Trendga chiqqan Usmonova va hayotiga nuqta qo‘yilgan “Asalhoney” yoxud oltin olma shakar ol – hafta dayjesti
Tahlil
−
19 mart 2022
83298Yakuniga yetib borayotgan haftada O‘zbekiston va xorijiy davlatlarda ko‘plab voqealar yuz berdi. Tobora alangalanayotgan urush, oshib borayotgan dollar kursi, odamlarda paydo bo‘lgan shakar vasvasasi va uyida o‘ldirib ketilgan Asalhoney shular jumlasidan.
Hafta davomida sodir bo‘lgan eng muxim voqealar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ'da tanishing.
Rossiya-Ukraina urushi: Mariupolda 2 mingdan ortiq odam o‘ldirildi
Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush 24 kundirki davom etmoqda. Urush boshlanganidan beri Ukrainaning birgina Mariupol shahrida Rossiya harbiylarining hujumlari oqibatida 2187 kishi halok bo‘lgan. Butun mamlakat bo‘ylab 100 dan ortiq bola o‘ldirilgan.
“Qonli yanvar” voqealari yuzasidan 11 nafar o‘zbekistonlik tergov qilinmoqda.
Qozog‘istonda “Qonli yanvar” voqealari sarhisobi davom etmoqda. Mamlakat huquq-tartibot idoralari ma’lumotiga ko‘ra, yanvar oyidagi tartibsizliklardan so‘ng 19 nafar xorijlik fuqaroga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda. Ularning 11 nafari O‘zbekiston fuqarosi.
Dollar kursi keskin ko‘tarildi
Dollarning rasmiy kursi hafta davomida oshishda davom etib, 11 ming so‘mlik dovonni bosib o‘tdi. 17 mart kuni dollar kursi 11 571,99 so‘mgacha ko‘tarildi. 18 mart kuni esa rasmiy kurs 62,40 so‘mga arzonlashib, 11 509,59 so‘mni tashkil qildi.
Markaziy bank raisi Mamrizo Nurmurodovga ko‘ra, so‘mning AQSH dollariga nisbatan almashuv kursi qadrsizlanishi mart oyining dastlabki yarmida tezlashdi. Bu holat bir tomondan tashqi geosiyosiy vaziyat ta’sirida eksport tushumlari va transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmining sezilarli kamayishi (asosan, Rossiya va Qozog‘istondan) ta’sirida ichki valyuta bozorida taklifning qisqarishi bilan tushuntiriladi.
Taqmoqlarda “yulduz”ga aylangan Usmonova
“O‘zlaringni bilib o‘tiringlar”. E’tibor markazida bo‘lishni yaxshi ko‘radigan O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova yana tarmoqda kun tartibiga chiqdi.
10 martdan buyon Toshkentdagi “Xalqlar do‘stligi” saroyida konsert berayotgan xonanda, dasturlarning birida texnik nosozlik sabab konsert zali sahnasining pardasi oxirigacha ochilmay qolgan va bu tomoshabinlarga noqulaylik tug‘dirgan, shu sababli ular e’tiroz bildira boshlagan. Usmonova esa tomoshabinlarga qo‘pol munosabatda bo‘lgan.
Holatni Madaniyat vazirligi ham qoralab chiqdi. Oradan vaqt o‘tib, Iste’molchilar huquqlari bo‘yicha federatsiya Yulduz Usmonovaning konserti yuzasidan sharmandali bayonot berdi.
“Bizga ma’lum bo‘lishicha, 12 mart kuni bo‘lib o‘tgan konsertda yuz bergan ushbu voqea asosida tarqalgan videolar aytilgan fikrlardan bir qismini kesib olishgan, ya’ni konteksdan kesib olingan. Biroq qanday holat yuz bermasin, san’atkor o‘z nomiga, kasb odobiga rioya etishi lozim. Biz o‘rganish ishlari yakuniga yetgach, o‘z yakuniy xulosamizni bildiramiz”, deyiladi Federatsiyaning mujmal va tushunarsiz bayonotida.
Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas. Sardor Berdimuhamedov Prezident bo‘ldi
Joriy yilning 12 mart kuni Turkmanistonda o‘tkazilgan navbatdan tashqari Prezident saylovida amaldagi davlat rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovning o‘g‘li Sardor Berdimuhamedov g‘alaba qozondi.
Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Sardor Berdimuhamedovga saylovda qatnashganlarning 72,97 foizi ovoz bergan.
19 mart kuni kichik Berdimuhamedov rasman Prezident lavozimiga kirishdi.
Rossiyaning urushini qoralagan jurnalist jarimaga tortildi
14 mart kuni kechqurun Rossiyaning “Birinchi kanal”i xodimi Marina Ovsyannikova “Vremya” ko‘rsatuvi jonli efirida urushga qarshi plakat bilan studiyaga kirib bordi.
Ovsyannikova rejissyorlar boshqa kadrni qo‘yib yubormaguncha efirda bir necha bor “Urushni to‘xtating! Urush kerakmas!”, deb takrorlagan. Uning qo‘lidagi plakatda esa telekanal ma’lumotlariga ishonmaslik, bu propoganda ekani yozilgandi.
