Ronaldu kino sohasiga qadam tashladi
Sport
−
10 aprel
19246Dunyoning eng mashhur sportchisi va Gollivud kinematografiyasi o‘rtasidagi yangi ittifoq tuzildi – futbol afsonasi Krishtianu Ronaldu va britaniyalik mashhur rejissyor Mettyu Von birgalikda mustaqil kino studiyasi UR•Marv’ni ishga tushirganini e’lon qildi. Krishtianu Ronaldu bu haqda o‘zining X sahifasida ma’lum qildi.
Bildirilishicha, mazkur qo‘shma loyiha an’anaviy kino ishlab chiqarish modelini yangilashni maqsad qilgan. Unda innovatsion texnologiyalar va zamonaviy yondashuvlar klassik uslub bilan uyg‘unlashtiriladi. UR•Marv doirasida hozirgacha ikkita ekshn janrida film suratga olingan, uchinchisi esa ishlab chiqilmoqda. Ularning barchasi bir syujet liniyasiga birlashgan. Birinchi film tafsilotlari tez orada e’lon qilinishi kutilmoqda.
“Men uchun bu yangi va hayajonli bosqich. Futboldan tashqari biznesda ham katta maqsadlarim bor”, deya munosabat bildirgan Ronaldu.
Mettyu Von ham mazkur loyiha haqida bayonot bergan.
“Krishtianu maydonda shunaqangi hikoyalarni yaratgan-ki, men bunday ssenariyni yozishga jur’at qilolmagan bo‘lardim. U haqiqiy superqahramon. U bilan birga ilhomlantiruvchi filmlar yaratishdan mamnunman”, degan u.
Ma’lumot uchun, Von – uslubiy jihatdan o‘ziga xos, dinamik harakatlarga boy filmlari bilan tanilgan rejissyor. U “Layer Cake” (“Qatlam tort)” (2004), “Kick-Ass” (Kik-Ass) (2010), “X-Men: First Class” (“G‘aroyib odamlar 1) (2011) va albatta “Kingsman” (“Kingsmen: Maxviy xizmat”) (2014) kabi loyihalari orqali o‘z uslubini shakllantirgan. Uning “Marv” kompaniyasi hozirda “Kingsman” franshizasining yana ikkita filmi ustida ishlamoqda. 2024 yilda u “Argylle” (“Argayl”) nomli josuslik trillerini suratga olgan, unda Genri Kevill va Brays Dallas Xovard bosh rollarni ijro etgan.
Ronaldu esa sport maydonidan tashqarida ham o‘z brendini kengaytirib bormoqda. 2023 yil oktyabrida u Portugaliyaning yirik media xoldingi – Medialivre’ga (ilgari Cofina Media) asosiy investor sifatida qo‘shilgan. Kompaniya “Correio da Manhã” va “Record” kabi mashhur nashrlarga egalik qiladi. 2024 yil avgustida Ronaldu “UR Cristiano” nomli YouTube kanalini ochdi. Unda u shaxsiy hayoti, kundalik faoliyati va turli lavhalar ulashadi. Bu qadamlar uning ko‘ngilochar sanoatdagi uzoq muddatli strategiyasining bir qismi deb qaralmoqda.
LiveBarchasi