“O‘zlaringni bilib o‘tiringlar”. Yulduz Usmonova yana tarmoqda kun tartibiga chiqdi (video)
Madaniyat-san’at
−
14 mart 2022
159327Ma’lumki, 10 martdan buyon Toshkentdagi “Xalqlar do‘stligi” saroyida O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning navbatdagi bir necha kunlik konsert dasturi bo‘lib o‘tmoqda. Ayni vaqtda xonanda yana ijtimoiy tarmoqda muhokama maydonining asosiy ob’ektiga aylandi. Bu ham bo‘lsa uning konsertga tashrif buyurgan tomoshabinlarga nisbatan qilgan munosabati sabab.
Gap shundaki, texnik nosozlik sabab “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyi sahnasining pardasi oxirigacha ochilmay qolgan va bu tomoshabinlarga noqulaylik tug‘dirgan va tomoshabinlar e’tiroz bildira boshlagan. Usmonova esa ularga qo‘pol munosabatda bo‘lgani aytilmoqda. Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videoda xonanda tomoshabinlarga quyidagi gaplarni aytib, baqira ketgan:
“Qilayotgan [to‘layotgan] pulingizga 10 baravarini olyapsiz. Ayollar iltimos qilaman, bunaqa bo‘ladigan bo‘lsa, hozir mana shu yerda to‘rttani aytib, berkitaman, ketaveraman. O‘zlaringni bilib o‘tiringlar, uzoq-yaqindan kelganlar. Boshqa konsertda qilasan unaqa narsalaringni. Jim o‘tiramiz! Chiroqni ber (texnik xodimlarga qarab – tahr.) hamma baqirayotganlarning basharasini ko‘ray. Ber chiroqni zalga! Qani, zalni yoq! O‘zlaringni bilib o‘tiringlar. Boshqa joyda qilasizlar... Qani endi turib gapiring, kim edi baqirayotgan, chiqing buyoqqa. Ko‘rsata olasizmi yuzingizni? Buyoqqa keling siz, baqirayotgan. Turib keling-chi buyoqqa. Nima deyapsiz?”, deydi Usmonova zalda o‘tirganlardan biriga.
U yana so‘zida davom etib, ijodiy jamoasi, sahna ortidagi mas’ullarda o‘dag‘aylaydi va turmush o‘rtog‘i (Mansur Agaliyev)ning nomini tilga oladi.
“Parda bo‘layotgan bo‘lsa, mana bu saroyga qarayotgan Mansurjon boshchiligida... Juda gumbura-qasr qilib, ko‘tar pardangni. Nima qilasan yarmiga osib qo‘yib? Parda bo‘lsa menda emas-ku ayb. Halaqit qilyapsizlar konsertni davom ettirishga. Ashula aytaymi, zalga baqiraymi, gapiraymi? Kuniga ikkitadan seans bo‘lyapti. Konsert dedinglar, qo‘shimcha beryapmiz. Pol lantani ham mendan talab qilasanmi endi?”, deydi Yulduz Usmonova.
U yana sahna ortidagilarga murojaat qilib, texnik xodimlardan pardani qayta tushirib ko‘tarishlarini so‘raydi.
“Xalqlar do‘stligi” saroyi O‘zbekistondagi eng yirik konsert zali hisoblanadi. Biroq tomoshabinlar ham, xonandalar ham doimiy ravishda saroydagi sharoitdan norozi bo‘lib kelishiga qaramasdan, saroyda katta o‘zgarishlar qilinmagan.
LiveBarchasi