AQSH BMTga Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha o‘zining rezolyutsiya loyihasini taklif qildi
Olam
−
22 fevral
6473Kecha, 21 fevral kuni AQSH Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishining uch yilligi arafasida BMT rezolyutsiyasi loyihasini taklif qildi. Bu haqda “Voice of America” xabar berdi.
Qisqa, uch banddan iborat AQSH rezolyutsiya loyihasida “Rossiya-Ukraina urushi”da insonlarning halok bo‘lganidan qayg‘urish bildirilib, “Birlashgan Millatlar Tashkilotining asosiy maqsadi xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash hamda nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish” ekani yana bir bor ta’kidlangan. Rezolyutsiya, shuningdek, mojaroni tezroq tugatishga, shuningdek, Ukraina hamda Rossiya o‘rtasida mustahkam tinchlik o‘rnatishga chaqiradi.
Rossiya “mojaroni tezroq tugatishga chaqiradi” degan so‘zlardan keyin “shu jumladan, uning asosiy sabablarini yo‘q qilish orqali” iborasini qo‘shishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritishni taklif qildi.
Rossiyaning BMTdagi elchisi Vasiliy Nebenzya Amerika loyihasini “yaxshi qadam” deb atadi. Anonimlik sharti bilan gapirgan rossiyalik diplomatlardan biri “Reuters” agentligiga Rossiya tuzatmasi Bosh Assambleya tomonidan qabul qilinsa, Moskva AQSH rezolyutsiyasiga ovoz berishini aytdi.
Nebenzya, loyiha Bosh Assambleyaning 193 a’zosiga tarqatilishidan oldin AQSH tomonidan ma’lumot berilganini aytdi. Bosh Assambleya 24 fevral kuni yig‘ilib, Ukraina va Yevropa Ittifoqi tomonidan tayyorlangan, keskinlikni yumshatish, harbiy harakatlarni tezda to‘xtatish va BMT Nizomi va xalqaro huquqqa muvofiq tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqiruvchi matnni ovozga qo‘yishi kerak.
Diplomatlarga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining BMTdagi elchilari uchrashib, AQSHning harakatini muhokama qiladi.
Ukraina va YeI o‘tgan oydan buyon BMTga a’zo davlatlar bilan muzokaralar olib bormoqda. Bosh Assambleya rezolyutsiyalari majburiy emas, lekin ular siyosiy ahamiyatga ega, chunki ular urushga global nuqtai nazarni aks ettiradi. Assambleyada hech bir davlat veto huquqiga ega emas.
Ukraina va Yevropa Ittifoqi tomonidan tayyorlangan matn “bu yil urushni to‘xtatish va yana keskinlashuv xavfini kamaytirish hamda Ukrainada keng qamrovli, adolatli va mustahkam tinchlikka erishish uchun diplomatik sa’y-harakatlarni ikki baravar oshirish zarurligini yana bir bor tasdiqlaydi”.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘zining Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili, iste’fodagi general Kit Kellogga Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini 100 kun ichida tugatishni buyurgandi.
LiveBarchasi