Ofat ostidagi Afg‘oniston va Turkiya, Qodirov va Kusherboyev janjali, og‘ir betob Rametov... Hafta dayjesti

Tahlil

Noma’lum kasallikdan o‘lgan bolalar, deputatlar Qodirov va Kusherboyevning janjali, alsgeymer bilan kasallangan Jumadulla Rametov, Afg‘onistondagi kuchli zilzila, Turkiyadagi o‘rmon yong‘ini. Ortda qolayotgan navbatdagi haftaning shu va boshqa asosiy xabarlari-QALAMPIR.UZ dayjestida

Abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish jarayoniga start berildi

Joriy yilning 20 iyun kuni 2022/2023 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish boshlandi.

Ro‘yxatdan o‘tkazish 20 iyundan 20 iyulgacha davom etadi. 

Ro‘yxatga olish DTMning rasmiy veb-sayti – my.dtm.uz hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali – my.gov.uz orqali onlayn amalga oshiriladi.

Eronda o‘zbek Abdulatif Murodiy qatl etildi

Eronda asli kelib chiqishi o‘zbek bo‘lgan Abdulatif Murodiy o‘lim jazosiga hukm qilindi. U joriy yilning 20 iyun kuni Mashhaddagi Vakilobod qamoqxonasida osildi. 

Abdulatif Murodiy joriy yilning 5 aprelida, Ramazon oyida, Mashhaddagi Imom Rizo maqbarasida shia ulamolari Muhammad Asloniy va Muhammad Sodiq Doroiyga pichoq bilan hujum uyushtirganlikda gumonlanib, hibsga olingan edi.

Eron matbuotiga ko‘ra, 21 yoshli Murodiy ularning har biriga pichoq bilan kamida 20 tadan jarohat yetkazgan. Muhammad Asloniy voqea joyida vafot etgan. Muhammad Sodiq Doroiy ikki kundan keyin shifoxonada vafot etgani xabar qilingan.

Ilhom Aliyev O‘zbekistonga keldi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev joriy yilning 21-22 iyun kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatda bo‘ldi.

Prezidentlar Toshkentda Ozarbayjon Respublikasining umummilliy lideri Haydar Aliyev nomidagi bog‘ va marhum Prezident xotirasiga o‘rnatilgan barelef ochilish marosimida qatnashishdi.

Davlat rahbarlari huzurida ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari o‘rtasida 18 ta hujjat imzolangan. Hududlararo hamkorlik, sanoat, xalqaro avtomobil qatnovi, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish, o‘simliklar karantini va himoyasi sohalaridagi hamkorlik, harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar hamda turizm sohasidagi hamkorlik dasturi shular jumlasidan.

Turkiyada o‘rmon yonmoqda

Joriy yilning 21 iyun kuni Turkiya janubi-g‘arbidagi Mug‘la viloyati Marmaris hududida o‘rmon yong‘ini boshlandi. 
 
23 iyun kuni Turkiya Ichki ishlar vazir Sulaymon Soylu bergan ma’lumotga ko‘ra, S.A. ismli shaxs qo‘lga olingan gumonlanuvchi Turkiya janubidagi Marmaris kurorti yaqinidagi o‘rmonga qasddan o‘t qo‘yganini tan olgan. Soyluga ko‘ra, gumonlanuvchining o‘rmonni yoqib yuborishiga yaqinda tarixda ushbu hudud bo‘yicha tijoriy mojarosiga uchragani sabab bo‘lgan. 

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an qasddan o‘rmon yong‘inlarini keltirib chiqarganlik uchun jazo choralarini kuchaytirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashi, ishni, hatto, o‘lim jazosigacha olib borish mumkinligiga sha’ma qildi.

Putinning yadro portfelini olib yurgan qo‘riqchisi qonga belangan holda topildi

Qayd etilishicha, 53 yoshli Vadim Zimin og‘ir ahvolda reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. U jinoyatda ayblangani uchun o‘z joniga qasd qilgani tahmin qilinmoqda. 

Zimin Federal xavfsizlik xizmatining iste’fodagi polkovnigi har doim Kreml rahbariga hamrohlik qilgan. U Kremlning “qizil tugma” deb nomlanadigan yadro quroliga mas’ul bo‘lgan. Vadim Zimin dastlab mazkur vazifani sobiq Prezident Boris Yelsinning yordamchisi sifatida bajargan. Keyin u xavfsizlik xizmatiga ishga o‘tgan va Putin davriga kelib polkovnik darajasiga ko‘tarilagan.

“Lo‘li(chi)lik qilmang”. Qodirov parlamentda Kusherboyev bilan janjallashdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 21 iyun kungi yig‘ilishida deputatlar Alisher Qodirov va Rasul Kusherboyev o‘rtasida tortishuv yuz berdi.

