Qozog‘istonda shakar eksportiga taqiq qo‘yildi
Olam
−
14 iyun
3212Qozog‘istonda shakar eksportiga vaqtinchalik taqiq joriy etildi. Bu haqda davlat qishloq xo‘jaligi vaziri Aydarbek Saparov buyrug‘iga tayanib “Tengrinews” nashri xabar berdi.
“Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi vazirining 2024 yil 11 iyundagi “Qand eksportining ayrim masalalari to‘g‘risida”gi 196-son buyrug‘i bilan 2024 yil 31 avgustgacha shakarni mamlakat hududidan, jumladan, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlarga ham olib chiqish vaqtinchalik taqiqlandi”, deyiladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabarida.
Nashrga ko‘ra, buyruq 2024 yil 14 iyundan kuchga kirgan. Shakar eksportiga nisbatan vaqtinchalik cheklov choralarini belgilash to‘g‘risidagi qaror tashqi savdo siyosati va xalqaro iqtisodiy tashkilotlarda ishtirok etish bo‘yicha idoralararo komissiya tomonidan 2024 yil 6 mayda qabul qilingan.
Qayd etilishicha, taqiq shakarning Qozog‘iston hududi orqali xalqaro tranzitiga, shuningdek, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bir davlat hududidan YeOII a’zo boshqa davlat hududiga Qozog‘iston Respublikasi hududi orqali olib o‘tilishiga taalluqli emas.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, yozda Qozog‘istonning ichki bozorida shakar iste’moli ham aholi, ham sanoat iste’molchilari tomonidan oshadi. Shu tufayli bozorni ta’minlash va shakarning reeksportiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shakar eksportiga vaqtinchalik taqiq joriy etilgan.
“Ayni paytda Qozog‘istonda mavjud shakar zaxirasi qand lavlagining yangi hosili kelguniga qadar talabni qondirish uchun yetarli. Mahalliy zavodlar shakar ishlab chiqarish uchun uchinchi mamlakatlardan shakarqamish olib keladi. Vazirlik sanoatda qayta ishlash uchun shakar xomashyosini bojsiz olib kirish uchun arizalarni qabul qilishni davom ettirmoqda”, deydi Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirligi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, O‘zbekistonda joriy yilning 16 aprelidan mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan birja savdolariga qo‘yiladigan shakar mahsulotining kunlik hajmi 20 foizga (2 100 tonnadan – 2 500 tonnaga) oshirilib, boshlang‘ich narxi 6 foizga (13 600 so‘mdan – 12 860 so‘mga) pasaytirildi.
Shakar mahsulotining birja savdolaridagi narxi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4 foizga pasaygan bo‘lsa, bozorlardagi chakana narx o‘zgarishsiz qolgan.
“Narxlarni barqaror saqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilgan bo‘lib, narxlar keskin o‘sishi bo‘yicha xavotirga o‘rin yo‘q. Shu sababli internet tarmoqlarida tarqatilayotgan to‘liq o‘rganilmagan xabarlarga asosan xavotirga tushmasligingizni so‘rab qolamiz”, deydi O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi maslahatchisi Otabek Usmonov.
LiveBarchasi