O‘zbekistonda shakar narxi ko‘tarila boshladi
Jamiyat
−
17 mart 2022
49567O‘zbekistonda shakar taqchilligi yuzaga kelgani aytilmoqda. QALAMPIR.UZ mushtariylarining ma’lum qilishicha, bugun, 17 mart holatiga ba’zi hududlardagi bozorlarda shakarning narxi 14 ming so‘mdan 17 ming so‘mgacha qimmatlashgan.
“Kecha 1 qopi 500 ming so‘mdan sotilayotgan shakar bugun 700 ming so‘mga sotilyapti”, deydi fuqarolardan biri.
Mushtariylar murojaatidan ma’lum bo‘lishicha, hududlar kesimida shakar narxlari quyidagicha:
• Toshkent – 9 – 14 ming so‘m (1 kilogrammi);
• Xorazmda – 12 – 13 ming so‘m;
• Jizzaxda — 10 – 14 ming so‘m;
• Navoiyda — 9 – 14 ming so‘m.
“Ikki kun oldin bir qop shakarni ishxonaga 430 mingga, ya’ni bir kilosini 8 300 so‘mdan olgandim. Bugun yana borsam, bir qopini 700 ming so‘m dedi. Olmasdan qaytdim”, deydi boshqa bir fuqaro.
Shu bilan Toshkentdagi ayrim do‘konlarda bir odamga ma’lum bir miqdorda shakar sotish holatlari ham kuzatilmoqda.
Avvalroq, Rossiya Federatsiyasi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlarga bug‘doy va uchinchi davlatlarga shakar sotishni taqiqlab qo‘ygani xabar qilingandi. Buning ortidan O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi bu holat mamlakatda mazkur mahsulotlar taqchilligini yuzaga keltirmasligi haqida bayonot bergan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston bozorlarida shu paytga qadar shakar 8 mingdan 10 500 so‘mgacha sotilayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Davlat statistika qo‘mitasi ham 10 mart holatiga ko‘ra, bergan hisobotida shakar narxining qimmatlashganini aytgan edi.
O‘zbekiston 2021 yilning dastlabki 11 oyida 12 ta xorijiy davlatdan 23,2 ming tonna shakar import qilgan. Xususan:
• Rossiyadan – 5,3 ming tonna;
• Ozarbayjondan – 4,6 ming tonna;
• Polshadan – 3,7 ming tonna;
• Ukrainadan – 3,4 ming tonna;
• Qozog‘istondan – 1,5 ming tonna shakar olib kelingan.
LiveBarchasi