Madaniyat vazirligi Yulduz Usmonovaning konsertdagi muomalasini qoralab chiqdi
Madaniyat-san’at
−
16 mart 2022
100276San’atkor har qanday holatda ham ortiqcha his-hayajonga berilmay, vaziyatni to‘g‘ri baholay olishi, sahnada, muxlislar bilan muloqot jarayonida ularga nisbatan samimiy munosabatda bo‘lib, hurmatini joyiga qo‘yishi shart. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning konsertda muxlislariga qilgan muomalasini qoralab chiqdi.
Vazirlik ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘layotgan O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning konsert dasturidan yozib olingan videolavha yuzasidan quyidagicha munosabat bildirdi:
“Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida bo‘lib o‘tayotgan konsertning 12 mart kunidagi dasturida texnik nosozlik tufayli sahna pardasi to‘laligicha ochilmay qolgan va bunga tomoshabinlar e’tiroz bildirgan. Xususan, ulardan biri qo‘pol ohangda baqirgan. Natijada Yulduz Usmonova buni haqorat deb tushungan va emotsiyaga berilib ketib, konsertga tashrif buyurgan tomoshabinlarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lgan.
Shuni qat’iy ta’kidlaymizki, san’atkor har qanday holatda ham ortiqcha his-hayajonga berilmay, vaziyatni to‘g‘ri baholay olishi, o‘zini tuta bilishi, muomala madaniyati, odob-axloq qoidalariga rioya qilishi, ayniqsa, sahnada, muxlislar bilan muloqot jarayonida ularga nisbatan samimiy munosabatda bo‘lib, hurmatini joyiga qo‘yishi shart. Bu uning ma’naviy burchi hisoblanadi. Madaniyat vazirligi ushbu tartib-qoidalarga zid ravishda qilingan xatti-harakatlarni hech qachon yoqlamaydi va keskin qoralaydi.
Albatta, konsert-tomosha jarayonlarida tomoshabinlar chekiga tushadigan mas’uliyat ham borki, yurtdoshlarimiz masalaning ushbu jihatiga ham e’tibor qaratishlari zarur. Ya’ni, san’atkordan madaniyat talab qiladigan, unga e’tiroz bildiradigan jamiyat, ayni paytda, jamoat joyida o‘zini tutishni bilmaydigan, etika qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, ommaning madaniy hordiq olishiga, kayfiyatiga salbiy ta’sir o‘tkazadigan va xalaqit qiladigan tomoshabinlarni tartibga chaqirib, kerak bo‘lsa, ularga tanbeh berishi ham lozim. Shunda hammasi adolatdan bo‘ladi.
Biz ilm-ma’rifatda buyuk tarix yaratib, yuksak madaniyatimiz va ma’naviyatimiz bilan dunyo ahli hurmatiga sazovor bo‘lib kelayotgan xalqmiz. Har birimiz mana shu mas’uliyatni bir zum ham unutmasligimiz shart. Ana shunda o‘sib kelayotgan yosh avlodga ham yaxshi fazilatlarimiz bilan ibrat bo‘lamiz”.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova konsertida quyidagi gaplarni aytib, muxlislarga o‘shqirgan edi:
“Qilayotgan [to‘layotgan] pulingizga 10 baravarini olyapsiz. Ayollar iltimos qilaman, bunaqa bo‘ladigan bo‘lsa, hozir mana shu yerda to‘rttani aytib, berkitaman, ketaveraman. O‘zlaringni bilib o‘tiringlar, uzoq-yaqindan kelganlar. Boshqa konsertda qilasan unaqa narsalaringni. Jim o‘tiramiz! Chiroqni ber (texnik xodimlarga qarab – tahr.) hamma baqirayotganlarning basharasini ko‘ray. Ber chiroqni zalga! Qani, zalni yoq! O‘zlaringni bilib o‘tiringlar. Boshqa joyda qilasizlar... Qani endi turib gapiring, kim edi baqirayotgan, chiqing buyoqqa. Ko‘rsata olasizmi yuzingizni? Buyoqqa keling siz, baqirayotgan. Turib keling-chi buyoqqa. Nima deyapsiz? Parda bo‘layotgan bo‘lsa, mana bu saroyga qarayotgan Mansurjon boshchiligida... Juda gumbura-qasr qilib, ko‘tar pardangni. Nima qilasan yarmiga osib qo‘yib? Parda bo‘lsa menda emas-ku ayb. Halaqit qilyapsizlar konsertni davom ettirishga. Ashula aytaymi, zalga baqiraymi, gapiraymi? Kuniga ikkitadan seans bo‘lyapti. Konsert dedinglar, qo‘shimcha beryapmiz. Pol lantani ham mendan talab qilasanmi endi?”
LiveBarchasi