Qirg‘izistondagi maktab va bog‘chalarda shakar iste’mol qilish me’yori kamaytirildi

Olam

image

Qirg‘iziston Ta’lim va fan vazirligi bolalarning shakarni ortiqcha iste’mol qilishini kamaytirish choralarini ko‘rmoqda. Bu haqda Jogorku Kenesh deputati Doston Bekeshev ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, maktab va bog‘chalarda shakarning kunlik iste’moli 50 grammdan 30 grammgacha kamaytirildi. Maktab oshxonalarida choy o‘rniga mahalliy quritilgan mevalardan shakar qo‘shilmagan kompot beriladi.

Xalq deputati shakarni ortiqcha iste’mol qilishni kamaytirish maqsadida maktab o‘quvchilari va ularning ota-onalarini to‘g‘ri ovqatlanishga o‘rgatuvchi “Yosh bog‘bon” uslubiy qo‘llanma ishlab chiqilganini qo‘shimcha qildi.

Vazirlik mamlakat maktablarida boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun “Sog‘lom turmush tarzi asoslari” dasturi joriy etilganini xabar qildi. Unga ko‘ra, ta’lim muassasalari uchun oshpazlar tayyorlash bo‘yicha onlayn kurs ham ochilgan.

Avvalroq Doston Bekeshev, ayniqsa, ta’lim muassasalarida shakarga qarshi keng ko‘lamli kampaniya o‘tkazish tashabbusi bilan hukumat organlariga murojaat qilish niyatida ekanini ma’lum qilgan edi.

Xalq vakilining ta’kidlashicha, shakar iste’molini kamaytirish nafaqat millat salomatligi, balki iqtisodiyotga qo‘shilayotgan hissadir.

“Hozirda ortiqcha shirinlik tufayli kelib chiqqan kasalliklarni davolashga sarflanayotgan mablag‘lar boshqa muhim ehtiyojlar uchun ham ishlatilishi mumkin. Zero, har birimizning salomatligimiz ham shaxsiy farovonligimiz, ham davlat barqarorligining garovidir”, degan u.

U, shuningdek, shakar insoniyat minglab yillar davomida usiz yashab kelinayotgan mahsulot ekanini, shirinlik sifatida faqat mevalar bilan qanoatlanish ham mumkinligini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

maktab bog'cha Qirg'iziston shakar Doston Bekeshev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing