“Order”lar tanish-bilishchilik asosida berib kelingan – Prezident
Jamiyat
−
18 mart 2022
7234Avval xabar berganimizdek, bugun, 18 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tibbiyot xodimlari bilan muloqot qilyapti. Davlat rahbari yig‘ilishda bemorlarning shifoxonalarga yotish uchun “order” ololmay, sarson bo‘lgan holatlarini esladi.
“Yaqin-yaqingacha ehtiyojmand aholining, respublika tibbiyot markazlarida davolanishi uchun “order” degan bir eski tizim bor edi. Ushbu “orderlar” qog‘oz shaklida yuritilib, aksariyat hollarda tanish-bilishchilik asosida berib kelingani, hech kimga sir emas. Hammamiz buni bilamiz, bilsak ham bilmaslikka, ko‘rsak ham ko‘rmaslikka olib kelganimiz ham haqiqat.
Shu bilan birga, “order” uchun mablag‘lar respublika tibbiyot markazlariga bemor kelsa-kelmasa, uning miqdori yetarlimi yoki yo‘qmi, har yili o‘tkazib kelingan”, deydi davlat rahbari.
Prezidentga ko‘ra, “order” tizimi sabab oqibatda, haqiqiy ehtiyoji bor aholi davolanish uchun yillab navbatda turgan bir vaqtda, ayrim markazlar samarasiz moliyalashtirib kelingan.
“Biz bunday amaliyotdan to‘liq voz kechib, ehtiyojmand aholi uchun, respublika tibbiyot markazlarida xizmat ko‘rsatishning ochiq va shaffof, yangi tizimiga o‘tdik.
Endi, ixtisoslashgan markazlarda bepul davolanadigan kasalliklar ro‘yxati shakllantirilib, tibbiy yordam uchun yo‘llanma haqiqiy ehtiyoji bor aholiga “elektron navbat” asosida berilmoqda.
Eng muhimi, bu tizimga asosan, mablag‘lar markazga emas, balki davolanishi zarur bo‘lgan aniq bemorga ajratilmoqda”, deydi Prezident.
LiveBarchasi