Tramp bahorgacha urushni Ukraina uchun qulay shartlarda yakunlamoqchi – OAV

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukrainaga ko‘rsatilayotgan yordamni kamaytirishi mumkin degan xavotirlar noto‘g‘ri. Oq uy rahbari urushni bahorgacha Ukraina uchun qulay shartlarda yakunlashni maqsad qilgan. Bu haqda manbalarga tayanib, “The Independent” xabar berdi.

“Ukrainadagi vaziyatdan xavotirda bo‘lganlar “Xalq xizmatchisi” fraksiyasi rahbari David Araxamiya Trampning inauguratsiyasida qatnashganiga e’tibor qaratishlari kerak. Bu AQSH Prezidentining Ukrainaga yaxshi kelishuv ta’minlashga intilayotganini ko‘rsatadigan ramziy ishora”, deydi nashr manbalaridan biri.

Manbalarga ko‘ra, Tramp urushni hal qilish masalasiga jiddiy yondashmoqda va u Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan yaqin hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda. Ikki davlat rahbari o‘rtasidagi rasmiy uchrashuv yaqin haftalarda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

David Araxamiya Vladimir Zelenskiyga yaqin shaxs sifatida tanilgan. “The Independent”ning yozishicha, Araxamiya Trampning inauguratsiyasi vaqtida Kapitoliy rotondasiga taklif etilgan bir nechta xorijiy yuqori martabali shaxslardan biri bo‘lgan. Marosimda “Xalq xizmatchisi” fraksiyasi rahbariga katta hurmat bilan munosabat qilingan. 

Ma’lumot uchun, Donald Tramp o‘z saylovoldi kampaniyasi davomida Ukrainadagi urushni imkon qadar tezroq tugatishni va’da qilgan bo‘lsa-da, hozirgacha aniq reja taqdim etilmadi. Inauguratsiyadan so‘ng Tramp, agar Vladimir Putin qurolli mojaroni yakunlashga rozi bo‘lmasa, Rossiya mahsulotlariga to‘liq eksport embargosi kiritishgacha boradigan sanksiyalarni kuchaytirishini ma’lum qildi. “The Wall Street Journal”ning yozishicha, AQSH Prezidenti o‘z diplomatlariga Moskva va Kiyevni muzokaralar stoliga o‘tkazish uchun uch oy muddat bergan.

21 yanvar kuni AQSH Davlat kotibi Marko Rubio mojaroning hal qilinishini Tramp davridagi Amerika siyosatining ustuvor vazifasi ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva va Kiyev uzoq muddatli tinchlikka erishish uchun o‘zaro murosaga borishga majbur bo‘ladi.

“Biz nafaqat Ukraina, balki butun Yevropa uchun barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashga e’tibor qaratmoqdamiz”, dedi Rubio.

“The Moscow Times”ning Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga yaqin manbalari ma’lumotiga ko‘ra, Tramp ma’muriyatining Kreml bilan dastlabki aloqalari allaqachon amalga oshirilgan, garchi ikkala tomon ham bu aloqalarni omma oldida rad etgan bo‘lsa-da.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlar bilan telefon orqali bo‘lgan muloqotda mamlakat Prezidenti Vladimir Putin AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan muloqotga tayyor ekanini aytgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Donal'd Tramp Ukraina urush

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing