Qozog‘iston Prezidenti shoshilinch yig‘ilish o‘tkazdi
Olam
−
09 aprel
29108Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev xalqaro bozordagi vaziyat o‘zgarishi munosabati bilan shoshilinch yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmatiga tayanib, “Nur.kz” xabar berdi.
Qayd etilishicha, To‘qayev mamlakat Bosh vaziri Oljas Bektenov, Milliy bank raisi Temur Sulaymonov va boshqa mas’ul shaxslar bilan xalqaro bozorlarda energiya resurslari hamda asosiy xomashyo narxlarining tarif mojarolari tufayli keskin pasayib ketganiga bog‘liq iqtisodiy vaziyat yuzasidan uchrashuv o‘tkazgan.
Davlat rahbari moliyaviy-iqtisodiy inqiroz sharoitida iqtisodiy o‘sish sur’atlari va investitsiyalar hajmining kamayishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida hukumat va mahalliy ijro hokimiyatlari harakatlar rejasini imkon qadar tez muddatda yakunlashni topshirgan.
“Prezident og‘ir tashqi shart-sharoitlarga qaramay, mamlakat iqtisodiy taraqqiyoti bo‘yicha ilgari e’lon qilingan ustuvor yo‘nalishlar – yirik infratuzilma loyihalari, raqamlashtirish va sun’iy intellektni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish hamda transport-logistika sohasini rivojlantirish qat’iy amalga oshirilishini alohida ta’kidladi”, deyiladi xabarda.
Kutilishicha, kelasi hafta davlat rahbari ushbu masalaga bag‘ishlangan maxsus yig‘ilish o‘tkazadi.
Eslatib o‘tamiz, 2 aprel oqshomida Oq uy bog‘ida chiqish qilgan Tramp AQSHga import qilinadigan mahsulotlarning aksariga 10 foizlik tariflar, Xitoy uchun esa qo‘shimcha 34 foizlik, Yevropa Ittifoqi uchun esa 20 foizlik bojlar joriy etilishini e’lon qildi. Oqibatda AQSHning import bo‘yicha o‘rtacha boj stavkasi 2024 yildagi 2,5 foizdan 22 foizga oshdi – bu ko‘rsatkich oxirgi marta 1910 yillar atrofida kuzatilgan. Markaziy Osiyoda ushbu bojlarning eng yuqorisi Qozog‘istonga to‘g‘ri keldi – 27 foiz. Qolgan Markaziy Osiyo davlatlariga esa 10 foizlik boj stavkalari joriy etildi.
LiveBarchasi