AQSH kelasi haftada Ukrainaga oid tinchlik rejasini e’lon qiladi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Rossiya-Ukraina urushini to‘xtatish bo‘yicha uzoq kutilgan rejani taqdim etadi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, rejani Trampning Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellogg Germaniyada 14-16 fevral kunlari bo‘lib o‘tadigan Myunxen xavfsizlik konferensiyasida ittifoqchilarga taqdim etadi. Biroq muhokamalar qanchalik batafsil bo‘lishi va qanday formatda o‘tishi hozircha noma’lum.

“Kellogg va boshqalar so‘nggi haftalarda Tramp tarafdorlarining “kuch orqali tinchlik” deb atayotgan tamoyiliga shama qilishdi. Ehtimoliy nuqtalar – mojaroning muzlatilishi va Rossiya qo‘shinlari bosib olgan hududni noaniq holatda qoldirish, shuningdek, Ukrainaga Moskva yana hujum uyushtira olmasligi bo‘yicha xavfsizlik kafolatlarini taqdim etish”, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, Trampning maxsus vakili shu oy Kiyevga tashrif buyurib, Zelenskiy bilan uchrashishi kutilmoqda.

Avvalroq Kellogg Tramp Kremlga yon berish niyatida emasligini, aksincha, Ukrainani himoya qilishga intilayotganini ma’lum qilgandi.

“U haqiqatan ham Ukraina va uning suverenitetini saqlab qolishni xohlaydi va u... buni qayta-qayta aytdi”, degandi Kellogg “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida Trampning 7 yanvardagi matbuot anjumanidagi nutqini sharhlar ekan.

Kelloggning aytishicha, Tramp yaqin kelajakda urushni tugatish uchun maqbul yechim taklif qilishi mumkin. Kellogg Qo‘shma Shtatlar o‘t ochishni to‘xtatishdan keyin Ukrainada saylovlar o‘tkazilishini istashini ta’kidladi va Tramp AQSHning yordami evaziga muhim minerallarga kirish kelishuvning bir qismi bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi. Prezident, shuningdek, agar muzokaralar olib bormasa, Moskvani keng ko‘lamli sanksiyalar bilan tahdid qilgan.

Eslatib o‘tamiz, ilgari Donald Tramp bir necha bor 24 soat ichida Ukrainadagi urushni to‘xtatishini ta’kidlagan. Keyinchalik, AQSHning qayta saylangan prezidenti Ukrainadagi mojaroni tartibga solish ishlarini 2025 yil yanvaridan boshlashi ma’lum qilgandi. Joriy yil yanvar oyida esa Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvga tayyorgarlik ketayotganini bildirdi. Keyinchalik, AQSH rahbari Ukrainadagi urushni 100 kun ichida tugatishni buyurgani ma’lum bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Rossiya-Ukraina urushi tinchlik rejasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing