Iste’molchilar huquqlari bo‘yicha federatsiya Yulduz Usmonovaning konserti yuzasidan sharmandali bayonot berdi
Madaniyat-san’at
−
16 mart 2022
122336O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyidagi konsert dasturida tomoshabinlarga qo‘pol muomala qilgani bo‘yicha o‘rganish boshladi. Bu haqda Federatsiya Matbuot xizmati QALAMPIR.UZ’ga xabar berdi.
Federatsiyadan eslatilishicha, iste’molchi mahsulot xarid etgandagina emas, balki ma’naviy ozuqa olish, san’at asarlaridan foydalanish jarayonida ham iste’molchiga aylanadi.
“Ushbu holat yuzasidan “O‘zbekkonsert” DM bilan hamkorlikda o‘rganish ishlarini olib bormoqdamiz. Bizga ma’lum bo‘lishicha, 12 mart kuni bo‘lib o‘tgan konsertda yuz bergan ushbu voqea asosida tarqalgan videolar aytilgan fikrlardan bir qismini kesib olishgan, ya’ni konteksdan kesib olingan. Biroq qanday holat yuz bermasin, san’atkor o‘z nomiga, kasb odobiga rioya etishi lozim. Biz o‘rganish ishlari yakuniga yetgach, o‘z yakuniy xulosamizni bildiramiz”, deyiladi Federatsiyaning mujmal va tushunarsiz bayonotida.
Federatsiyaning bayonoti bir qancha savollarni keltirib chiqaradi:
Birinchidan, Federatsiya nima asosida o‘rganish o‘tkazayotganiga aniqlik kiritmagan.
Ikkinchidan, san’atkor kasb odobiga rioya qilishi kerakligi haqida ham so‘z borgan-u lekin qonunchilikda san’atkor kasb odobi haqida alohida normalar belgilanmagani unutilgan.
Federatsiya o‘z bayonoti so‘ngida shunday nasihat qiladi:
“O‘zbek xalqi san’atga shinavanda xalq, san’atkorlarni e’zozlaydigan xalq. Biroq xalqning mehrini suiste’mol qilish noto‘g‘ri. Zero san’atkorni san’atkor etguvchi xalqdir!”
LiveBarchasi