Vahimaga berilmang! Aksilmonopoliya qo‘mitasi shakar narxi ko‘tarilganiga izoh berdi
Jamiyat
−
17 mart 2022
19203Xabaringiz bor, bugun, 17 mart kuni O‘zbekistondagi ichki bozorlardagi shakar mahsuloti narxining asossiz keskin oshishi kuzatilmoqda. Holat yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Matbuot xizmati izoh berdi.
Qayd etilishicha, Rossiya va Ukraina davlatlari tomonidan shakar eksporti to‘xtatilganining O‘zbekistonga hech qanday ta’siri yo‘q. Bu ikki davlatning ichki bozordagi ulushi bor-yo‘g‘i 2 foizini tashkil etadi. Bugungi kunda mahalliy shakar zavodlari shakar xomashyosini jaxon birja kotirovkalariga nisbatan arzon narxlarda Braziliya davlatidan xarid qilmoqda.
O‘zbekistonda ikkita – “Xorazm shakar” va “Angren shakar” mas’uliyati cheklangan jamiyatlarida joriy yil 15 mart holatiga 260 ming tonna shakar mahsuloti resurslari mavjud. Shundan, omborda 40 ming tonna tayyor shakar va 32 ming tonna xomashyo, iyun oyiga qadar 178 ming tonna xomashyo yetkazib beriladi.
Shuningdek, ichki bozorni shakar mahsuloti bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan birja savdolariga kunlik qo‘yiladigan hajm o‘rtacha 30 foizga oshirilyapti.
“Bundan tashqari respublika aholisiga shakar mahsuloti yetarli miqdorda va maqbul narxlarda yetkazib berish maqsadida Hukumat tomonidan zarur choralar ko‘rilmoqda hamda barcha hududlardagi bozorlarda “Elga xizmat” rastalarida maqbul narxda shakar sotish topshiriqlari berilmoqda. Shakarga bo‘lgan narx asossiz oshirilishi natijasida vahimaga berilmasligingizni so‘raymiz”, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tadbirkorlardan shakarga bo‘lgan narx-navoni asossiz oshirmaslikni va iste’molchilarga noqulaylik tug‘dirmasligikni so‘radi. Asossiz oshirilgan narx-navo bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rish mumkinligi yuzasidan ogohlantirgan.
LiveBarchasi