Holat yuzasidan sud bo‘lib o‘tdi va muharrirga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 20.2-moddasi 2-qismi (xabar bermasdan ommaviy tadbirni tashkil etish yoki o‘tkazish) bo‘yicha aybdor deb topdi va 30 ming rubl miqdorida jarima soldi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaning “Vremya”sini buzgan ayolga rahmat aytib, shunday dedi:
“Haqiqatni yetkazishga harakat qilishdan to‘xtamagan ruslardan, dezinformatsiyaga qarshi kurashayotgan va haqiqatni, do‘stlari, qarindoshlari va yaqinlariga aytayotganlardan. Shuningdek, shaxsan urushga qarshi plakat bilan “Birinchi kanal” studiyasiga kirgan qizdan minnatdorman”.
“Talipoch qal’a darvozasi”ni ta’mirlash uchun 1 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi
Joriy yilning 11 mart kuni Buxoro shahridagi “Talipoch qal’a darvozasi” chap tomonidagi qal’a devorining bir qismi qulab tushdi. Madaniy meros agentligiga ko‘ra, bunga hafta davomida Buxoroda yomg‘ir yog‘gani sabab bo‘lgan.
Agentlik mazkur devor va qal’a darvozasini ta’mirlash uchun Respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan 1 mlrd so‘m (ajabo!) ajratilishini ma’lum qildi.
O‘zbekiston xalq artisti To‘ti Yusupova vafot etdi
15 mart kuni o‘zbek kino va teatr san’atining yirik namoyandasi, O‘zbekiston xalq artisti To‘ti Yusupova 86 yoshida vafot etdi.
Teatr sahnasidagi Luiza (“Makr va muhabbat”), Fusako (“O‘g‘irlangan umr”), Xonzoda (“Boy ila xizmatchi”), Fotima (“Shoshma, quyosh”), Sotti (“Kelinlar qo‘zg‘oloni”), Nodira (“Nodirabegim”), Hafiza (“Shohi so‘zana”) kabi 200 dan ortiq, televideniye va kino tasmalaridagi Ena (“Tog‘lik kuyov”), Zebi (“To‘langan qarz”), Xolida (“Abdullajon”) singari rollari o‘zbek xalqi qalbidan joy olgan.
AQSH Prezidenti Jo Bayden Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni harbiy jinoyatchi deb atadi
Jurnalistlarning Putinni harbiy jinoyatchi deb atashga tayyormisiz, degan savoliga Bayden avvaliga “yo‘q” deb javob berdi, keyin esa savolni takrorlashni so‘radi va “Ha, men uni harbiy jinoyatchi deb hisoblayman”, deya o‘z javobiga aniqlik kiritgan.
O‘zbekiston DXR va LXRni tan oladimi?
O‘zbekiston Ukraina sharqida joylashib olgan separatistlar nazoratidagi Donetsk va Lugansk xalq respublikalari mustaqilligini tan olmaydi. Bu haqda Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Oliy Majlis Senatining 24-yalpi majlisida aytib o‘tdi.
Vazirning qayd etishicha, Ukraina atrofidagi vaziyat O‘zbekistonda jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Rasmiy Toshkent vaziyatga tinch yo‘l bilan yechim topish va mojaroni siyosiy diplomatik vositalar yordamida hal qilish tarafdori. Buning uchun, birinchi navbatda, harbiy harakatlar, zo‘ravonliklar zudlik bilan to‘xtatilishi zarur.
O‘zbekistonda shakar narxi ko‘tarila boshladi
17 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda shakar taqchilligi yuzaga kelgani haqidagi xabarlar ko‘paydi.
QALAMPIR.UZ mushtariylarining ma’lum qilishicha, 17 mart holatiga ba’zi hududlardagi bozorlarda shakarning narxi 14 ming so‘mdan 17 ming so‘mgacha qimmatlashgan.
Bu orada Aksilmonopoliya qo‘mitasi fuqarolarni vahimaga berilmaslikka chaqirdi.
Qayd etilishicha, Rossiya va Ukraina davlatlari tomonidan shakar eksporti to‘xtatilganining O‘zbekistonga hech qanday ta’siri yo‘q. Bu ikki davlatning ichki bozordagi ulushi bor-yo‘g‘i 2 foizini tashkil etadi.
18 mart kuni esa birjada shakar arzonlashgani ma’lum qilindi. Xususan, bir tonna shakar uchun 11 mln 922 ming so‘mdan 10 mln 101 ming so‘mgacha, ya’ni 15,3 foizga arzonlashgan.
Shavkat Mirziyoyev tibbiyot xodimlari bilan muloqot uchrashdi
18 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tibbiyot xodimlari bilan muloqot qildi. Davlat rahbari yig‘ilishda shifokorlarga bir nechta imtiyozlar berilishini urg‘uladi.
Shu bilan birga tarixda shifokorlar e’tibordan chetda qolgani, ularni o‘qitish, shifoxonalarda kamchiliklar bo‘lganini ham esladi.
“Asalhoney” uyida o‘lik holda topildi
Joriy yilning 18 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Asalhoney” nomi bilan tanilgan Asal Xo‘jayeva o‘z uyida o‘ldirib ketilgani haqida xabar tarqaldi.
Holat yuzasidan Bosh prokuratura izoh berdi. Aniqlanishicha, 18 mart kuni Toshkent shahri Yashnobod tumani Maxtumquli ko‘chasidagi uyda Asal Xo‘jayevaning murdasi qotillik alomatlari bilan topilgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jinoyatni fosh etishga qaratilgan tezkor-tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hafta davomida sodir bo‘lgan eng muhim voqealar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ’da tanishing.
LiveBarchasi