Rossiyadagi o‘zbekistonliklar soni ochiqlandi

Olam

image

Rossiyada 2024 yil yakuniga ko‘ra 6,3 million nafar chet ellik fuqarolar yashamoqda, ulardan 1,4 million nafari o‘zbekistonliklar. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gorovoy Sankt-Peterburgda o‘tkazilgan IX Mehnat forumida ma’lum qildi.

“Yangi yil arafasida Rossiya Federatsiyasi hududida 6,3 million xorijiy fuqaro bo‘lgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 5,1 foizga ko‘p. Ularning aksariyati – 89,2 foizi qonuniy asosda bu yerda bo‘lib turibdi”, dedi u.

Gorovoyning eslatishicha, taxminan 5-6 yil avval Rossiyada noqonuniy yashayotgan xorijiy fuqarolar soni 30 foizgacha yetgan.

“Rossiyada yashayotgan xorijliklarning qariyb 60 foizi – bu O‘zbekiston, Tojikiston va Qozog‘iston fuqarolari”, deya qo‘shimcha qilgan u.

Gorovoyning so‘zlariga ko‘ra, 2024 yil davomida Rossiyaga 9,5 milliondan ortiq kishi kirgan. Ularning 37,9 foizi ishlash maqsadida, 4,2 foizi o‘qish uchun, 5,7 foizi turistik maqsadlarda va deyarli 30 foizi shaxsiy tashrif bilan borgan. Shu bilan birga, 9,3 milliondan ortiq kishi Rossiyani tark etgan.

“Shu o‘rinda xorijiy mehnat kuchi tuzilmasida bosqichma-bosqich o‘zgarish kuzatilmoqda. Ish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan xorijiy fuqarolar soni bo‘yicha Qirg‘iziston fuqarolari yangi Rossiya tarixida ilk bor ikkinchi o‘ringa chiqdi”, dedi Gorovoy.

Rossiyadagi 6,3 million xorijlikdan:

  • 1,4 mln O‘zbekiston fuqarolari;
  • 1 mln tojikistonliklar;
  • 663 ming Qirg‘iziston fuqarolari tashkil qiladi.

Shuningdek, 594 ming Belarus, 440 ming Ukraina, 271 ming Ozarbayjon, 259,7 ming Armaniston, 226,7 ming Qozog‘iston, 128,5 ming Turkmaniston va 124,9 ming Moldova fuqarolari bor.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2024 yilda migratsiya qoidalarini buzgani uchun Rossiyadan 80 mingdan ortiq migrant majburiy tarzda chiqarib yuborilgani xabar qilingan edi. Moskva shahri va viloyatidan 2024 yilda 23 ming migrant chiqarib yuborilgan. Ular sud tomonidan Rossiya Ma’muriy kodeksining 18.8-moddasi (Rossiyaga kirish yoki unda yashash tartibini buzish) bo‘yicha huquqbuzarlik sodir etgan deb topilgan va endi ular kelgusi besh yil davomida Rossiyaga qaytish huquqiga ega bo‘lmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Aleksandr Gorovoy Rossiyadagi o'zbekistonliklar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing