Rossiyaning urushini qoralagan jurnalist yo‘qolib qoldi
Olam
−
15 mart 2022
21384Kecha, 14 mart kuni Rossiyaning “Birinchi kanal”i efiri vaqtida studiyaga Ukrainaga qarshi urushni to‘xtatish haqida plakat bilan kirib borgan muharrir Marina Ovsyannikova yo‘qolib qoldi. “Meduza” nashrining “Agora” advokati Daniil Bermanga tayanib, yozishicha, huquq himoyachilari uni topa olmayapti.
Qayd etilishicha, dastlab Ovsyannikova Moskvaning Ostankino tumani politsiya bo‘limiga olib ketilgani xabar qilingan. Biroq politsiya advokatlarga uning bo‘limda yo‘qligini aytdi.
15 martga o‘tar kechasi qo‘lga olingan jurnalist “Ostankino” telemarkazining navbatchilik xonasidan topilgan. Biroq “Pravozaiti” advokati Anri Siskarishvili u yerga kirishga muvaffaq bo‘lganda Ovsyannikova u yerda bo‘lmagan. Shu bilan birga, “OVD-Info” manbasining aytishicha, qo‘lga olingan shaxs “Ostankino” politsiya bo‘limida yo‘q.
Berman “Meduza”ga 15 mart kuni ertalab advokatlar Ovsyannikovani na “Ostankino” navbatchi bo‘limida, na shahardagi boshqa politsiya bo‘limlarida topa olmaganini tasdiqlagan.
Eslatib o‘tamiz, 14 mart kuni kechqurun “Birinchi kanal” xodimi Marina Ovsyannikova jonli efirda urushga qarshi plakat bilan studiyaga kirib bordi. Yangiliklar e’loni paytida u “No war. Urushni to‘xtating. Propagandaga ishonmang. Bu yerda sizni aldashmoqda. Ruslar urushga qarshi”, deb yozilgan plakat bilan kadrga tushdi. Ovsyannikova rejissyorlar boshqa kadrni qo‘yib yubormaguncha efirda bir necha bor “Urushni to‘xtating! Urush kerakmas!”, deb takrorlagan.
Muharrir hibsga olingan. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning yangi 20.3.3 moddasi bo‘yicha "Rossiya qo‘shinlaridan foydalanishni obro‘sizlantirish" bo‘yicha ma’muriy bayonnoma tuzilishi mumkin. Advokat Daniil Berman Ovsyannikova jinoiy ish qo‘zg‘atilishi mumkinligini ham inkor etmagan.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy yangi videomurojaatida Ovsyannikovaga shaxsan minnatdorlik bildirdi.
“Haqiqatni yetkazishga harakat qilishdan to‘xtamagan ruslardan minnatdorman. Dezinformatsiyaga qarshi kurashayotgan va haqiqatni, do‘stlari, qarindoshlari va yaqinlariga aytayotganlardan. Shuningdek, shaxsan urushga qarshi plakat bilan “Birinchi kanal” studiyasiga kirgan qizdan. Norozilik bildirishdan qo‘rqmaydiganlardan. Sizning mamlakatingiz butun dunyodan yopilib, juda katta Shimoliy Koreyaga aylanmaguncha, kurashishingiz kerak. Imkoniyatingizni qo‘ldan boy bermasligingiz kerak”, degan Zelenskiy.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi