Chechenistonda YPX xodimini o‘ldirgan o‘smirning jasadi ommaga namoyish qilindi (video)
Olam
−
10 aprel
23135Rossiyaning Checheniston Respublikasi Achxoy-Martan shahrida YPX xodimlariga pichoq bilan hujum qilgan va oqibatda o‘ldirilgan 17 yoshli o‘smirning jasadi mahalliy hokimiyat binosi oldidagi maydonga tashlandi. Rasmiylar mahalliy aholini ushbu maydonga yig‘ib, ularni jasadni tomosha qilishga majbur qilgan. Bu haqda “The Moscow Times” xabar berdi.
Niyso Chechen muxolif harakati Telegram-kanalida e’lon qilgan videoda ayol kishining yig‘isi eshitiladi. Norozilik yig‘inidan keyin jasad ko‘chada qolgan.
Niyso vakili “Vajnim istoriyam” nashriga bergan izohida rasmiylar YPX xodimlariga hujumni mazkur harakat faollari tashkil etgan deb da’vo qilganini, ushbu hujum ortida esa ukrain maxsus xizmatlarini ko‘rayotganini bildirgan.
“Ular bizning axborot ishimizni to‘xtatish maqsadida odamlar bizni la’natlashlari uchun hissiyotlar ustida o‘ynashga harakat qilishmoqda”, deydi harakat vakili.
Hodisa ortidan Checheniston rahbari Ramzan Qodirov o‘ldirilgan o‘smirning qarindoshlarini mintaqadan haydab chiqarishni talab qilgan.
“Ichki ishlar vazirligi va Rosgvardiya FXX bilan birgalikda bu ish ortida turganlarning otalari va aka-ukalarini respublika hududidan chiqarib yuborishi kerak. Ularning mol-mulklarini musodara qilish lozim”, degan u kuch tuzilmalari rahbarlari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda.
Qodirov, shuningdek, voqeani boshqarayotgan shaxslar Turkiyada, yana biri esa Ukrainada ekanini aytgan.
“Ularning har biridan qattiq javob talab qilinadi. Huquq-tartibot idoralariga aniq vazifa qo‘yilgan: har bir aybdorni qonun doirasida jazolash”, dedi u.
Niyso’ning ma’lumotiga ko‘ra, 9 aprelga o‘tar kechasi chechen xavfsizlik kuchlari o‘ldirilgan yigitning qarindoshlarini, jumladan o‘smirlar va amakivachchalarni ham noqonuniy ravishda ushlab ketgan.
Hujum 7 aprel kuni kechqurun Achxoy-Martan qishlog‘ida YPX postida sodir bo‘lgan. Ikki nafar YPX xodimi jarohatlangan, ulardan biri shifoxonada vafot etgan. Hujum qilgan shaxs – 17 yoshli Eskerxon Xumashev ekani ma’lum bo‘lgan.
“Grozniy” telekanali orqali halok bo‘lgan politsiyachi yaqinlarining chiqishi namoyish etilib, ular hujumchining qarindoshlari endilikda mintaqada yashamasligi kerakligini aytgan. Mazkur holat yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining 317-moddasi (Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi hayotiga suiqasd) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
LiveBarchasi