh berdi.
“Hammasi o‘rniga tushdi. Nihoyat, AQSH rahbariyati o‘zi xohlagan narsani ochiqchasiga aytdi: Putin davrida Rossiya kuchli va mustaqil bo‘lib qolgani AQSHga yoqmaydi. AQSH o‘ziga sodiq va o‘z nazorati ostidagi Prezidentni ko‘rishni xohlaydi”, degan u.
Volodin Qo‘shma Shtatlar Putinga qarshi sanksiyalar joriy qilmoqchi bo‘lgan bir qancha sabablarni sanab o‘tgan: ularga Prezident “mamlakatning qulashiga yo‘l qo‘ymagani” va “Rossiya bilan hisoblashishga majbur qilgani” kiradi.
“Ammo bu sanksiyalar Putinga qarshi emas, balki Rossiya Federatsiyasi xalqining tanloviga qarshi bo‘ladi. Siz bunday qila olmaysiz. Sizning barcha harakatlaringiz bizning davlatimiz — Rossiyaga dushmanlikdir. Bu hammaga ayon bo‘ldi”, degan Volodin.
So‘nggi paytlarda G‘arb mamlakatlarida, shuningdek, Kiyevda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi mumkinligi haqida bayonotlar paydo bo‘ldi. Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunday ma’lumotni bo‘sh va asossiz keskinlikning kuchayishi deb atadi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya hech kimga tahdid solmaydi. Shu bilan birga, Peskov bunday bayonotlarni oqlash uchun provokatsiyalar bo‘lishi mumkinligini inkor etmadi va Ukraina janubi-sharqidagi inqirozni kuch bilan hal qilishga urinishlar eng og‘ir oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirdi.