Yil boshidan beri dollar 6,8 foiz qimmatlashdi. MB so‘mni “qutqarish” uchun nima qilayotganini aytdi
Jamiyat
−
17 mart 2022
11261O‘zbek so‘mi joriy yil boshidan beri dollarga nisbatan 6,8 foizga qadrsizlandi. Bu haqda Markaziy bankning asosiy stavkani oshirish bo‘yicha bergan sharhida so‘z boradi.
“Umuman olganda milliy valyuta kursi dinamikasida tashqi xatarlar va devalvatsion bosimlar ta’sirlariga javoban to‘g‘rilanish kuzatilib, joriy yil boshidan so‘mning AQSH dollariga nisbatan kursi 6,8 foizga qadrsizlandi”, deyiladi regulyator izohida.
Yuzaga kelgan vaziyatni inobatga olib, Markaziy bank almashuv kursining keskin tebranishlarining oldini olish va bozorning barqaror faoliyatini ta’minlash maqsadida joriy yil mart oyining birinchi yarmida “neytrallik tamoyillari” doirasida ichki valyuta bozorida intervensiyalar hajmini oshirgan.
“Mazkur intervensiyalar o‘tgan yilda valyuta bozoridagi ijobiy sharoitlar natijasida yuzaga kelgan qo‘shimcha zaxiralar hisobidan amalga oshirilmoqda.
Kelgusida bozorda barqarorlikni ta’minlash maqsadida tegishli invervensiyalar amalga oshirilib, milliy valyuta kursining keskin tebranishlarining oldini olish choralari ko‘riladi. Bugungi asosiy stavkani oshirilishi ham yuzaga kelayotgan qisqa muddatli salbiy ta’sirlarni (shoklarni) yumshatishga qaratilgan”, deyiladi Markaziy bank sharhida.
Qayd etish kerakki, so‘nggi kunlarda so‘m dollarga nisbatan keskin qadrsizlanmoqda. Markaziy bank tomonidan 17 mart uchun o‘rnatilgan kursga ko‘ra, 1 AQSH dollari 11 330,26 so‘mga teng.
LiveBarchasi