Qayd etilishicha, tortishuv O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi deputati Rasul Kusherboyev va Milliy tiklanish partiyasi deputati o‘rtasida fuqarolarning elektron qurilmalaridagi shaxsiy ma’lumotlarini olishga imkon beruvchi qonun loyihasi muhokamasi sabab yuzaga kelgan.

Qodirovga ko‘ra, har bir millatni o‘ziga xos sifatlari bo‘ladi. O‘zbeklarni “o‘zbekchilik” degan so‘z bilan xos sifatlarini aytish haqorat bo‘lmaganidek, lo‘lilarni ham ularga xos bo‘lgan xususiyatlarining nomi “lo‘lichilik” ekan.

Farg‘onada bir odam do‘pposlanib, itga talatildi

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohruh G‘iyosovning izoh berishicha, holat joriy yilning 13 may kuni Farg‘ona shaharida yashovchi qo‘shnilar o‘rtasida sodir bo‘lgan. Xonadonlarning birida it boqish bilan bog‘liq maishiy muammolar oqibatida janjal kelib chiqqan. 

Xozirda holat yuzasidan tergov oldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Aktyor Jumadulla Rametov alsgeymer xastaligiga chalindi

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, teatr va kino san’atining yirik namoyandalaridan biri Jumadulla Rametov insonni aqliy qobiliyatlardan, xotiradan ayiruvchi alsgeymer kasalligiga chalindi. QALAMPIR.UZ Jumadulla Rametovning o‘g‘li Aziz Rametov bilan bog‘lanib, otasi holidan xabar oldi.

Aziz Rametov avvaliga otasining kasalligiga ishonmagani, qolaversa xonaga kamera qo‘yish va boshqa usullar bilan otasining harakatlarini kuzatib, vaziyat jiddiyligini tushunib yetganini aydi.

Uning qayd etishicha, ayni vaqtda Jumadulla Rametovda kasallikning ikkinchi bosqichi kechmoqda va u kun sayin og‘irlashmoqda.

Surxondaryoda 8 nafar davlat xizmatchisi yig‘ilishda qamoqqa olindi

Malumotga ko‘ra, Surxondaryo viloyatida byudjet mablag‘larining talon-toroj qilinishi, suiiste’molchilik va korrupsiya holatlariga barham berish hamda mansabdor shaxslarning mas’uliyatini yanada oshirishga qaratilgan yig‘ilishda 8 nafar davlat xizmatchisi DXX tomonidan qo‘lga olingan.

Hozirda ularning ayrimlariga qo‘llanilgan “qamoq” ehtiyot chorasi “garov”ga o‘zgartirilgan. Tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Afg‘onistonda kuchli zilzila sodir bo‘ldi

Joriy yilning 22 iyun kuni Toshkent vaqti bilan 01:55 atrofida Afg‘onistonda 6.1 balli zilzila sodir bo‘ldi. 

Afg‘onistonning sharqiy qismida yuz bergan zilzila oqibatida 1900 nafar odam vafot etgan. 2000 dan ortiq kishi esa jarohat olgan. Qurbonlar soni yana oshishi mumkin. 

Afg‘onistonni nazorat qilayotgan “Tolibon” harakati rahbari Haybatulloh Oxundzoda Xost va Paktika viloyatlarida yuz bergan zilzila munosabati bilan xalqaro tuzilmalardan yordam so‘radi.

O‘zbekiston mingdan ortiq odamning o‘limiga sabab bo‘lgan kuchli zilziladan jiddiy zarar ko‘rgan Afg‘onistonga yordam taklif qildi.

“Tolibon” Afg‘onistondagi zilzila qurbonlari uchun $11 mlnga yaqin mablag‘ ajratadi

Xalqimiz boyib ketdi, hammada konditsioner... – Energetika vazirligi rasmiysi

O‘zbekiston xalqi boy bo‘lib ketgan. Yozda uyini konditsioner bilan sovutadi, qishda yana elektr jihozlari bilan isitadi. Ko‘mirdan foydalanmaydi, gazni esa past deydi. Oqibatda butun yuk elektr tarmoqlariga tushadi. Joriy yilning 23 iyun kuni bo‘lib o‘tgan Energetika forumida Energetika vazirligi Elektr energetikasi tarmog‘ini isloh qilish loyihasi direktori o‘rinbosari Bahrombek Umarbekov QALAMPIR.UZ muxbiri bilan suhbatda shunday fikr  bildirdi. Bu ijtimoiy tarmoqda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Rus estradasi yulduzi Yuriy Shatunov vafot etdi

Joriy yilning 23 iyun kuni “Laskoviy may” guruhi solisti, 1990-yillarda xit bo‘lgan qo‘shiqlar muallifi Yuriy Shatunov vafot etdi. 

Yuriy Shatunov 48 yoshda edi. Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, uning o‘limga yurak xuruji sabab bo‘lgan. Xonanda Domodedovo shifoxonasiga olib ketilayotganda tez yordam mashinasida vafot etgan.

O‘zbekistonga “Omicron”ning xavfli shtammi kirib keldi

O‘zbekistonda koronavirusning eng yuqumli shtammi — “Stealth-Omicron” BA.2 varianti aniqlandi. 

Innovatsion rivojlanish vazirligining Ilg‘or texnologiyalar markazida virus genomini o‘rganish (sekvenlash) bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillarning 67 foizida “Omicron” va 33 foizida “Omicron” shtammining yangi mutatsiyadagi “Stealth-Omicron” BA.2 varianti topilgan.

To‘palang suv omborida toshqin sodir bo‘ldi

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryodagi To‘palang suv omborida qurilgan to‘g‘on (damba) suv qo‘yib yuborgani va atrofni suv bosgani haqida xabarlar tarqalgandi. Holatga “O‘zbekgidroenergo” AJ munosabat bildirib, to‘g‘on bilan bog‘liq muammo mavjud emasligini aytgan.

Malumotga ko‘ra, ombor qoshida barpo etilgan To‘palang GESda 2-komponent modernizatsiya loyihasi amalga oshirilayotgani munosabati bilan bosimli quvurda sinov ishlari o‘tkazilgan vaqtda bosim quvuri to‘sini orqali 40 m3 suv chiqqan.

FVV xabariga ko‘ra, suv omborining mustaxkamligiga ziyon yetmagan, chiqarilayotgan suv xajmini kamaytirish ishlari olib borilgan.

Qashqadaryoda 4 va 6 yashar bola noma’lum kasallikdan vafot etdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida 4 yoshli bola "noma’lum" kasallikdan vafot etganligi, uning 6 yoshli oila a’zosi ham og‘ir ahvolda jonlantirish bo‘limida yotganligi, shifokorlar ularga tashxis qo‘ya olishmaganligi haqida xabarlar tarqaldi.

Xabarlarda kasallikni aniqlash uchun Samarqanddan ham shifokorlar chaqirilgani, ammo ular ham tashxis qo‘ya olmagani aytilgan.

Joriy yilning 23 iyun kuni Noma’lum kasallikdan vafot etgan 4 yashar bolaning 6 yashar (qiz) qarindoshi ham vafot etdi. 

Shifokorlar qizchaga ham, uning amakivachchasi bo‘lgan 4 yashar bolaga ham tashxis qo‘yolmagan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bu holatni o‘z nazoratiga olgan. 

Taekvondo: Ulug‘bek Rashitov  Osiyo chempioni bo‘ldi 

Joriy yilning 24 iyun kuni Janubiy Koreyada taekvondo bo‘yicha Osiyo chempionatining final bahslari bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zbekistonlik Ulug‘bek Rashitov ham ishtirok etib, Osiyo chempionligini qo‘lga kiritdi.

Qozoqlar To‘qayevga qarshi chiqqan Qodirovga tarixni eslatib qo‘ydi 

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining yalpi majlisida o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk xalq respublikalari (DXR va LXR)ni tan olmasligi va ularni kvazi-davlatlar deb hisoblashini ma’lum qildi. 

Shundan so‘ng, Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining Rossiyaga hech qanday foydasi tegmasligi, biroq Moskva hammaga yordam berishini, xususan, Rossiya Qozog‘iston va Belarusni qutqarib qolganini aytib chiqdi. 

Shundan so‘ng, qozog‘istonlik jurnalist Sergey Ponomaryov Ramzan Qodirovga 1944 yilda yarim million chechenlar Qozog‘istonga deportatsiya qilingani, ularni qozoqlar ochlikdan va sovuqdan qutqarib qolganini eslatib qo‘ydi.

Shu tariqa, jurnalist Ramzan Qodirovning Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga a’zo davlatlar, xususan, Qozog‘iston Ukrainadagi harbiy mojaro bo‘yicha hech qanday pozitsiyaga ega emasligi, mamlakat G‘arb sanksiyalaridan qo‘rqib, Moskvaning tarafini tutmayotgani, shuningdek Rossiya Qozog‘istonni qanday qilib balolardan qanday qutqarganini unutgani haqidagi so‘zlariga javob qaytardi.

O‘zbekistonda Twitter, TikTok va “VKontakte” blokdan chiqariladi

Joriy yilning 24 iyun kuni Twitter, TikTok va “VKontakte” ijtimoiy tarmoqlaridan foydalanish bo‘yicha cheklovlar tez orada olib tashlanishi haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot kotibi Sherzod Ahmatov QALAMPIR.UZ’ga izoh berdi.

Vazirlik mas’uliga ko‘ra, mazkur ijtimoiy tarmoqlar haqiqatdan ham blokdan chiqariladi, biroq aynan qaysi kuni taqiq olib tashlanishi noma’lum.


Maqola muallifi

Teglar

Ilhom Aliev Putin Omicron Jumadulla Rametov

Baholaganlar

128

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing