Endi banklar kredit undirayotganda kartani bo‘shatib qo‘ymaydi
Jamiyat
−
17:25 1503 1 daqiqa
O‘zbekiston Markaziy banki mijozlarning roziligisiz kredit qarzdorligini so‘ndirish uchun ularning bank kartalaridan mablag‘larni undirishga cheklov kiritmoqda. Bu haqda Markaziy bank kecha, 9 oktyabr kuni qabul qilgan “Bank xizmatlari iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risidagi nizomning 35-1-bandiga qo‘shimcha kiritish haqida”gi qarorda so‘z boradi.
Qarorga ko‘ra, endilikda to‘lovlar undirilganidan keyin mijozning hisobida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining kamida yarmiga teng summa qolishi kerak. Yangi qoida mijozning ruxsatisiz uning barcha bank karta hisoblaridan kredit yoki kafillik bo‘yicha to‘lovlarni undirishga taalluqli.
Hozirda O‘zbekistonda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 1 million 360 ming so‘mni tashkil etadi. Shu tariqa, mablag‘lar undirib olinganidan so‘ng mijozning bank kartalarida kamida 680 ming so‘m qolishi kerak.
O‘zgartirishlar uch oydan keyin – 2027 yil 10 yanvardan kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda banklar endi kreditning oqibatlari haqida oldindan ogohlantirishi talab etilishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi