MB raisi dollar kursi nega keskin ko‘tarilayotganini tushuntirdi
Jamiyat
−
18 mart 2022
25351Mart oyining dastlabki yarmida O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari kamaydi. Bu haqda Markaziy bank raisi Mamrizo Nurmurodov ma’lum qildi.
MB raisiga ko‘ra, so‘mning AQSH dollariga nisbatan almashuv kursi qadrsizlanishi mart oyining dastlabki yarmida tezlashdi. Bu holat bir tomondan tashqi geosiyosiy vaziyat ta’sirida eksport tushumlari va transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmining sezilarli qisqarishi (asosan, Rossiya va Qozog‘istondan) ta’sirida ichki valyuta bozorida taklifning qisqarishi bilan tushuntiriladi.
Boshqa tomondan, asosiy savdo hamkorlarda milliy valyuta kursining keskin qadrsizlanishi va devalvatsion kutilmalarning ortib, ichki valyuta bozoridagi talabning vaqtinchalik o‘sishi kuzatilmoqda.
“Biz milliy valyuta almashuv kursi bo‘yicha prognozlarni amalga oshirmaymiz va so‘mning AQSH dollariga nisbatan kursi ichki valyuta bozorida ichki va tashqi omillar ta’sirida shakllangan talab va taklif muvozanatiga bog‘liq bo‘ladi”, deydi Nurmurodov.
Unga ko‘ra, Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani oshirish to‘g‘risidagi qarori ham ma’lum ma’noda milliy valyuta kursini barqarorlashtirishga xizmat qiladi.
Avvalroq Markaziy bank almashuv kursining keskin tebranishlarini oldini olish va bozorning barqaror faoliyatini ta’minlash maqsadida joriy yil mart oyining birinchi yarmida “neytrallik tamoyillari” doirasida ichki valyuta bozorida intervensiyalar hajmini oshirgani haqida xabar bergan edik. Mazkur intervensiyalar o‘tgan yilda valyuta bozoridagi ijobiy sharoitlar natijasida yuzaga kelgan qo‘shimcha zaxiralar hisobidan amalga oshirilmoqda.
LiveBarchasi